2023-yilning 28-iyun kuni soat 13:10larda nomaʼlum shaxs oʻzganing avtomashinasini olib qochish maqsadida, Chirchiq shahar Gulyayeva koʻchasida joylashgan “24/7” dorixonasi roʻparasida boʻla turib, “NEXIA-3» rusumli transport vositasini egasi, 53 yoshli O.U. eshiklarni ochiq xolda, kalitni oʻt oldirgichda qoldirib, doʻkonga kirib ketganligini koʻrib, oʻzining gʻarazli maqsadini amalga oshirib, avtomashinani nomaʼlum tomonga olib qochib ketgan.
Ushbu holatdan soʻng, nomaʼlum shaxs avtomashinani Chirchiq shahar A.Navoiy koʻchasida boshqarib kelayotib, 41 yoshli S.I.ning boshqaruvidagi “NEXIA-2» rusumli avtomashina orqa tomonidan urib, yoʻl-transport hodisasi sodir etgan va Chirchiq shahar IIB JQB xodimlari tomonidan ushlangan.
Nomaʼlum shaxsning shaxsiga aniqlik kiritilganda, u Toshkent viloyatida yashovchi 35 yoshli U.M. ekanligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan U.M.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi soʻroq qilinib, undan nima sababdan ushbu jinoyatga qoʻl oʻrganligini soʻralganida, u Chirchiq shahar Gulyayeva koʻchasida joylashgan shifoxonasida oyogʻini davolaganligini va uyga ketish istagini shifokorlarga maʼlum qilganligida, shifokorlar unga ruxsat bermaganligidan jahli chiqib, koʻchaga chiqib mazkur avtomashinani koʻrib uyiga yetib olish maqsadida olib qochganligini bayon etgan.
Hozirda gumon qilinuvchining koʻrgazmalari tekshirilib, uning ruhiy sogʻlomligi tekshirilmoqda.
Tergov davom etmoqda.
Hurmatli fuqarolar moddiy boyliklaringizga befarq boʻlmang, avtomashinani qulflanganligiga ishonch hosil qiling va kalitni oʻt oldirish joyida qoldirmang, deya ogohlikka daʼvat etadi, Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.