Bu haqda DXX maʼlum qildi.

Maʼlum qilinishicha, Termiz tumanida yashovchi, 2001-yilda tugʻilgan fuqaro boshqaruvidagi “MAN” rusumli yuk avtomashinasi Afgʻonistondan “Termiz-avtomobil yoʻli” xalqaro oʻtkazish punkti orqali kirib kelgan vaqtda tekshiruvdan oʻtkazilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari va bojxona organlari hamkorligida oʻtkazilgan koʻrik davomida avtomashina yukxonasida kartoshka mahsulotlari borligi aniqlangan.

Biroq sinchkov tekshiruv natijasida kartoshka koʻrinishida maxsus yashirilgan 222 dona boʻlakdan iborat, jami 72 kg 300 gramm “gashish” moddasi fosh etildi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, mazkur giyohvandlik vositalari Rossiya Federatsiyasiga olib chiqib ketilishi rejalashtirilgan boʻlgan.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Fuqarolardan shubhali holatlarga duch kelganda DXXning 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish soʻraldi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.