Xususan, “ommaviy madaniyat”ning tobora agressivlashib borayotgan shakllari milliy identitet, tarixiy xotira va maʼnaviy qadriyatlar tizimiga sezilarli bosim oʻtkazmoqda. Bu hodisa endi oddiy madaniy jarayon emas, balki davlat va jamiyat xavfsizligiga daxldor strategik masalaga aylanib boryapti. Zamonaviy siyosatshunoslik va sotsiologiya nazariyalarida ham bu fikr keng eʼtirof etiladi.
Demak,
milliy oʻzlikni anglash va mustahkamlash har qanday mustaqil davlatning ustuvor
vazifasidir. Shu nuqtayi nazardan, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida
maʼnaviy-intellektual tiklanish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani
bejiz emas. Chunki tarixiy tajriba shuni koʻrsatadiki, har qanday jamiyatning
uzoq muddatli barqarorligi va taraqqiyoti uning iqtisodiy koʻrsatkichlaridan
koʻra, maʼnaviy asoslariga bogʻliq.
Iqtisodiyot
nazariyasida “inson kapitali” degan tushuncha mavjud boʻlib, u nafaqat bilim va
koʻnikmalarni, balki shaxsning qadriyatlari, motivatsiyasi va axloqiy
sifatlarini ham qamrab oladi. Demak, kasb shaxsning maʼnaviy-madaniy qiyofasini
shakllantiruvchi muhim omildir.
Bu
jihatni buyuk mutafakkirlarimiz merosida ham yaqqol koʻrish mumkin. Masalan,
Imom Buxoriy oʻzining ilmiy faoliyati orqali ilmni maʼnaviy poklanish vositasi
sifatida talqin etgan. Uning hadis ilmidagi yondashuvi aniqlik, halollik va
masʼuliyat prinsiplariga asoslangan boʻlib, bugungi ilmiy metodologiya
talablariga ham toʻliq mos keladi.
Alisher
Navoiy esa inson kamolotini toʻla maʼnoda maʼnaviyat bilan bogʻlaydi. Uning
asarlarida komil inson yuksak axloqiy fazilatlarga ega shaxsdir. Navoiy
taʼlimotida mehnat, halollik, fidoyilik kabi qadriyatlar markaziy oʻrin
egallaydi. Bu esa bugungi kasb egasining ideal modelini belgilashda muhim
metodologik asos boʻlib xizmat qiladi. Shu bois, zamonaviy kasbiy taʼlim tizimi
oldida turgan eng muhim vazifa tarixiy-maʼnaviy merosni innovatsion taʼlim
texnologiyalari bilan uygʻunlashtirishdan iborat. Bugun dual taʼlim,
kompetensiyaga asoslangan yondashuv, modul tizimlari aynan shu maqsadga xizmat
qilmoqda. Biroq ularning samaradorligi faqat texnik koʻrsatkichlar emas, balki
tarbiyaviy komponent bilan belgilanadi. Zero, kasb egasi faqat malakali
mutaxassis boʻlib qolmasligi kerak. U jamiyatning faol fuqarosi hamdir.
“Ruhiy inklyuziya” tamoyili
Yoshlar
mafkurasini shakllantirish masalasi har qanday jamiyat taraqqiyotining eng
murakkab va masʼuliyatli yoʻnalishlaridan. Bu jarayonni oddiy targʻibot, shior
yoki yuzaki nasihat bilan amalga oshirib boʻlmaydi. Chunki mafkura tashqi
taʼsir natijasi emas, balki ichki eʼtiqod, ongli tanlov va qalbga singgan
qadriyatlar tizimidir. Demak, yoshlar bilan ishlashda asosiy urgʻu ongdan
tashqari, qalbga yoʻl topishga ham qaratilishi zarur. Shu nuqtayi nazardan
qaraganda, kasbiy taʼlim tizimida mafkuraviy tarbiyaning yangi modeli — “ruhiy
inklyuziya” tamoyili alohida ahamiyat kasb etadi. Bu tushuncha yoshlarni milliy
qadriyatlar va mafkuraga majburlash bilan emas, balki ularni ichdan bogʻlash,
oʻzligini anglashga yoʻnaltirish orqali shakllantirishni anglatadi.
“Ruhiy
inklyuziya”ni taʼminlash tizimli va ilmiy asoslangan mexanizmlar yordamida
amalga oshiriladi. Ularning ichida birinchi va eng muhim yoʻnalish tarixiy
xotira hamda vorislikni taʼminlashdir.
Har bir kasb, har bir hunar oʻz tarixiga ega. Bu tarix avlodlar tajribasi,
mehnat falsafasi va maʼnaviy qadriyatlar tizimi. Oʻzbek zaminidan yetishib
chiqqan buyuk allomalar hayoti bu borada beqiyos ibrat manbai boʻlib xizmat
qiladi.
Ikkinchi
muhim yoʻnalish — mafkuraviy immunitetni shakllantirishdir. Bugungi
globallashuv sharoitida axborot oqimi mislsiz darajada tezlashdi. Gibrid
urushlar, axborot xurujlari, madaniy ekspansiya kabi hodisalar yoshlar ongiga
bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Bunday sharoitda ularni himoya qilishning eng
samarali yoʻli ichki mustahkamlikni shakllantirishdir. Psixologiyada bu holat
“maqsadli hayot strategiyasi” bilan izohlanadi. Yaʼni oʻz oldiga aniq maqsad
qoʻygan, kelajagini rejalashtira olgan shaxs tashqi salbiy taʼsirlarga kamroq
beriladi. Kasb egallagan, oʻz oʻrnini topgan yosh esa maʼnaviy boʻshliqqa tushmaydi.
Chunki uning hayoti mazmun bilan toʻlgan.
Uchinchi
muhim omil — maʼrifiy muhitni shakllantirishdir. Taʼlim muassasasi shaxs
shakllanadigan ijtimoiy makon. Shu bois, unda yaratilgan muhit bevosita
yoshlarning dunyoqarashi va qadriyatlariga taʼsir koʻrsatadi. Taʼlim
muassasalaridagi adabiyot kechalari, teatr tomoshalari, tarixiy uchrashuvlar,
ijodiy tanlovlarning tizimli yoʻlga qoʻyilishi aynan shu muhitni
shakllantiradi. Zamonaviy pedagogik yondashuvlarda bu “yashirin oʻquv dasturi”
tushunchasi bilan izohlanadi. Yaʼni oʻquvchi muhit, munosabatlar va ijtimoiy
tajriba orqali ham tarbiyalanadi. Demak, maʼnaviyatni shakllantirish uchun
maxsus darsdan koʻra, toʻgʻri tashkil etilgan muhit muhimroq boʻlishi mumkin.
Ona tili — mustahkam poydevor
Milliy
mafkuramiz, milliy qadriyatlarimiz hamda milliy maʼnaviyatimiz haqida gap borar
ekan, shubhasiz, tafakkur qulfining ochqichi boʻlmish ona tilimiz haqida
qaygʻurmaslikning iloji yoʻq. “Til yashasa — millat yashaydi.” Bu hikmat
bugungi globallashuv va keskin raqobat davrida yanada chuqur maʼno kasb
etmoqda. Zero, til millatning tarixiy xotirasi, madaniy kodi va tafakkur
shaklidir. U orqali xalq oʻzligini anglaydi, dunyoni idrok etib, kelajakni
barpo etadi. Shu bois, davlat tilining rivoji masalasi endi bevosita milliy
xavfsizlik va barqarorlik omiliga aylanmoqda.
Alisher
Navoiy “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida turkiy tilning boy imkoniyatlarini
ilmiy asosda isbotlab bergan va ona tilining nufuzini yuksaltirish orqali
milliy oʻzlikni mustahkamlash gʻoyasini ilgari surgan. Navoiy uchun til
shunchaki ifoda vositasi emas, balki millatning ruhiy mustaqilligi timsoli edi.
Bugungi
yangi Oʻzbekiston sharoitida ushbu gʻoyalar yangi mazmun bilan boyimoqda.
Xususan, kasbiy taʼlim tizimida davlat tilining toʻlaqonli amal qilishi qator
strategik yoʻnalishlar orqali taʼminlanishi zarur.
Birinchidan,
kasbiy fanlarni toʻliq davlat tilida oʻqitish masalasi bilimlarni milliy
tafakkur asosida qayta talqin etishni talab qiladi. Pedagogik amaliyot shuni
koʻrsatadiki, oʻquvchi oʻz ona tilida oʻzlashtirgan bilimni chuqurroq anglaydi
va uni amaliyotda samarali qoʻllay oladi.
Ikkinchidan,
sohaviy terminologiyani tizimli ravishda rivojlantirish zarur. Har bir fan va
kasb oʻzining aniq tushunchalar tizimiga ega. Agar bu tushunchalar tartibli, yagona
va ilmiy asoslangan holda shakllantirilmasa, bilim uzatishda uzilishlar yuzaga
keladi.
Uchinchidan,
kasbiy hujjat yuritishni davlat tilida takomillashtirish jarayoni juda muhim.
Chunki amaliy faoliyatda tilning real kuchi aynan texnik yozishmalar, normativ
hujjatlar orqali namoyon boʻladi. Agar ish yuritish tizimi toʻliq davlat tilida
ishlasa, bu til nufuzini oshirish barobarida boshqaruv samaradorligini
kuchaytirishga ham xizmat qiladi. Ilgari surilayotgan muhim takliflardan biri
milliy terminologiya markazlarini kasbiy taʼlim tizimi bilan chuqur
integratsiya qilishdir. Bu yondashuv ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish
oʻrtasida yagona til muhitini shakllantirish imkonini beradi. Natijada nazariya
va amaliyot oʻrtasidagi tafovut qisqaradi, bilimlar uzluksizligi taʼminlanadi.
Dunyo tajribasi ham bu borada muhim saboq beradi. Masalan, Yaponiya yoki
Janubiy Koreya kabi davlatlar oʻz milliy tilida ilm-fan va texnologiyani
rivojlantirish orqali global raqobatda yuqori natijalarga erishgan. Ular
xorijiy terminlarni koʻr-koʻrona qabul qilish oʻrniga milliy til asosida qayta
ishlab, ilmiy maktablarini yaratgan.
Ona
tiliga eʼtibor millat kelajagiga eʼtibor demakdir. Davlat tilining kasbiy
taʼlim tizimidagi ustuvorligi esa mustaqil fikrlaydigan, raqobatbardosh va maʼnaviy
barkamol avlodni tarbiyalashning eng muhim sharti.
“Ustoz-shogird” anʼanasi
Oʻzbekiston
tarixida “ustoz-shogird” anʼanasi mukammal tarbiya tizimi sifatida shakllangan.
Bu tizimda ustoz nafaqat bilim beruvchi, balki hayot yoʻlini koʻrsatuvchi, shaxsni
kamolotga yoʻnaltiruvchi maʼnaviy yetakchi sifatida namoyon boʻlgan. Shogird
esa kasb sirlarini egallash bilan birga ustozining hayotiy tajribasi, odobi,
dunyoqarashi va qadriyatlarini ham oʻzlashtirgan. Sharq pedagogik tafakkurida
bu yondashuv chuqur ilmiy-falsafiy asosga ega. Xususan, Abu Nasr Forobiy
taʼlim-tarbiya haqidagi qarashlarida komil insonni shakllantirishda ustozning
shaxsiy namunasini hal qiluvchi omil sifatida koʻrsatadi. Uning fikricha,
haqiqiy ustoz bilim berishi barobarida fazilatlari bilan oʻquvchiga ibrat
boʻlishi lozim. Bu esa ustoz-shogird munosabatlarining mohiyatini ochib beradi:
bilim uzatiladi, tarbiya singdiriladi.
Yoshlar
texnologiyani tez oʻzlashtiradi, yangi bilimlarni qisqa muddatda egallay oladi.
Biroq ular koʻpincha hayotiy tajriba, maʼnaviy yoʻnaltirish va ijtimoiy
masʼuliyat kabi masalalarda tayanchga muhtoj boʻladi. Aynan shu nuqtada
ustozning oʻrni beqiyos. Chunki texnologiya bilim beradi, lekin qadriyat
bermaydi, axborot koʻpayadi, ammo hikmat faqat tajriba orqali shakllanadi.
Shu
bois, bugun oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularni faqat
pedagog emas, balki maʼnaviyat targʻibotchisi sifatida eʼtirof etish dolzarb
vazifaga aylanmoqda. Ustozning maqomi qanchalik yuqori boʻlsa, jamiyatning
maʼnaviy darajasi ham shunchalik yuksaladi. Bu esa, oʻz navbatida, ijtimoiy
barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qiladi. Milliy tafakkurimizda keng tarqalgan
“Hunar — oqar daryo” degan hikmat bugun yangicha mazmun kasb etmoqda. Ilgari bu
ibora hunarning uzluksizligi va davomiyligini anglatgan boʻlsa, bugun u
innovatsion rivojlanish, bilimlarning doimiy yangilanib borishi hamda kasbiy
moslashuvchanlikni ham qamrab oladi. Chunki zamonaviy iqtisodiyot sharoitida
bir martalik bilim yetarli emas, doimiy oʻrganish va rivojlanish zarur.
Yoshlar nafaqat isteʼmolchi...
XXI
asr insoniyatni mutlaqo yangi — raqamli sivilizatsiya bosqichiga olib chiqdi.
Endi axborot tezligidan tashqari uzluksiz oqim sifatida inson ongiga kirib
bormoqda. Ayniqsa, yoshlar hayoti internet, ijtimoiy tarmoqlar va mobil
texnologiyalar bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Bunday sharoitda
maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni anʼanaviy, bir yoqlama usullar orqali bajarish
kutilgan natijani bermaydi. Chunki auditoriya oʻzgardi. Demak, yondashuv ham
oʻzgarishi shart.
Bugungi
yoshlar axborotni faqat isteʼmol
qilmaydi, uni yaratadi, ulashadi, qayta talqin qiladi. Shu bois, maʼnaviyatni
ham endi statik tushuncha deb boʻlmaydi.
U dinamik, interaktiv va raqamli shaklga ega boʻlishi zarur. Bu jarayon
ilmiy adabiyotlarda “raqamli transformatsiya” deb ataladi hamda iqtisodiyot
qatorida madaniyat va tarbiyaga ham bevosita taʼsir etadi.
Hozir
ijtimoiy tarmoqlar yoshlar ongiga eng kuchli taʼsir koʻrsatuvchi axborot
manbalariga aylangan. Agar milliy qadriyatlar aynan shu maydonda kreativ,
zamonaviy va jozibador shaklda targʻib qilinmasa, bu boʻshliqni boshqa,
koʻpincha yot gʻoyalar egallashi mumkin. Shu bois, milliy kontent yaratish
masalasi strategik ahamiyat kasb etadi. Bu kontent vizual va emotsional
jihatdan ham taʼsirchan boʻlishi kerak. Masalan, qisqa videolavhalar,
animatsiyalar, podkastlar, bloglar orqali tarixiy meros, milliy qahramonlar,
kasbga sadoqat, halollik kabi qadriyatlarni yoshlar tilida ifoda etish mumkin.
Bu esa maʼnaviyatni qiziqarli va jozibador jarayonga aylantiradi.
Yana
bir muhim yoʻnalish — vatanparvarlikning amaliy modelini shakllantirishdir.
Nazariy targʻibot oʻz-oʻzicha yetarli emas. Yoshlar uchun “Vatan sevgisi”
tushunchasi aniq amaliy faoliyat orqali anglashilsa, u barqaror eʼtiqodga
aylanadi. Shu maʼnoda, “Vatan sevgisi — amalda” tamoyili dolzarb ahamiyat kasb
etadi. Bu borada volontyorlik harakatlari, ekologik aksiyalar, ijtimoiy
loyihalar, mahalla tashabbuslari katta imkoniyat yaratadi. Masalan, yoshlarning
ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ishtiroki ularning fuqarolik pozitsiyasini
mustahkamlaydi.
Shuningdek,
raqamli tarbiya tizimini shakllantirish ham maʼnaviy qadriyatlarni zamonaviy
texnologiyalar orqali yoshlar ongiga singdirishga xizmat qiladi. Mobil
ilovalar, interaktiv platformalar, gamifikatsiya elementlari asosida yaratilgan
dasturlar bu borada samarali vosita boʻla oladi. Zamonaviy taʼlim
nazariyalarida bu jarayon “edutainment” (education + entertainment), yaʼni
oʻyin orqali oʻqitish konsepsiyasi deya izohlanadi. Bu yondashuv yoshlarning
qiziqishini oshiradi, ularni faol ishtirokchi sifatida jalb etadi va bilimni
ongli ravishda oʻzlashtirishga yordam beradi. Masalan, tarixiy shaxslar
hayotiga bagʻishlangan interaktiv oʻyinlar yoki kasbiy koʻnikmalarni
rivojlantiruvchi simulyatorlar yoshlar uchun bir vaqtning oʻzida ham bilim, ham
tarbiya manbai boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, raqamli muhitda “axborot
gigiyenasi”ni shakllantirish ham muhim. Chunki axborot koʻpligi sharoitida
toʻgʻri va notoʻgʻri maʼlumotni ajrata olish qobiliyati zamonaviy maʼnaviyatning
ajralmas qismidir.
Kelajak ilmli avlod qoʻlida
Bugun
yangi Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga — Uchinchi
Renessans sari qatʼiy ishonch bilan odimlamoqda. Bu atama shunchaki
balandparvoz gʻoya emas, balki chuqur tarixiy ildizlarga ega, milliy oʻzlik va
zamonaviy taraqqiyot uygʻunligiga asoslangan konseptual rivojlanish modeli.
Zero, insoniyat tarixida yuz bergan har bir renessans, avvalo, tafakkur
uygʻonishi, maʼnaviy yangilanish va ilm-fan taraqqiyoti bilan belgilanadi.
Markaziy
Osiyo hududi esa allaqachon ikki buyuk uygʻonish davrini boshdan kechirgan.
Bugungi Uchinchi Renessans esa tarixiy merosni zamonaviy taraqqiyot bilan
uygʻunlashtirishga qaratilgan. Uning asosiy tayanchi — bilimli, kasb-hunar
egallagan, mustaqil fikrlaydigan va eng muhimi, yuksak maʼnaviyatli yoshlar.
Chunki har qanday buyuk oʻzgarishlar markazida inson omili turadi. Agar inson
barkamol boʻlmasa, jamiyat ham taraqqiy etmaydi. Yangi Oʻzbekistondagi
islohotlar markazida “Inson qadri uchun” degan tamoyil turibdi. U nafaqat
ijtimoiy siyosat, balki taʼlim tizimining ham bosh mezoniga aylanmoqda.
Ayniqsa, kasbiy taʼlim tizimidagi yangilanishlar — dual taʼlim, zamonaviy
standartlar, ishlab chiqarish bilan integratsiya — barchasi inson salohiyatini
roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Biroq bu jarayonning eng muhim jihati
shundaki, uning ruhi va mazmuni maʼnaviyat bilan sugʻorilgan boʻlishi shart.
Chunki faqat texnik bilimga asoslangan taraqqiyot barqaror boʻla olmaydi.
Maʼnaviy asos boʻlmagan jamiyatda rivojlanish muvozanatini yoʻqotadi.
Ilhom XOLMURODOV,
Kasbiy taʼlim agentligi
direktorining maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi