Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “Umumta'lim maktablaridagi ta'lim sifati poytaxtda ham, olis qishloqlarda ham yuqori bo'lishi shart. Buning uchun chekka hududlarda maktablarni malakali kadrlar bilan ta'minlash, ta'lim sifatini yaxshilash bo'yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Jumladan, boshqa tumandagi olis maktabga borib, dars beradigan o'qituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa — 100 foiz ustama haq to'lanadi”, deya ta'kidlagan edi.
Ayni shu g'oya Prezidentimizning joriy yil 11 yanvarda imzolangan “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida o'z aksini topdi. Xalq ta'limi tizimi rivojiga salmoqli hissa qo'shadigan bu me'yoriy hujjatning qabul qilinishi respublikamizning barcha hududida ta'lim sifatini oshirish, eng chekka hududlarda ham o'quvchilarga zamonaviy bilimlarni egallashi uchun munosib sharoit yaratishda muhim poydevor bo'ldi.
Jamiyatda o'qituvchining maqomini yuksaltirish, mavqeini oshirish, ijtimoiy ta'minlanganlik darajasini ko'tarishga qaratilgan bu kabi islohotlar shukuhi buxorolik yosh pedagoglar oilasini ham chetlab o'tmadi. Ingliz tili o'qituvchisi Farrux Murodov hamda turmush o'rtog'i Nargiza Quvonova olis va chekka hududda ishlash, ta'lim sifatini oshirishdek xayrli ishga hissa qo'shishni istadi. SHu maqsadda Xalq ta'limi vazirligi bilan bog'landi. Ularga Buxoro bilan chegaradosh Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatining chekka hududlaridagi maktablarda ishlash tavsiya etildi.
Er-xotin maslahatlashib, Nurobod tumanining Arg'on qishlog'idagi 54-maktabda dars berishga qaror qildi. Viloyat markazidan ancha uzoqda joylashgan qishloq ahli, maktab jamoasi ingliz tili o'qituvchilarini samimiy kutib oldi. Ularga o'zlari ta'lim beradigan maktab yaqinidan uy ajratildi. Yashash uchun zarur shart-sharoit yaratildi.
Nurobod tumanining olis va chekka hududi — Arg'on qishlog'idagi 54-maktabda yillar davomida ingliz tili darsi o'tilmagan, ta'lim sifati qoniqarsiz deb topilgani uchun “qizil toifa”ga kiritilgandi. Bu holat ota-onalarning e'tiroziga ham sabab bo'layotgandi. Ana shu go'shaga buxorolik oila — ingliz tili o'qituvchilarining kelgani maktab o'quvchilari, ota-onalar uchun haqiqiy bayram bo'ldi. Yangi muallimlar qisqa vaqtda ta'lim sifatini oshirishga bel bog'ladi. Ingliz tili darslari yuqori saviyada tashkil etildi. Darsdan so'ng o'zlashtirishi sust bolalar bilan individual mashg'ulotlar o'tkazildi. Bu o'quvchilar qalbidagi orzularga qanot bag'ishladi. Yaqinda Xalq ta'limi vaziri ushbu maktabga borib, o'z kasbining ustasi bo'lgan fidoyi pedagoglarga minnatdorlik sifatida “O'zbekiston Respublikasi xalq ta'limi a'lochisi” ko'krak nishonini topshirib keldi.
— Arg'on qishlog'i dasht, deyarli cho'ldan iborat. Tuman markazigacha 45-50 kilometr yo'l bosish kerak. Avtobus kunda bir marta tuman markaziga qatnaydi. Ammo qishloq ahli ochiqko'ngil, mehribon, mard, olijanob insonlar. Ulardagi samimiyat, soflik kishini hayratlantiradi. Katta-kichikning o'qituvchiga hurmati baland, ularni e'zozlaydi. Shunday paytda pedagoglik kasbini tanlaganimdan xursand bo'laman, — deydi Farrux Murodov. — Bizni olis masofadan kelib, shu erda ishlashimiz uchun qiziqtirgan yagona sabab faqat ustamalar emas. O'qituvchilik kasbiga hurmatimiz bois, bolalarning chet tilini o'rganishi uchun yordam berishga kelganmiz. Salohiyatimizni sinab ko'rish, bolalarning ta'lim olishiga hissa qo'shish istagi ustunlik qildi. Ularning ko'ziga qarash, ilmga chanqoqligini ko'rish, ana shu ehtiyojni qondirish baxtini men so'z bilan ifodalay olmayman.
Nargiza Quvonova avvaliga turmush o'rtog'i bilan olis hududdagi ta'lim maskaniga borib ishlashga ikkilandi. Begona joyga tez moslashib ketarmikanmiz, degan xavotir uni biroz bezovta qildi. Biroq kasbiga fidoyilik ikkilanish va hadikni engishda yordam berdi.
— Kelganimizda nazarim tushgani bolalarning yuzidagi hayajon bo'ldi, — deydi muallima. — Ularning ko'zi yonib turardi. O'quvchilar uchun ingliz tili yangi fan, birinchi sinf bolasi darsda qanday o'tirsa, 11-sinf o'quvchisi ham xuddi shunday e'tibor bilan saboqni tinglaydi. O'quvchilarning chet tillarga qiziqishi baland, ular juda ham faol.
O'ziga qulay sharoit, tug'ilib o'sgan mahallani tashlab, boshqa hududga borib ishlashga qaror qilish insondan kasbiga muhabbatni talab etadi. CHet tili o'qituvchilarining so'zlarini tinglar ekanman, kishi ko'z oldida ulug' yozuvchi Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” asaridagi Duyshen gavdalanadi.
Prezidentimiz soha rivojiga bag'ishlangan yig'ilishlarda o'qituvchilarni rag'batlantirish haqida so'z yuritar ekan, “Ularning oyligini ming AQSH dollariga chiqarmaguncha to'xtamaymiz”, deya ta'kidlagan edi.
— Men faoliyat yuritayotgan maktab ham olis, ham ta'lim sifati past bo'lib, “qizil toifa”ga kirgani uchun ish stajimdan kelib chiqib, ustama belgilangan, — deydi Farrux Murodov. — Sohada faoliyat boshlaganimga o'n yildan oshgani sababli qirq foiz ustama olaman. CEFR sertifikatiga ega, birinchi toifali pedagogligim qo'shimcha o'ttiz foizlik ustama olish huquqini beradi. 1,5 stavka dars beraman. Jami 10 million 490 ming so'm qo'limga tegadi. Bu 1000 AQSH dollari degani. Avval olgan maoshimdan uch baravar ko'p. Men bemalol ayta olaman: oliy ma'lumotli, diplomli, chet tilini bilgan mutaxassislar uchun bu zo'r imkoniyat.
Ayni paytda Farrux va Nargizaga o'xshagan boshqa o'qituvchilar ham Nurobodga kelib, dars beryapti. Ularning deyarli hammasi 1,5 stavkadan dars soatiga ega.
Olis va chekka hududlarga borib ishlash istagidagi o'qituvchilarga qo'shimcha qulaylik yaratish uchun Xalq ta'limi vazirligi tomonidan “Yangi O'zbekiston ustozlari” loyihasi yo'lga qo'yilgan. Shu orqali pedagoglarning hujjat topshirishi uchun qulay sharoit yaratilyapti. Bu esa, o'z navbatida, ta'lim jarayonining barcha bosqichini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, o'qitish sifatini yuksaltirish, sohaga malakali o'qituvchilarni jalb qilish va jamiyatda ularning mavqeini oshirishda muhim omil bo'ladi.
Risolat MADIEVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri