Bu haqda “Respublikada kartoshka yetishtirishni koʻpaytirish va urugʻchiligini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (269-son, 08.09.2025-y.) da belgilandi.
Qarorga koʻra, respublikada kartoshka yetishtirishni koʻpaytirish va urugʻchiligini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
- 2028-yildan har yili unuvchanlik darajasi 85% dan past boʻlmagan kamida 10 mln dona kartoshkaning mini-tuganaklarini yetkazib berish;
- 2030-yilga borib respublikada kartoshkaning oʻrtacha hosildorligini 16–17 tonnadan 25–30 tonnaga oshirish.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi har yili 1-dekabrgacha keyingi yilda yetishtiriladigan kartoshkaning “in-vitro” oʻsimliklari, mikro va mini-tuganaklarining hajmlari boʻyicha ilmiy muassasalar va tadbirkorlarga buyurtma beradi.
2026-yil 1-yanvardan Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan tijorat banklari orqali kartoshka yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun hosil qiymatining 50% igacha yillik 12% stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga sugʻurta polisi asosida kreditlar ajratiladi.