Kasbiy imtihonlar isteʼdodli yoshlarni aniqlashga yordam beradi

    Shu kunlarda mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarida maxsus iqtidor talab etadigan yoʻnalishlar boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkazilmoqda.

    Joriy yilning 8-9-iyul kunlari Shahrisabz davlat pedagogika institutida kasbiy imtihonlar oʻtkaziladigan 2 ta taʼlim yoʻnalishiga 166 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtdi. Institutda kasbiy imtihonlar oʻtkaziladigan xonalar va moddiy-texnik bazalar tayyor holatga keltirilib, imtihon jarayonlarida xolislik va shaffoflikni taʼminlash uchun har bir imtihon oʻtkaziladigan joy kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Imtihonlarni yuqori saviyada, shaffof va adolatli oʻtishini taʼminlash maqsadida oʻz yoʻnalishi boʻyicha tajribaga ega malakali mutaxassislar jalb etildi.

    Institutda 2024/2025-oʻquv yili qabuli boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar Musiqa taʼlimi, Tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi yoʻnalishlarida ijodiy oʻtkazilmoqda. Shuningdek, kasbiy imtihonlar, abituriyentlarning natijalari institutning shdpi.uz veb-sayti va telegram ijtimoiy tarmogʻiga joylashtirib borilmoqda.

    Imtihon boshlanishi oldidan farzandining ishtirokini onlayn kuzatib oʻtirgan ota-onalar kayfiyatini koʻtarish maqsadida institutning musiqa taʼlimi yoʻnalishi talabalari tomonidan kichik musiqiy konsert hamda ijodkor talabalarning rasmlar koʻrgazmasi namoyishi tashkil etilgan.

    “Men uchun hayajonli kun. Oʻgʻlim Asilbekni ijodiy imtihonida qoʻllab-quvvatlash uchun keldim. Institutda abituriyentlarning ota-onalari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Biz bundan juda xursandmiz. Bizning vaqtimizni mazmunli tashkil etish maqsadida institut talabalarining ijodiy ishlar koʻrgazmasi tashkil etilganligi bizni yanada quvontirdi” — deydi Mavluda Ismoilova

    Abituriyentlarning ota-onalari uchun ijodiy imtihon jarayonlarini bevosita kuzatib borish maqsadida kutish joylarida monitorlar oʻrnatilgan.