2021 yil 3 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. Unda deputatlar O'zbekiston Respublikasi kapital bozorini rivojlantirish bo'yicha Hukumat tomonidan belgilangan ustuvor yo'nalishlarni amalga oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar to'g'risidagi quyi palataning parlament so'roviga Bosh vazir o'rinbosari Jamshid Qo'chqorovning javobini atroflicha ko'rib chiqdilar. Bu haqda Oliy Majlisning axborot xizmati xabar berdi.
Parlament so'roviga javobda qayd etilishicha, 2021 yil 1 yanvar holatiga jami 599 ta aktsiyadorlik jamiyatlarining nominal qiymat bo'yicha umumiy miqdori 149,5 trln. so'mga teng aktsiyalari chiqarilgan. Ushbu aktsiyadorlik jamiyatlaridan 254 tasida 127,6 trln. so'mlik davlat ulushi mavjud.
Bugungi kunda investorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida aktsiyadorlik jamiyatlariga nisbatan bajarilishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar, sudlarga da'vo arizalari hamda vakolatli davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli ta'sir choralari ko'rilmokda. Misol uchun, 2020 yil yakuni bo'yicha aniqlangan qonun buzilishlari yuzasidan investorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida aktsiyadorlik jamiyatlariga 201 ta ko'rsatmalar berilgan, sudga 144 ta da'vo arizasi kiritilgan va xuquqni muhofaza qiluvchi organlarga 66 ta hujjat yuborilgan. Investorlardan kelib tushgan murojaatlarni o'rganish natijalariga ko'ra, 20.3 mlrd. so'm dividend ko'rinishidagi pul mablag'lari undirib berilishi ta'minlangan.
Qimmatli qog'ozlar bozoridagi professional ishtirokchilar faoliyatini takomillashtirish maqsadida o'tgan yilda Investitsion va moliyaviy tahlilchilar hamjamiyati tuzilganini amaliy ishlardan biri, deyish mumkin. Chunki ushbu tuzilma investitsiyalar va moliyaviy tahlil sohasidagi mutaxassislar o'rtasida tajriba almashish hamda soha regulyatori bilan takliflar almashinuvini ta'minlashda muhim o'rin tutadi.
Shu bilan birga, joriy yil boshida mahalliy va tashqi bozorlarda katta tajribaga ega investitsiya vositachilari va qimmatli qog'ozlar bozori mutaxassislari tomonidan Investitsiya institutlari milliy assotsiatsiyasi (IIMA) qayta tashkil etilgan. Bundan asosiy maqsad, kelajakda o'z a'zolarining manfaatlarini ifoda etuvchi kapital bozori professional ishtirokchilarining o'zini o'zi boshqaruvchi nodavlat birlashmasini tashkil etish sanaladi.
Bundan tashqari, O'zbekiston rezidentlari va norezidentlari tomonidan barcha turdagi qimmatli qog'ozlar, jumladan, xorijiy emitentlar aktsiyalarini sotib olishdagi to'siqlarni bartaraf etish maqsadida ushbu xizmatning investitsiya vositachilari tomonidan ko'rsatilishini nazarda tutuvchi tartib ishlab chiqilmoqda.
Kapital bozori faoliyatini rivojlantirishda xorijiy anderrayterlar ishtiroki va ularning mahalliy bozordagi raqobat muhitiga ijobiy ta'sirini kengaytirish bo'yicha ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ta'kidlanganidek, xorijiy bank-anderrayterlar emitentlarga xalqaro obligatsiyalarni muvafaqqiyatli chiqarilishiga yordam berishi bilan birga, ularni salohiyatli xalqaro investorlarga tanitadi va tijorat aloqalarinn o'rnatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu, o'z navbatida, kelajakda ichki kapital bozorida xorijiy investorlar uchun mahalliy obligatsiyalarni sotib olish imkoniyati yaratilganda ularni ichki bozorga keng jalb qilinishiga zamin yaratadi. Natijada ichki kapital bozorida ko'shimcha moliyaviy resurslar paydo bo'ladi, mahalliy obligatsiyalarga bo'lgan talab oshadi va raqobat muhiti shakllanadi.
Mahalliy bank va korxonalarning jahon moliya bozorlariga mustaqil chiqishi ham e'tiborga molik jihatlardandir. Bu moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarga muvofiq bo'lishi, shaffoflik va hisobdorlikning oshishi, xalqaro investorlar bilan ishlash tajribasining ortishi, ularning davlat kafolatisiz o'z xatarlarini ilg'or xalqaro amaliyot asosida boshqarishini taqozo etadi hamda tashqi moliyalashtirish manbalarining diversifikatsiya qilishga asos bo'ladi.
Qolaversa, suveren xalqaro obligatsiyalarining ilk bora milliy valyutada muvaffaqiyatli joylashtirilishi so'mning xalqaro moliya bozorlarida o'z qiymatiga ega bo'lishiga, norezidentlarning milliy kapital bozorimiz to'g'risida kengroq ma'lumotga ega bo'lishiga hamda davlat qimmatli qog'ozlarini norezidentlar o'rtasida joylashtirish uchun “benchmark” yaratilishiga zamin yaratmoqda.
Parlament so'roviga javobda qimmatli qog'ozlarning likvidli ikkilamchi bozorining shakllanmaganligi sabablariga ham to'xtalib o'tildi. Qayd etilishicha, ulardan biri — iqtisodiyotda yirik korxonalardagi davlat ulushi yuqori va xususiy sektordagi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning qimmatli qog'ozlar bozorida mablag' jalb qilishga bo'lgan qiziqishining pastligidadir. Ushbu muammolarni hal qilish maqsadida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, kapital bozori ishtirokchilari va ularning huquq va majburiyatlarini hozirgi zamon talablaridan kelib chiqqan holda qayta ko'rib chiqish, mahalliy kapital bozori va davlat obligatsiyalarining likvidli ikkilamchi bozorini rivojlantirishning qonuniy asoslarini takomillashtirish hamda davlat qimmatli qog'ozlari bozorini rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Ta'kidlab o'tilganidek, Moliya vazirligi tomonidan o'tgan ikki yil davomida davlat qimmatli qog'ozlar (DQQ) bozorini rivojlantirish bo'yicha bir qator amaliy choralar ko'rilgan. Natijada joylashtirilgan DQQlar xajmining qariyb 10 barobar oshishiga erishilgan. SHu bilan birga, mamlakatimiz tarixida ilk bor suveren xalqaro obligatsiyalar xalqaro moliya bozorlarida milliy valyutada joylashtirilgan. emissiya jarayonida buyurtmalar kitobining sum transh uchun emissiya hajmiga nisbatan 2,5 barobar (ya'ni 5 trln. so'm) ko'proq talab bilan yopilishi xalqaro investorlar tomonidan milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalarga bo'lgan qiziqish va milliy valyuta barqarorligiga ishonch ortib borayotganini ko'rsatmoqda.
Shu bilan birga, Moliya vazirligi tomonidan DQQ bozori qatnashchilarining asosiy qarzi va foiz to'lovlari o'rnatilgan tartibda o'z vaqtida to'lanmoqda. Jumladan, 2019 — 2020 yillarda DQQ bo'yicha 3217,1 mlrd. so'mga teng asosiy qarz so'ndirilgan va 547,1 mlrd. so'mlik foiz to'lovlari o'z vaqtida kechiktirilmasdan to'lab berilgan.
Shuningdek, 2021 yilda Davlat byudjeti taqchilligini qoplash maqsadida 5,0 trln. so'm mikdoridagi DQQ chiqarilishi ko'zda tutilgan.
Ayni paytda Osiyo taraqqiyot banki ko'magi bilan Kapital bozorini rivojlantirishning 2021 — 2025 yillarga mo'ljallangan strategiyasining dastlabki loyihasi ishlab chiqilgan bo'lib, ushbu loyihani vazirlik va idoralar xulosalari, takliflari asosida ichki kapital bozorini rivojlantirishni nazarda tutgan holda takomillashtirish choralari ko'rilmoqda.