Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etildi

    Prezidentning “Kasbiy taʼlim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi.

    Farmonga asosan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etildi.

    Bu orqali kasbiy taʼlimni rivojlantirishda samarali va yaxlit boshqaruv tizimi yaratiladi.

    Kasbiy taʼlim agentligi:

    • texnikumlar faoliyatini muvofiqlashtirish va kasbiy taʼlim sohasini boshqarishga masʼul boʻladi;
    • kasbiy taʼlim dasturlari mazmuni, malaka darajalari, oʻqitishning minimal muddatlari, bitiruvchilar bilimini baholash mezonlari hamda oʻquv-metodik taʼminotga talablarni belgilaydi.
    • Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan “vaucher” tizimi bilan qamrab olinmagan shaxslarni kasbga oʻqitadi.

    Migratsiya agentligining xorijiy ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib bergan buyurtmalari asosida fuqarolarni kasbga va xorijiy tillarga oʻqitadi.

    2027-yil 1-yanvardan iqtisodiyot tarmoqlaridagi ish oʻrinlariga bosqichma-bosqich Milliy malaka ramkasining tegishli darajasiga mos diplom (malaka sertifikati)ga ega xodimlarni ishga qabul qilish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Shuningdek:

    • davlat kasbiy taʼlim muassasalariga taʼlim xizmatlari narxini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilash va mutaxassislarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida jalb qilishga ruxsat beriladi.
    • Kasbiy taʼlimni rivojlantirish boʻyicha hududiy tadbirkorlar kengashlari tuziladi.