“Kari” xalqaro kompaniyasining zavodi endi Oʻzbekistonda ham ochiladi

    Investitsiyalar 25 Mart 2021 422

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda xalqaro miqyosda taniqli “Kari” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va birinchi bosqichda respublikada “Kari” brendi bilan poyabzal ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerak, “Kari” xalqaro kompaniyasi 2012-yilda tashkil etilgan. Rossiyaning poyabzal savdosi bilan shugʻullanuvchi beshta yirik savdo tarmoqlaridan biri sanaladi. 2020-yil yakuni bilan Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozogʻiston, Polsha va boshqa mamlakatlarning 300 dan ortiq shaharlarida 1 300 dan ziyod savdo doʻkonlari ishlab turibdi. Shu bois, mazkur kompaniya “ID Retailer” reytingida eng samarali savdo tarmogʻi sifatida eng yuqori kompaniya sifatida, Rossiyada esa eng oldingi savdo tarmogʻi sanaladi. Shuningdek, uchta davlatda “Franchayzing” asosida ham faoliyat koʻrsatadi. Aynan 1 000 dan ortiq savdo doʻkonlarining oʻzida yiliga xaridorlarga 25 million juftdan ortiq poyabzal sotiladi.

    Uchrashuvda “Kari” kompaniyasi vakillari mazkur brend ostida poyabzallarni ishlab chiqaruvchi yangi zavodni Oʻzbekistonda ochishni rejalashtirilayotganini qayd etdi. Mamlakatimizdagi qulay biznes muhiti hamda xorijiy sarmoyadorlarga davlat tomonidan koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak natijasida bir yil mobaynida zavodni ishga tushirish maqsad qilingani taʼkidlandi.

    Oʻzbekistonda ochiladigan zavodda birinchi bosqichda 10 million juft poyabzal ishlab chiqarilishi va yuz foiz eksportga yoʻnaltirilishi rejalashtirilyapti. Korxona toʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobiga bunyod etiladi. Natijada 1 000 dan ortiq ish oʻrinlari yaratilishi kutilyapti. Zavodni ishga tushirish jarayonlari bilan bir paytda, parallel ravishda mahalliy mutaxassislarni oʻqitish ham yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, mahoratli dizayner va ustalar jalb etiladi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

    Xalqaro kompaniya vakillari zavodda nafaqat tabiiy charmdan, balki, sifatli sunʼiy charmdan “klassik” va “sport” turkumidagi poyabzallarini ishlab chiqarishni maqsad ham qilgan. Zavodga eng zamonaviy uskunalar va texnologiyalar olib kelinadi.

    Shuningdek, muloqotda hamkorlikning kelgusi istiqbollariga oid tashkiliy va amaliy jihatlar ham batafsil muhokama qilindi.