Kasbiy ta’lim taraqqiyot poydevori

    Ta'lim 21 Noyabr 2024 485

    Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi yurt ravnaqi va taraqqiyotini belgilab berishdagi muhim omillardan biridir. Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga jiddiy e'tibor qaratib kelinyapti.

    2024-yil 16-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan «Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-158-son Farmoni kasbiy ta’lim tizimida muhim o‘zgarishlarning yuzaga kelishida, hamda islohotlarning avj olishida dasturul amal bo‘lib xizmat qildi. Mazkur huquqiy hujjat mamlakatda malakali kadrlarni tayyorlash, xalqaro ta'lim dasturlarini joriy etish va iqtisodiyotning zamon talablariga moslashadigan ta'lim tizimini yaratishga qaratilgan keng qamrovli rejalarning boshlanishidir. Unda nafaqat kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish, balki ta’lim va ishlab chiqarish sektori o‘rtasidagi integratsiyani chuqurlashtirish ham nazarda tutilgan.

    Kasbiy ta’lim tizimini yagona tizimga o‘tkazish

    Ma'lumki, ilgari kasbiy ta’lim tashkilotlari turli vazirlik va idoralarga qarashli edi. Endilikda bu tizimda boshqaruv, tashkiliy va metodik jihatdan yagona davlat siyosati Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yuritilishi, shubhasiz, eng to‘g‘ri va samarali yo‘ldir.

    Farmon asosida amalga oshiriladigan islohotlar, kasbiy ta’lim tizimini yangi shaklga keltirishni ko‘zda tutadi. Buning uchun texnikumlar va kasbiy ta’lim tashkilotlari yagona tizimga birlashtiriladi. Bu tizimda barcha ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanish va hamkorlik kuchaytiriladi, shuningdek, kadrlar tayyorlashda xalqaro tajriba va standartlar joriy etiladi. Mamlakatimiz milliy malaka tizimining xalqaro ta’lim dasturlari bilan hamohangligini, shuningdek o‘quvchilarning dunyo bo‘ylab tan olingan diplom va sertifikatlarga ega bo‘ishi imkoniyatini yaratadi.

    Xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish

    Kasbiy ta’lim tizimining global talablar bilan hamohang bo‘lishi, mamlakatning ta’lim sohasidagi eng muhim yutuqlaridan biridir. Yangi farmon doirasida texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlari joriy etiladi. Buning natijasida, o‘zbek yoshlariga dunyoning yetakchi ta’lim muassasalaridan o‘rganish va malaka oshirish imkoniyati yaratiladi. 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlariga asoslangan kurslar va mutaxassisliklar taqdim etiladi, bu esa o‘quvchilarni global mehnat bozori talablariga tayyorlashni osonlashtiradi.

    Kasbiy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi

    Kasbiy ta’lim tizimi va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, bu farmonning yana bir muhim yo‘nalishidir. Texnikumlar va ish beruvchilar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatiladi, dual ta’lim tizimi rivojlantiriladi. Bu model o‘quvchilarni amaliy tajriba orttirish uchun ishlab chiqarish korxonalarida stajirovkalar va amaliyotlarni o‘tkazishga imkon yaratadi. Shuningdek, ish beruvchilar o‘z ehtiyojlariga mos malakali kadrlarni tayyorlashda faol ishtirok etadi, bu esa iqtisodiyotning rivojlanishiga katta hissa qo‘shishi shubhasiz.

    Texnikumlarni zamonaviylashtirish

    Texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv jarayonini zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlash farmonda alohida ta’kidlangan. Texnikumlar o‘z faoliyatini boshlash uchun zamonaviy o‘quv materiallari, laboratoriya va ustaxonalar bilan jihozlanadi. O‘quvchilar uchun barcha zarur metodik va pedagogik ta’minot, shu jumladan elektron platformalar orqali ta’lim olish imkoniyatlari yaratilib, ular o‘quv jarayonlarini yanada interaktiv va samarali o‘tishi uchun sharoitlar yaratiladi.

    Raxbarlar tanlovining shaffofligi

    Farmonning yana bir diqqatga sazovor jihati, texnikumlarda rahbar kadrlarni tanlash jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta'minlashdir. 2025-yil 1-yanvardan boshlab texnikumlarning rahbar va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga tanlov asosida tayinlash joriy etiladi. Bu jarayon Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan maxsus elektron platforma orqali amalga oshiriladi. Tanlovda, iqtisodiyot tarmoqlari vakillari, ish beruvchilar va mutaxassislar jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

    Kasbiy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi

    O‘zbekistonning kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish uchun alohida jamg‘arma tashkil etiladi. Bu jamg‘arma kasbiy ta’lim muassasalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy o‘quv resurslari va texnik bazalarni rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘larni o‘z ichiga oladi. 2025-yil 1-aprelga qadar iqtisodiyot va moliya vazirliklari tomonidan jamg‘armaga 50 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.

    2025-2027-yillarga mo‘ljallangan islohotlar dasturi doirasida kasbiy ta’lim muassasalarini zamonaviy uskunalar, laboratoriya va ustaxonalar bilan jihozlash, o‘quv materiallarini raqamlashtirishga katta e’tibor qaratiladi.

    Yangi kasbiy ta’lim platformasi

    Qayd etish joizki, qabul jarayonini ish beruvchilar talabi asosida shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda kasbiy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish uchun yangi «Kasbiy ta’lim» platformasi yaratilib, unga barcha vazirlik va tarmoqlar ulanadi. Texnikumlarning ta’lim dasturlari sanoat tarmoqlari, tadbirkorlar birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan so‘ng amaliyotga kiritiladi. Bu platforma, ta’lim oluvchilar va ta’lim muassasalari uchun barcha zarur ma’lumotlarni ochiq va bepul taqdim etadi. O‘quvchilar va ish beruvchilar uchun platforma orqali ta’lim dasturlarini tanlash, amaliyot bazalarini ko‘rish, shuningdek, o‘qituvchilarning malakasini oshirish imkoniyatlari yaratiladi.

    Xulosa

    O‘zbekiston Respublikasining kasbiy ta’lim tizimining nafaqat mamlakat ichidagi ehtiyojlariga mos, balki xalqaro ta’lim tizimlariga javob beradigan, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan zamonaviy tizimga aylanishi kutiladi. Bunday islohotlar, ayniqsa, yoshlarning sifatli ta’lim olishiga, mehnat bozori uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarning tayyorlanishiga va iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi. Ta’lim sohasidagi bu yangilanishlar, yurtimizning kelajakdagi muvaffaqiyatli rivojlanishining poydevorini yaratadi.

    Alisher Xajimuratov,

    Sirdaryo viloyati

    Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar

    boshqarmasi boshlig‘i.