Xabar berganimizdek, shu kunlarda Turkiyaning Istanbul shahrida karate boʻyicha nufuzli “Istanbul Premier League” xalqaro turniri boʻlib oʻtmoqda. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari ham ishtirok etishyapti.
Quvonarlisi, kecha boʻlib oʻtgan saralash bahslaridan soʻng terma jamoamizning ikki nafar vakili medallar uchun kurashadigan boʻlishdi. Jumladan, dunyoning 60ta davlati vakillari ishtirok etayotgan musobaqada hamyurtimiz, -75 kg vazn toifasida tatamiga tushgan Doston Otabolayev finalga yoʻllanma oldi. U oltin medal uchun kechadigan jangda italiyalik Luiji Busaga qarshi tatamiga tushadi.
Yana bir vakilimiz, -60 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Sadriddin Saymatov esa bronza medali uchun jang qiladi. Medallar uchun kechadigan janglar 14-mart sanasiga belgilangan.
“Istanbul Premier League” xalqaro turniri finalchisi Dostonbek Otabolayev oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi:
“Ushbu yutuqlarimiz zamirida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining xizmatlari juda katta. Uch oy mobaynida olib borilgan mashgʻulotlar oʻz mahsulini berdi. Men bu muvaffaqiyatim uchun barcha ustozlarimga, xususan yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevga sportga qaratayotgan yuksak eʼtiborlari uchun minnatdorlik bildiraman va albatta yurtimiz bayrogʻini yuqori koʻtarishga harakat qilaman”.
Biz ertaga boʻladigan janglarda hamyurtlarimiz Sadriddin Saymatov hamda Doston Otabolayevga omad tilaymiz.