Kasb-hunar – farovon hayot kaliti

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 1-dekabr sonida jurnalist Suhrob Sherovning “Kasb-hunar – farovon hayot kaliti” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Bugun odamlarni ish bilan taʼminlash, biror faoliyat turiga jalb etishning eng samarali yoʻli ularni kasbhunarga oʻqitish ekani mamlakatimiz tajribasida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Oʻtgan qisqa vaqtda aholining ishsiz qatlami, xususan, yoshlarni kasb-hunar taʼlimiga jalb qilish, kelgusida oliy taʼlimni davom ettirishidan qatʼi nazar, hayotida asqatadigan biror hunarni oʻrgatish, egallagan kasbi boʻyicha boʻsh ish oʻrinlari yaratish davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu borada esa monomarkazlar faoliyati muhim ahamiyat kasb etyapti.

    Hozir monomarkazga kelganlarga, avvalo, bandlik masalalari boʻyicha maslahat xizmati koʻrsatiladi. Murojaatchi ish joyiga ega boʻlmasa, boʻsh ish oʻrinlari taklif etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar doimiy kvotali ish bilan taʼminlanishi mumkin. Kasbiy malaka talab etiladigan sohani tanlaganlar esa markazdagi qisqa muddatli oʻquv kurslariga jalb qilinadi. Odatda bunday kurslar 1 oydan 3 oygacha davom etadi.

    Har bir kurs uchun belgilangan oʻqitish muddati va mashgʻulot soati hajmi tegishli soha mutaxassislari, ish beruvchilar, “World Skills” hamjamiyati standarti, mehnat bozori talabi, taklif va ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Boshqa taʼlim tizimidan farqli oʻlaroq, mashgʻulotlar 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy tarzda olib boriladi. Bu ham samarali natijalarga erishishning bosh omili boʻlmoqda.

    Jumladan, Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida tinglovchilar 32 yoʻnalishdagi kasb-hunarga oʻqitiladi. Ayni kunda u yerda mingdan ziyod tinglovchi kasb-hunar oʻrganmoqda. Ishsiz va band boʻlmagan fuqarolar uchun qulayliklar yaratish maqsadida olis tumanlarda qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etilib, ushbu filiallarga 1300 nafardan ortiq yosh jalb etilgan.

    Tumanlardagi oʻquv kurslari fuqarolarning kelib ketishi bilan bogʻliq muammolarning oldini olish, ish beruvchilar talabidan kelib chiqqan holda ishchi tayyorlash, koʻproq amaliyot orqali tajribali ishchi kuchini tezkorlik bilan shakllantirish imkonini bermoqda. Shu kunga qadar monomarkazda 3265 nafar tinglovchi oʻqib, sertifikatga ega boʻldi. Shundan 2403 nafari xotin-qiz. 2644 nafar bitiruvchi ish bilan taʼminlandi, 350 nafari xususiy tadbirkorlik faoliyatini boshladi.

    Jahon banki hisobidan avtomobillarga xizmat koʻrsatishning 4 ta sohasi boʻyicha 273 turdagi jihozlar uchun 600 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratilgani ham monomarkaz faoliyati koʻlamini yanada kengaytirdi. Bundan tashqari, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Germaniya kabi davlatlar bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Jumladan, Xitoyning SRESS kompaniyasi bilan elektrik, payvandlovchi kabi 12 ta kasb boʻyicha bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashga kelishib olindi. Shuningdek, monomarkaz hamda Germaniyaning “NoVo Agency” tashkiloti oʻrtasida imzolangan hamkorlik kelishuviga asosan, GFRning tibbiyot muassasalarida ishlash istagida boʻlgan tinglovchilar uchun mashgʻulotlar tashkil etilmoqda.

    — Monomarkaz tinglovchilari xalqaro bellashuvlarda, jumladan, kasb-hunar ustalarining mahorati namoyish etiladigan, yangi iqtidor egalari kashf qilinadigan WorldSkills tanlovida ham munosib ishtirok etib kelmoqda. Xususan, WorldSkills tanlovining joriy yil sentyabr oyida Moskva shahrida boʻlib oʻtgan Yevroosiyo bosqichida monomarkaz tinglovchisi Albert Isxakov sartaroshlik sanʼati boʻyicha 3-oʻrinni egalladi. Bu ham markazimizdagi tizimli ishlar samarasidir, — deydi Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori Alixon Umarov.

    Prezidentimizning 2020-yil 11-avgustdagi “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy qilish, aholining ishchanligini oshirish, kambagʻal va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Buning natijasida doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilinayotgan xotin-qizlar safi kengayyapti.

    — Shu vaqtga qadar uyda ishsiz edim. Mahalla faollari koʻmagi bilan “Ishga marhamat” monomarkaziga hujjat topshirdim. Hozir tikuvchilikni oʻrganyapman. Biz uchun bu yerda barcha sharoit yaratilgan. Yaqin orada tegishli sertifikatni olib, oʻzim mus taqil ish boshlamoqchiman. Oʻrganganlarim tufayli kelgusida mohir tikuvchi boʻlib, oilamga yaxshigina daromad keltirishiga ishonaman, — deydi markaz tinglovchisi Qunduz Mahmudova.

    Kasb-hunarga oʻrgatish boʻyicha qilinayotgan ishlar harbiy qismlarda Vatan oldidagi burchini oʻtayotgan yoshlarni ham qamrab olmoqda. Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi hamda harbiy qism oʻrtasida shartnoma imzolanib, unga asosan, 250 dan ortiq harbiy xizmatchi va askar yetti yoʻnalish boʻyicha kasb-hunar oʻrganmoqda. Jumladan, harbiylar payvandchilik, avtoservis, kran mashinisti, elektrik, maishiy texnika tuzatish, veb dasturchilik, kompyuter savodxonligi, buxgalteriya, ingliz va rus tillari yoʻnalishlarida tahsil olyapti.

    Ixtisoslashtirilgan oʻquv xonalaridagi sharoit askarlarning taʼlim olishi uchun qulay hamda tezkorlik bilan zarur koʻnikmalarni oʻzlashtirishiga imkon bermoqda. Natijada askarlar yigitlik burchini oʻtab, oilalari bagʻriga hunarli boʻlib qaytmoqda. Hunarmandlik faoliyati bilan shugʻullanayotganlar, ayniqsa, yangidan faoliyat boshlagan hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, “Usta-shogird” maktablari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, shu asosda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish maqsadida Modarixon madrasasi Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi ixtiyoriga berildi.

    Ushbu tarixiy obida hunarmandlik markazi maqomini ham oldi. Bu yerda Buxoroning 20 ga yaqin qadimiy hunar turi bilan shugʻullanayotgan usta-hunarmandlarning sanʼat namunalari bilan tanishish mumkin. Har bir ustaga 10-15 nafar shogird biriktirilgan. Mazkur obidaga xorijlik va mahalliy sayyohlarni koʻproq jalb qilish choralari ham koʻrilyapti.

    Ushbu madaniy meros infratuzilmasini jadal rivojlantirish, obyektdan samarali foydalanish, aholiga qulay shart-sharoit yaratish, bu yerni salohiyati yuqori turizm maskaniga aylantirish uchun birlamchi ishlar bajarilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, kambagʻal va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻrgatish va mehnat faolligini oshirish maqsadida 2023-yilda tinglovchilar sonini 4700 nafarga yetkazish, bu orqali viloyatdagi ishsizlikni 6 foiz qisqartirish rejalashtirilgan.