Mamlakatimizda soʻnggi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, gender tenglikni qaror toptirishga ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining bugungi pandemiya sharoitida shu yoʻnalishda amalga oshirayotgan qator loyihalari fikrimizning yorqin isbotidir.
Joriy yilning 17-sentyabr kuni Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) Oʻzbekistondagi ofisi tomonidan umumiy byudjeti 400 ming AQSH dollariga teng “SOVID-19” pandemiyasidan zarar koʻrgan aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash” loyihasini birgaliklikda amalga oshirish boʻyicha memorandum imzolangandi.
Mazkur hamkorlik doirasida joylarda tashkil etilayotgan kasb-hunarga oʻqitish maskanlarida kompyuter savodxonligi, buxgalteriya, ayollar sartaroshligi, tikuvchilik, pazandachilik hamda uy hamshiraligi yoʻnalishlarida saboq beriladi. Xususan, Qorakoʻl tumanidagi “Xoʻjalar”, Shofirkon tumanidagi “Qalmoqon”, Kogon tumanidagi “Xoʻja Yakshaba” mahallalarida dastlabki “Mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskani” barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Kuni kecha mazkur oʻquv markazlarining ochilish marosimlari boʻlib oʻtdi.
Alvon lentalar kesilib, ezgu tilaklar aytildi
Dastlabki manzilimiz viloyatning eng olis hududi — Qorakoʻl tumaniga boʻldi. Tumandagi “Xoʻjalar” mahallasi markazida bunyod etilgan “Mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskani ”ning ochilishi tuman ahli uchun chinakam bayramga aylanib ketdi. Karnay-surnay navolari-yu, kuy-qoʻshiqlar tadbirga oʻzgacha koʻtarinkilik baxsh etdi. Shundan soʻng alvon lentalar kesilib, barcha yigʻilganlar mazkur maskanda yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar.
— Prezidentimiz raisligida 2020-yil 8-oktyabrda oʻtkazilgan “Jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi kengaytirilgan videoselektor yigʻilishida berilgan koʻrsatmalar biz uchun dasturilamal boʻldi, — deydi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov. — Yangi ochilgan markazda 120 nafar xotin-qizni kasbga tayyorlash orqali ularning turmush farovonligi oshirilib, ijtimoiy himoyasi taʼminlanadi. Mazkur loyiha doirasida har bir tumanda bir vaqtning oʻzida tikuvchilik, ayollar sartaroshligi, pazandachilik yoʻnalishlarida 20 nafardan, IT va buxgalteriya yoʻnalishlarida 30 nafardan xotin-qiz hunar va kasbiy koʻnikmalar egallash imkoniga ega boʻladi. Viloyatimizning olis hududlaridagi ayollarni qoʻllab-quvvatlash borasida biz bilan yaqin hamkorligini ayamagan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligining yurtimizdagi ofisiga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kelgusida ham ana shunday xayrli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga umid bildiramiz. Soʻzim yakunida barchangizni yana bir bor arafadagi bayram, shuningdek, ilk maratoba faoliyatini boshlayotgan xotin-qizlarni yangi markaz binosi bilan qutlab, uning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tilayman.
Shundan soʻng, Koreya Xalqaro hamkorlik agentligining mamlakatimizdagi ofisi direktori Pak Sun Jin xonim hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Muhtarama Boʻriyeva ham yangi barpo etilgan va oʻz faoliyatini boshlayotgan “Mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskani” ning bugungi kundagi oʻrni va aholining turmushidagi ahamiyati xususida alohida toʻxtalib oʻtdi.
— Turmush oʻrtogʻim vafot etgach boshimga togʻ qulaganday boʻldi, — deydi qorakoʻllik Shahnoza Davlatova. — Voyaga yetmagan uch bolam bilan ojiz qoldik. Ammo, Prezidentimizning biz kabi ayollarga yaratib berayotgan imkoniyatlari bois hayotga va oʻzimga boʻlgan ishonchim ortdi. Sartaroshchilik kasbini mukammal oʻrganib, bugun oʻzim ham ustoz darajasida faoliyat olib boryapman. Oʻquv kursi ochish esa orzuim edi. Tumanimizdagi yangi markazning ish boshlashi men uchun ayni muddao boʻldi.
Qalmaqonliklar quvonchi
Shofirkon tumanidagi “Qalmaqon” mahallasi yangi maskan binosining tantanali ochilish tadbirlari doirasida esa xotin-qizlar, kasanachilar qoʻl mehnati namunalari koʻrgazmalari, pazandachilik, tikuvchilik, IT savodxonligi boʻyicha oʻtkazilgan mahorat darslari yigʻilganlarga birday manzur boʻldi.
— Tumanimiz xotin-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoit va doʻstona hamkorlik uchun eng avvalo Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligining mamlakatimizdagi ofisi vakillariga cheksiz minnatdorlik bildiramiz. Bu maskan juda koʻplab oilalarning ezgu maqsadlarini yuzaga chiqarishda, ularning ogʻirini yengil qilishda eng yaqin koʻmakchi vazifasini oʻtaydi, — deydi Shofirkon tumani hokimi Jamshid Sharopov.
Kogon tumanining “Xoʻja Yakshaba“ mahallasidagi “Mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskani ”ning ” ochilishi ham bayram shodiyonasiga aylanib ketdi.
Soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlar va ayollar bandligini taʼminlash, ularni mehnat bozoridagi talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻrgatish borasida bir qator ishlar amalga oshirilayotganligi, KOICA bilan hamkorlik doirasida tashkil etilgan ushbu moʻjaz maskanlar esa ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilishi xususida soʻz yuritdi.
— Davlatlarimiz oʻrtasida turli sohalardagi hamkorlik aloqalarimiz soʻnggi yillarda yanada mustahkamlanib borayotgani tahsinga sazovor, — deydi Koreya Xalqaro hamkorlik agentligining Oʻzbekistondagi ofisi direktori Pak Sun Jin. – Ayniqsa, ishsiz fuqarolarni kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihamizning yuksak samara berishiga ishonaman. Zero, ezgulik yoʻlidagi xayrli ishlar insonlarning baxtli va saodatli yashashlariga zamin yaratayotgani quvonarlidir.
Koʻhna Buxoroga uyushtirilgan safarimiz davomida, inson qachon oʻz qadriga ega boʻladi, degan savolga ham javob topganday boʻldik. Albatta, jamiyatda munosib oʻringa ega boʻlsa.
Hammamizga maʼlumki, ilgari xotin-qizlar haqida soʻz ketganda — ayol uy bekasi, bola tarbiyachisi kabi biryoqlama qarashlar ilgari surilardi. Holbuki, inson muayyan faoliyat turi bilan shugʻullanmas yoki biror sohada mukammal bilim olmas ekan, u jamiyatda hech qachon oʻz oʻrniga ega boʻla olmaydi. Shu nuqtayi nazardan, xotin-qizlarning mukammal tahsil olishi, bilim egallashi, oʻz kasbi va ishiga ega boʻlishi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki ularning jamiyatda qadr topishi barobarida onalik burchlarini munosib ado etishlarida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri