Jumladan, hokimliklar amaliy koʻmagida Oltiariq, Rishton, Bagʻdod, Fargʻona, Margʻilon, Qoʻshtepa, Yozyovon, Dangʻara, Qiziltepa, Tomdi, Konimex, Uchquduq, Olot, Buxoro, Qorakoʻl, Koson, Kasbi, Shahrisabz, Dehqonobod, Uzun, Boysun, Angor, Oltinsoy, Toʻraqoʻrgʻon, Norin, Chortoq, Mingbuloq, Izboskan, Asaka, Xonobod tumanlari hamda Fargʻona, Qarshi, Zarafshon, Namangan, Nukus, Shargʻun shaharlarida isteʼmolchi kutubxonasi va isteʼmolchilar uyi qurib foydalanishga topshirildi. Natijasida federatsiyaning tuman (shahar) boʻlimlari oʻz maʼmuriy binolariga ega boʻlishi bilan bir qatorda 30 dan ortiq ish oʻrni yaratildi.

Bugungi kunda loyiha doirasida 71 ta tuman va shaharda qurilish ishlari davom ettirilmoqda. Kasbi tumanida qad rostlagan, zamonaviy uslubda qurilgan, oʻziga xos innovatsion yechimga ega “Isteʼmolchilar uyi” maʼmuriy kompleksining foydalanishga topshirilgani ham buning yaqqol isbotidir.

Mazkur kompleksdan oʻrin olgan “Isteʼmolchi kutubxonasi” fondidan 6 mingdan ortiq kitob, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va isteʼmolchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlar, siyosiy-iqtisodiy qoʻllanmalar, maʼrifiy, badiiy, ilmiy-ommabop kitoblar, yurtimizda nashr qilinadigan qiziqarli va ijtimoiy-siyosiy gazeta-jurnallar, isteʼmolchilarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida federatsiya hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan 16 turdagi yuridik adabiyotlar ham oʻrin olgan.

Taʼkidlash joizki, ilk bora 100 ming nusxadan iborat elektron kitoblar bazasi ham shakllantirilgan boʻlib, barcha kitobxonlarni arzon narxda masofadan turib xarid qilish mumkin.

Kutubxonada zamonaviy “Book cafe” va bepul WiFi tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “eReader” elektron oʻquv qurilmasi ham oʻrnatilgan. Bundan tashqari, majmua xotin-qizlar uchun tikuvchilik markazi, hunarmandchilik anʼanalarini oʻzida aks ettirgan 15 ga yaqin toʻgarak hamda hozir yosh avlod katta qiziqish bildirayotgan milliy cholgʻu asboblarini chalishni oʻrgatadigan boʻlimlarni oʻz ichiga jamlab olgan.

Bundan tashqari, “Isteʼmolchilar uyi” maʼmuriy kompleksida joy olgan “Isteʼmolchi qabulxonasi”da esa, isteʼmolchilarning ariza va murojaatlari qabul qilinadi. Bir soʻz bilan aytganda, bu kabi maskanlar yosh oʻgʻil-qizlarimizning ham maʼnaviy tafakkurini boyitish, ularni kasb-hunarga oʻrgatish, yashirin salohiyati va isteʼdodini kashf etish uchun beqiyos imkoniyatlar beshigi boʻlib xizmat qiladi, deyiladi federatsiya axborot xizmati xabarida.