Bu yerda ish ikki smenada tashkil etilgan boʻlib, ayni paytda korxonada karantin qoidalariga amal qilingan holda 200 nafar ishchining bandligi taʼminlangan.
Jamoa aʼzolarining ish jarayonida ijtimoiy masofa saqlab mehnat qilishlari mutaxassislar tomonidan toʻliq nazoratga olingan. Shuningdek, ijtimoiy muhofaza sifatida ishchilarga 3 mahal issiq ovqat ham beriladi.
Jamiyat ish boshqaruvchisi Rahmatulla Ubaydullayevning taʼkidlashicha, korxonaga Xitoydan olib kelingan zamonaviy uskunalar yordamida ishlab chiqarilayotgan qop mahsulotlaridan bir necha tarmoqlarda foydalaniladi. Ular eksport oʻrnini bosuvchi boʻlib, mahalliy bozorlarda allaqachon oʻz oʻrnini topgan. Ayni kunlarda korxonada mahsulot turlarini koʻpaytirish borasida olib borilgan izlanishlar oʻz samarasini berdi. Yaqinda sintefon mahsuloti va kiyim-kechaklar tayyorlash yoʻlga qoʻyilyapti.
Hozir mamlakatimizda kuchaytirilgan karantin sharoiti boʻlishiga qaramasdan mavjud ish oʻrinlarini yoʻqotmasdan, iqtisodiyotini mustahkamlab borayotgan korxonalar koʻp. Bu davlatimiz rahbarining tegishli koʻrsatmalari asosida hududlarni kompleks rivojlantirish maqsadida joylardagi ishlab chiqarish korxonalariga iqtisodiy erkinliklar berilayotganligi, karantin sababli toʻxtab qolganlari faoliyatini bosqichma-bosqich tiklash boʻyicha mutasaddilarga bergan topshiriqlari samarasidir.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, korxonalarning toʻliq quvvatda faoliyat koʻrsatishi aholini sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash bilan birga, ishsiz fuqarolarning doimiy bandligini taʼminlashga ham xizmat qiladi.