Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Nashrning xabar berishicha, Kanada Xitoy bilan erkin savdo kelishuviga erishmoqchi emas. Bu haqda Bosh vazir Mark Karni 25-yanvar kuni jurnalistlarga ma'lum qildi.
Uning ta'kidlashicha, bunday hujjat Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida AQSh, Meksika va Kanada tomonidan imzolangan Shimoliy Amerikada erkin savdo bitimiga (USMCA) zid keladi.
Karnining so'zlariga ko'ra, Xitoy bilan erishilgan kelishuvlar ikki davlat o'rtasidagi savdoda mavjud bo'lgan muammoli masalalargagina taalluqli bo'lib, u Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar, qishloq xo'jaligi mahsulotlari va baliq mahsulotlarini misol qilib keltirdi.
“Biz so'nggi bir necha yil ichida Xitoy bilan yuzaga kelgan ba'zi muammolarni hal qildik”, dedi Karni.
U shuningdek, Kanada USMCA bo'yicha “o'z majburiyatlarini hurmat qilishini” ta'kidladi.
Kecha AQSh Prezidenti Donald Tramp agar Ottava Xitoy bilan savdo shartnomasini tuzsa, Kanada mahsulotlariga 100 foiz tariflar joriy etishini e'lon qildi, deb xabar berdi nur.kz.
Avvalroq Tramp Kanada bosh vazirini Tinchlik kengashiga taklif qilishni bekor qilgani haqida xabar berilgan edi. Karnining Davos forumidagi nutqi buning sababi sifatida ko'rsatilmoqda. Unda Kanada Bosh vaziri buyuk davlatlarning belgilangan qoidalarga rioya qilishdan bosh tortgani oqibatida “jahon tartibi izdan chiqqani”ni ta'kidlagan. Taxmin qilinishicha, Karni bu so'zlari bilan Tramp siyosatini nazarda tutgan.