Xususan, “ommaviy madaniyat”ning tobora agressivlashib borayotgan shakllari milliy identitet, tarixiy xotira va maʼnaviy qadriyatlar tizimiga sezilarli bosim oʻtkazmoqda. Bu hodisa endi oddiy madaniy jarayon emas, balki davlat va jamiyat xavfsizligiga daxldor strategik masalaga aylanib boryapti. Zamonaviy siyosatshunoslik va sotsiologiya nazariyalarida ham bu fikr keng eʼtirof etiladi.

Demak, milliy oʻzlikni anglash va mustahkamlash har qanday mustaqil davlatning ustuvor vazifasidir. Shu nuqtayi nazardan, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida maʼnaviy-intellektual tiklanish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki tarixiy tajriba shuni koʻrsatadiki, har qanday jamiyatning uzoq muddatli barqarorligi va taraqqiyoti uning iqtisodiy koʻrsatkichlaridan koʻra, maʼnaviy asoslariga bogʻliq.

Iqtisodiyot nazariyasida “inson kapitali” degan tushuncha mavjud boʻlib, u nafaqat bilim va koʻnikmalarni, balki shaxsning qadriyatlari, motivatsiyasi va axloqiy sifatlarini ham qamrab oladi. Demak, kasb shaxsning maʼnaviy-madaniy qiyofasini shakllantiruvchi muhim omildir.

Bu jihatni buyuk mutafakkirlarimiz merosida ham yaqqol koʻrish mumkin. Masalan, Imom Buxoriy oʻzining ilmiy faoliyati orqali ilmni maʼnaviy poklanish vositasi sifatida talqin etgan. Uning hadis ilmidagi yondashuvi aniqlik, halollik va masʼuliyat prinsiplariga asoslangan boʻlib, bugungi ilmiy metodologiya talablariga ham toʻliq mos keladi.

Alisher Navoiy esa inson kamolotini toʻla maʼnoda maʼnaviyat bilan bogʻlaydi. Uning asarlarida komil inson yuksak axloqiy fazilatlarga ega shaxsdir. Navoiy taʼlimotida mehnat, halollik, fidoyilik kabi qadriyatlar markaziy oʻrin egallaydi. Bu esa bugungi kasb egasining ideal modelini belgilashda muhim metodologik asos boʻlib xizmat qiladi. Shu bois, zamonaviy kasbiy taʼlim tizimi oldida turgan eng muhim vazifa tarixiy-maʼnaviy merosni innovatsion taʼlim texnologiyalari bilan uygʻunlashtirishdan iborat. Bugun dual taʼlim, kompetensiyaga asoslangan yondashuv, modul tizimlari aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda. Biroq ularning samaradorligi faqat texnik koʻrsatkichlar emas, balki tarbiyaviy komponent bilan belgilanadi. Zero, kasb egasi faqat malakali mutaxassis boʻlib qolmasligi kerak. U jamiyatning faol fuqarosi hamdir.

“Ruhiy inklyuziya” tamoyili

Yoshlar mafkurasini shakllantirish masalasi har qanday jamiyat taraqqiyotining eng murakkab va masʼuliyatli yoʻnalishlaridan. Bu jarayonni oddiy targʻibot, shior yoki yuzaki nasihat bilan amalga oshirib boʻlmaydi. Chunki mafkura tashqi taʼsir natijasi emas, balki ichki eʼtiqod, ongli tanlov va qalbga singgan qadriyatlar tizimidir. Demak, yoshlar bilan ishlashda asosiy urgʻu ongdan tashqari, qalbga yoʻl topishga ham qaratilishi zarur. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, kasbiy taʼlim tizimida mafkuraviy tarbiyaning yangi modeli — “ruhiy inklyuziya” tamoyili alohida ahamiyat kasb etadi. Bu tushuncha yoshlarni milliy qadriyatlar va mafkuraga majburlash bilan emas, balki ularni ichdan bogʻlash, oʻzligini anglashga yoʻnaltirish orqali shakllantirishni anglatadi.

“Ruhiy inklyuziya”ni taʼminlash tizimli va ilmiy asoslangan mexanizmlar yordamida amalga oshiriladi. Ularning ichida birinchi va eng muhim yoʻnalish tarixiy xotira hamda  vorislikni taʼminlashdir. Har bir kasb, har bir hunar oʻz tarixiga ega. Bu tarix avlodlar tajribasi, mehnat falsafasi va maʼnaviy qadriyatlar tizimi. Oʻzbek zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar hayoti bu borada beqiyos ibrat manbai boʻlib xizmat qiladi.

Ikkinchi muhim yoʻnalish — mafkuraviy immunitetni shakllantirishdir. Bugungi globallashuv sharoitida axborot oqimi mislsiz darajada tezlashdi. Gibrid urushlar, axborot xurujlari, madaniy ekspansiya kabi hodisalar yoshlar ongiga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Bunday sharoitda ularni himoya qilishning eng samarali yoʻli ichki mustahkamlikni shakllantirishdir. Psixologiyada bu holat “maqsadli hayot strategiyasi” bilan izohlanadi. Yaʼni oʻz oldiga aniq maqsad qoʻygan, kelajagini rejalashtira olgan shaxs tashqi salbiy taʼsirlarga kamroq beriladi. Kasb egallagan, oʻz oʻrnini topgan yosh esa maʼnaviy boʻshliqqa tushmaydi. Chunki uning hayoti mazmun bilan toʻlgan.

Uchinchi muhim omil — maʼrifiy muhitni shakllantirishdir. Taʼlim muassasasi shaxs shakllanadigan ijtimoiy makon. Shu bois, unda yaratilgan muhit bevosita yoshlarning dunyoqarashi va qadriyatlariga taʼsir koʻrsatadi. Taʼlim muassasalaridagi adabiyot kechalari, teatr tomoshalari, ­tarixiy uchrashuvlar, ijodiy tanlovlarning tizimli yoʻlga qoʻyilishi aynan shu muhitni shakllantiradi. Zamonaviy pedagogik yondashuvlarda bu “yashirin oʻquv dasturi” tushunchasi bilan izohlanadi. Yaʼni oʻquvchi muhit, munosabatlar va ijtimoiy tajriba orqali ham tarbiyalanadi. Demak, maʼnaviyatni shakllantirish uchun maxsus darsdan koʻra, toʻgʻri tashkil etilgan muhit muhimroq boʻlishi mumkin.

Ona tili — mustahkam poydevor

Milliy mafkuramiz, milliy qadriyatlarimiz hamda milliy maʼnaviyatimiz haqida gap borar ekan, shubhasiz, tafakkur qulfining ochqichi boʻlmish ona tilimiz haqida qaygʻurmaslikning iloji yoʻq. “Til yashasa — millat yashaydi.” Bu hikmat bugungi globallashuv va keskin raqobat davrida yanada chuqur maʼno kasb etmoqda. Zero, til millatning tarixiy xotirasi, madaniy kodi va tafakkur shaklidir. U orqali xalq oʻzligini anglaydi, dunyoni idrok etib, kelajakni barpo etadi. Shu bois, davlat tilining rivoji masalasi endi bevosita milliy xavfsizlik va barqarorlik omiliga aylanmoqda.

Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida turkiy tilning boy imkoniyatlarini ilmiy asosda isbotlab bergan va ona tilining nufuzini yuksaltirish orqali milliy oʻzlikni mustahkamlash gʻoyasini ilgari surgan. Navoiy uchun til shunchaki ifoda vositasi emas, balki millatning ruhiy mustaqilligi timsoli edi.

Bugungi yangi Oʻzbekiston sharoitida ushbu gʻoyalar yangi mazmun bilan boyimoqda. Xususan, kasbiy taʼlim tizimida davlat tilining toʻlaqonli amal qilishi qator strategik yoʻnalishlar orqali taʼminlanishi zarur.

Birinchidan, kasbiy fanlarni toʻliq davlat tilida oʻqitish masalasi ­bilimlarni milliy tafakkur asosida qayta talqin etishni talab qiladi. Pedagogik amaliyot shuni koʻrsatadiki, oʻquvchi oʻz ona tilida oʻzlashtirgan bilimni chuqurroq anglaydi va uni amaliyotda samarali qoʻllay oladi.

Ikkinchidan, sohaviy terminologiyani tizimli ravishda rivojlantirish zarur. Har bir fan va kasb oʻzining aniq tushunchalar tizimiga ega. Agar bu tushunchalar tartibli, yagona va ilmiy asoslangan holda shakllantirilmasa, bilim uzatishda uzilishlar yuzaga keladi.

Uchinchidan, kasbiy hujjat yuritishni davlat tilida takomillashtirish jarayoni juda muhim. Chunki amaliy faoliyatda tilning real kuchi aynan texnik yozishmalar, normativ hujjatlar orqali namoyon boʻladi. Agar ish yuritish tizimi toʻliq davlat tilida ishlasa, bu til nufuzini oshirish barobarida boshqaruv samaradorligini kuchaytirishga ham xizmat qiladi. Ilgari surilayotgan muhim takliflardan biri milliy terminologiya markazlarini kasbiy taʼlim tizimi bilan chuqur integratsiya qilishdir. Bu yondashuv ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasida yagona til muhitini shakllantirish imkonini beradi. Natijada nazariya va amaliyot oʻrtasidagi tafovut qisqaradi, bilimlar uzluksizligi taʼminlanadi. Dunyo tajribasi ham bu borada muhim saboq beradi. Masalan, Yaponiya yoki Janubiy Koreya kabi davlatlar oʻz milliy tilida ilm-fan va texnologiyani rivojlantirish orqali global raqobatda yuqori natijalarga erishgan. Ular xorijiy terminlarni koʻr-koʻrona qabul qilish oʻrniga milliy til asosida qayta ishlab, ilmiy maktablarini yaratgan.

Ona tiliga eʼtibor millat kelajagiga eʼtibor demakdir. Davlat tilining kasbiy taʼlim tizimidagi ustuvorligi esa mustaqil fikrlaydigan, raqobatbardosh va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalashning eng muhim sharti.

“Ustoz-shogird” anʼanasi

Oʻzbekiston tarixida “ustoz-shogird” anʼanasi mukammal tarbiya tizimi sifatida shakllangan. Bu tizimda ustoz nafaqat bilim beruvchi, balki hayot yoʻlini koʻrsatuvchi, shaxsni kamolotga yoʻnaltiruvchi maʼnaviy yetakchi sifatida namoyon boʻlgan. Shogird esa kasb sirlarini egallash bilan birga ustozining hayotiy tajribasi, odobi, dunyoqarashi va qadriyatlarini ham oʻzlashtirgan. Sharq pedagogik tafakkurida bu yondashuv chuqur ilmiy-falsafiy asosga ega. Xususan, Abu Nasr Forobiy taʼlim-tarbiya haqidagi qarashlarida komil insonni shakllantirishda ustozning shaxsiy namunasini hal qiluvchi omil sifatida koʻrsatadi. Uning fikricha, haqiqiy ustoz bilim berishi barobarida fazilatlari bilan oʻquvchiga ibrat boʻlishi lozim. Bu esa ustoz-shogird munosabatlarining mohiyatini ochib beradi: bilim uzatiladi, tarbiya singdiriladi.

Yoshlar texnologiyani tez oʻzlashtiradi, yangi bilimlarni qisqa muddatda egallay oladi. Biroq ular koʻpincha hayotiy tajriba, maʼnaviy yoʻnaltirish va ijtimoiy masʼuliyat kabi masalalarda tayanchga muhtoj boʻladi. Aynan shu nuqtada ustozning oʻrni beqiyos. Chunki texnologiya bilim beradi, lekin qadriyat bermaydi, axborot koʻpayadi, ammo hikmat faqat tajriba orqali shakllanadi.

Shu bois, bugun oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularni faqat pedagog emas, balki maʼnaviyat targʻibotchisi sifatida eʼtirof etish dolzarb vazifaga aylanmoqda. Ustozning maqomi qanchalik yuqori boʻlsa, jamiyatning maʼnaviy darajasi ham shunchalik yuksaladi. Bu esa, oʻz navbatida, ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qiladi. Milliy tafakkurimizda keng tarqalgan “Hunar — oqar daryo” degan hikmat bugun yangicha mazmun kasb etmoqda. Ilgari bu ibora hunarning uzluksizligi va davomiyligini anglatgan boʻlsa, bugun u innovatsion rivojlanish, bilimlarning doimiy yangilanib borishi hamda kasbiy moslashuvchanlikni ham qamrab oladi. Chunki zamonaviy iqtisodiyot sharoitida bir martalik bilim yetarli emas, doimiy oʻrganish va rivojlanish zarur.

Yoshlar nafaqat isteʼmolchi...

XXI asr insoniyatni mutlaqo yangi — raqamli sivilizatsiya bosqichiga olib chiqdi. Endi axborot tezligidan tashqari uzluksiz oqim sifatida inson ongiga kirib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar hayoti internet, ijtimoiy tarmoqlar va mobil texnologiyalar bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Bunday sharoitda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni anʼanaviy, bir yoqlama usullar orqali bajarish kutilgan natijani bermaydi. Chunki auditoriya oʻzgardi. Demak, yondashuv ham oʻzgarishi shart.

Bugungi yoshlar  axborotni faqat isteʼmol qilmaydi, uni yaratadi, ulashadi, qayta talqin qiladi. Shu bois, maʼnaviyatni ham endi statik tushuncha deb boʻlmaydi.  U dinamik, interaktiv va raqamli shaklga ega boʻlishi zarur. Bu jarayon ilmiy adabiyotlarda “raqamli transformatsiya” deb ataladi hamda iqtisodiyot qatorida madaniyat va tarbiyaga ham bevosita taʼsir etadi.

Hozir ijtimoiy tarmoqlar yoshlar ongiga eng kuchli taʼsir koʻrsatuvchi axborot manbalariga aylangan. Agar milliy qadriyatlar aynan shu maydonda kreativ, zamonaviy va jozibador shaklda targʻib qilinmasa, bu boʻshliqni boshqa, koʻpincha yot gʻoyalar egallashi mumkin. Shu bois, milliy kontent yaratish masalasi strategik ahamiyat kasb etadi. Bu kontent vizual va emotsional jihatdan ham taʼsirchan boʻlishi kerak. Masalan, qisqa videolavhalar, animatsiyalar, podkastlar, bloglar orqali tarixiy meros, milliy qahramonlar, kasbga sadoqat, halollik kabi qadriyatlarni yoshlar tilida ifoda etish mumkin. Bu esa maʼnaviyatni qiziqarli va jozibador jarayonga aylantiradi.

Yana bir muhim yoʻnalish — vatanparvarlikning amaliy modelini shakllantirishdir. Nazariy targʻibot oʻz-oʻzicha yetarli emas. Yoshlar uchun “Vatan sevgisi” tushunchasi aniq amaliy faoliyat orqali anglashilsa, u barqaror eʼtiqodga aylanadi. Shu maʼnoda, “Vatan sevgisi — amalda” tamoyili dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu borada volontyorlik harakatlari, ekologik aksiyalar, ijtimoiy loyihalar, mahalla tashabbuslari katta imkoniyat yaratadi. Masalan, yoshlarning ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ishtiroki ularning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlaydi.

Shuningdek, raqamli tarbiya tizimini shakllantirish ham maʼnaviy qadriyatlarni zamonaviy texnologiyalar orqali yoshlar ongiga singdirishga xizmat qiladi. Mobil ilovalar, interaktiv platformalar, gamifikatsiya elementlari asosida yaratilgan dasturlar bu borada samarali vosita boʻla oladi. Zamonaviy taʼlim nazariyalarida bu jarayon “edutainment” (education + entertainment), yaʼni oʻyin orqali oʻqitish konsepsiyasi deya izohlanadi. Bu yondashuv yoshlarning qiziqishini oshiradi, ularni faol ishtirokchi sifatida jalb etadi va bilimni ongli ravishda oʻzlashtirishga yordam beradi. Masalan, tarixiy shaxslar hayotiga bagʻishlangan interaktiv oʻyinlar yoki kasbiy koʻnikmalarni rivojlantiruvchi simulyatorlar yoshlar uchun bir vaqtning oʻzida ham bilim, ham tarbiya manbai boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, raqamli muhitda “axborot gigiyenasi”ni shakllantirish ham muhim. Chunki axborot koʻpligi sharoitida toʻgʻri va notoʻgʻri maʼlumotni ajrata olish qobiliyati zamonaviy maʼnaviyatning ajralmas qismidir.

Kelajak ilmli avlod qoʻlida

Bugun yangi Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga — Uchinchi Renessans sari qatʼiy ishonch bilan odimlamoqda. Bu atama shunchaki balandparvoz gʻoya emas, balki chuqur tarixiy ildizlarga ega, milliy oʻzlik va zamonaviy taraqqiyot uygʻunligiga asoslangan konseptual rivojlanish modeli. Zero, insoniyat tarixida yuz bergan har bir renessans, avvalo, tafakkur uygʻonishi, maʼnaviy yangilanish va ilm-fan taraqqiyoti bilan belgilanadi.

Markaziy Osiyo hududi esa allaqachon ikki buyuk uygʻonish davrini boshdan kechirgan. Bugungi Uchinchi Renessans esa tarixiy merosni zamonaviy taraqqiyot bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan. Uning asosiy tayanchi — bilimli, kasb-hunar egallagan, mustaqil fikrlaydigan va eng muhimi, yuksak maʼnaviyatli yoshlar. Chunki har qanday buyuk oʻzgarishlar markazida inson omili turadi. Agar inson barkamol boʻlmasa, jamiyat ham taraqqiy etmaydi. Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar markazida “Inson qadri uchun” degan tamoyil turibdi. U nafaqat ijtimoiy siyosat, balki taʼlim tizimining ham bosh mezoniga aylanmoqda. Ayniqsa, kasbiy taʼlim tizimidagi yangilanishlar — dual taʼlim, zamonaviy standartlar, ishlab chiqarish bilan integratsiya — barchasi inson salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Biroq bu jarayonning eng muhim jihati shundaki, uning ruhi va mazmuni maʼnaviyat bilan sugʻorilgan boʻlishi shart. Chunki faqat texnik bilimga asoslangan taraqqiyot barqaror boʻla olmaydi. Maʼnaviy asos boʻlmagan jamiyatda rivojlanish muvozanatini yoʻqotadi.

Ilhom XOLMURODOV,

Kasbiy taʼlim agentligi direktorining maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi