Лого Лого-пв-уз

    Kasb-hunar o‘rganish uchun sharoitlar kengaytiriladi

    Hukumat 15 Iyun 2022 2150

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-iyun kuni aholini kasb-hunarga tayyorlash va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

    Mamlakatimizda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish kabi ko‘plab sohalar rivojlanib, yangi-yangi korxonalar ochilmoqda. Ularni malakali ishchi va mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida oliy va o‘rta maxsus ta’lim yo‘nalishlari o‘zgartirilmoqda. Hududlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etilib, yoshlarga kasb o‘rgatilmoqda.

    Taraqqiyot strategiyasida bu borada navbatdagi qadamlar – har bir fuqaroga kasb-hunarga o‘qish imkoniyatini yaratish, kambag‘allikni 2 baravarga qisqartirish maqsadlari belgilangan.

    Buning uchun barcha asoslar bor. Masalan, birgina 2022-yilning o‘zida jami 16 milliard dollarlik 9 mingdan ziyod yirik va o‘rta loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularga 300 mingga yaqin malakali ishchilar kerak.

    Shu bilan birga, bu yil 404 ming yoshlar o‘rta ta’limni, 151 ming nafari professional ta’limni bitirib, mehnat bozoriga kirib keladi. Ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, bandligini ta’minlash – dolzarb vazifa.

    Lekin, ochig‘ini aytganda, 330 ta kasb-hunar maktabi, 173 ta kollej va 207 ta texnikum kutilgan natijani bermayapti. Ulardagi imkoniyatning atigi 40-50 foizidan foydalanilmoqda, xolos. “Ishga marhamat” monomarkazlari bor-yo‘g‘i 10 foiz ishsizlarni qamrab olgan.

    Ko‘p kollej va texnikumlardagi o‘quv dasturlari zamon talabiga mos emas, 1 ming 350 nomdagi kasbiy darslik va adabiyotlar yetishmaydi. Oqibatda ish beruvchilar xodimlarni qaytadan o‘qitishga majbur bo‘lmoqda.

    Shu bois yig‘ilishda kasb-hunar ta’limini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

    Ya’ni, 45 ta kollej Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularning o‘rnida monomarkazlar tashkil etiladi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish va metodik ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

    Har bir viloyat, tuman va shaharda Kasb-hunar ta’limi kengashlari tashkil etiladi va ularga hokimlar rahbarlik qiladi. Kengash tarkibiga davlat idoralari, bank, rektorlar, Savdo-sanoat palatasi hamda tuman iqtisodiyotidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish va servis korxonalari rahbarlari kiradi. Ular mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyoj asosida, monomarkaz va kollejlarda o‘qitiladigan kasblarni belgilaydi, yoshlarni ishlab chiqarish korxonalariga biriktirib, amaliyot o‘tashini tashkil etadi.

    Yig‘ilishda sohadagi ijobiy tajribalar ham ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, 57 ta professional ta’lim muassasasida, Germaniya tajribasi asosida, ish joyida o‘qitishning dual ta’lim shakli yo‘lga qo‘yilgan. Maktabgacha ta’lim tizimida bu o‘z natijasini bermoqda: pedagogika kolleji o‘quvchilari 2 kun nazariy bilimlar olib, qolgan kunlari bog‘chalarda ishlab, oylik olmoqda.

    Yoki yana bir misol: Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi energetika kollejida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi buyurtmasi asosida yoshlarni muqobil energiya stansiyasi texniki, operatori va dispetcheri kabi kasblarga tayyorlash boshlangan. Buning uchun kompaniya 2 million 800 ming dollarga kollejda zamonaviy ustaxona, laboratoriya va yotoqxona barpo qilgan. 

    Davlatimiz rahbari bunday ishlarni boshqa tarmoqlarda ham yo‘lga qo‘yish, kasbiy ta’lim muassasalarini yirik sanoat korxonalari va klasterlarga biriktirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

    Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda oliy ta’lim tizimida o‘qitilayotgan ayrim mutaxassisliklarni texnikumlarga o‘tkazish mumkin. Bu yoshlarning ham vaqtini, ham naqdini tejaydi.

    – Texnikumlarga bo‘lgan yondashuvlarni o‘zgartirish kerak. Ular “institutga kirishning oson yo‘li” emas, murakkab kasb beradigan, mehnat bozorida raqobat qiladigan tizim bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Kelgusi yil 1-yanvardan boshlab, ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqini oliygohlardagiga tenglashtirish, yangi o‘quv yilidan texnikum va kollej o‘quvchilari uchun ham imtiyozli ta’lim kreditini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    Shuningdek, texnikumlarga qabul bir yilda 2 marta tashkil etish boshlanadi. Bu orqali kasbiy ta’lim bilan qamrab olish 35 foizga oshadi.

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yangi tashkil etiladigan monomarkazlarda zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘qitish, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Hindiston va Yaponiyadan mutaxassislar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

    Yig‘ilishda kasbiy ta’lim muassasalarida ishlayotgan o‘qituvchi va ustalarni rag‘batlantirish masalasiga ham e’tibor qaratildi.

    Kelgusi yil 1-yanvardan ularning oyligi maktab o‘qituvchilarining maoshiga tenglashtirilishi aytildi. O‘qituvchilar malaka toifasi uchun to‘lanadigan ustama o‘rtasidagi farq 2 barobarga oshiriladi. Erishgan natijasiga qarab, fidoyi va tashabbuskor murabbiylarning oyligiga 50 foizgacha ustama to‘lash joriy etiladi. Kelgusi yilda buning uchun budjetdan qo‘shimcha 150 milliard so‘m ajratiladi.

    Shu bilan birga, professional ta’lim muassasalari pedagoglari malakasini oshirishning yangi tizimi yaratiladi. Universitetlar huzuridagi malaka oshirish fakultetlari o‘rniga har bir viloyatda Professional tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi. Bu markazlar ish beruvchilarning ehtiyojini o‘rganib, xorijiy tajriba asosida pedagoglar malakasini oshiradi.

    Aholini kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor ulushini ko‘paytirish uchun ham bir qator imtiyozlar belgilandi. Unga ko‘ra, endi litsenziya olish uchun talablar yengillashtirilib, zarur mablag‘ning minimal miqdori 2 baravarga kamaytiriladi. Bo‘sh binolar uzoq muddatga ijaraga beriladi. Xorijdan keltiriladigan qo‘llanma va uskunalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Xalqaro malaka sertifikatini olgan har bir bitiruvchi uchun 1 million so‘mdan to‘lanadi. Ehtiyojmand yoshlar to‘lov-kontrakti mablag‘ining 30 foizi qoplab beriladi.

    Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar, kasb-hunar maktabi va monomarkazlar rahbarlari so‘zga chiqib, o‘z takliflarini bildirdi.