O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida ta’kidlab o‘tilganidek: “Hozirgi global iqtisodiyotda raqobatga chidamli boʻlish uchun malakali kasb egalari va mutaxassislar, zamonaviy texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini unutmaslik lozim. Agar biz sanoatda – elektronika va elektrotexnika, biokimyo va polimerlar, farmatsevtika, mashinasozlik kabi yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan sohalarni rivojlantirish; xizmatlarda – IT, sunʼiy intellekt, fintex, konsalting, transport-logistika kabi katta daromad keltiradigan servislarni koʻpaytirish; qishloq xoʻjaligida – unumdorlikni oshirish uchun bioinjeneriyadan keng foydalanish, ilgʻor agrotexnika va suv tejaydigan usullarni faol qoʻllash; iqtisodiy oʻsish va ekologik barqarorlik oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlash uchun “yashil” energetika, chiqindisiz ishlab chiqarishga oʻtish; taʼlim va tibbiyotda – sifatni yangi bosqichga olib chiqadigan ilgʻor xorijiy tajribalarni keng joriy etish uchun yangi texnologiyalarni olib kirsak, kadrlarni ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarga tayyorlasak, kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollardan oshirishga barcha imkoniyatlarimiz bor” .

Mamlakatimiz Prezidentining xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasidagi faol siyosati yaqin kelajakda milliy bozorimizda ko‘plab transmilliy kompaniyalarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu kompaniyalar esa, zimmasidagi ko‘plab vazifalarni sifatli bajarish barobarida, loyihalar doirasidagi jarayonlarni uquvli boshqara oladigan yuqori malakali kadrlarni talab qiladi. “Hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt taʼsirida dunyoda ish oʻrinlarining soni, shakli va mazmuni keskin oʻzgarmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi toʻliq avtomatlashtiriladi, 50 foizi boʻyicha esa yangi malakalar talab qilinadi. Bu jarayonlar bizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Sanoatda – avtomatlashgan liniyalar, agrar sohada – aqlli texnologiyalar, transportda –intellektual boshqaruv kundalik hodisaga aylanib bormoqda. Endi mamlakatimizning mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va taʼlimni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur” .

Bunday mutaxassislarni tayyorlash, o‘z-o‘zidan, zarur bilimlardan tashqari, kadrlarning bozor sharoitida unumli ishlashini ta’minlaydigan ko‘nikmalarini shakllantirishni taqozo etmoqda. Ma’lumki, inson hayotida ko‘nikma va malakalar g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Odam ayni malakalarni butun umri davomida o‘zlashtirib, shakllantirib boradi. U yoxud bu malaka hamda ko‘nikmalarning bo‘lmasligi kishining muayyan guruhlardan ajralib qolishiga, jamiyatning ham unga nisbatan befarqligiga olib keladi. Bu yerda gap jamoada ishlash, muloqot va yozuv madaniyati, vaqtni boshqarish, o‘zlikni namoyon qila olish singari muhim insoniy sifatlar haqida bormoqda. “Iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlari uchun yuqori intellektual salohiyatga ega boʻlgan kadrlarni tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirishimiz zarur” .

“Yana bir masala – mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy maʼlumotli kadrlar kirib kelmoqda”. Zamonaviy mehnat bozorida esa aynan “yumshoq ko‘nikmalar” (Soft skills) ga ega bo‘lgan kadrlarga ehtiyoj oshib bormoqda. Maqsadni to‘g‘ri belgilash, tashabbuskorlik, yaratuvchanlik va ijodiy yondashuv, shaxsiy rivojlanish rejasini to‘g‘ri shakllantirish, barcha jabhalarda samarali muloqot olib borish uchun elektron pochtadan foydalanish, ta’sirchan rezyume tuzish, vaqtni unumli boshqarish, omma qarshisida so‘zlash, taqdimot yaratish, jamoada ishlash, shaxsiy imijni shakllantirish, tanqidiy mulohaza yuritish, to‘g‘ri qarorlar qabul qilish, suhbatdoshni o‘ziga jalb etish, samarali muzokaralar olib borish ko‘nikmalari va boshqalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Yosh kadrlar o‘qishni bitirganidan keyin, ayni malaka va ko‘nikmalar yordamida, odamlar bilan kelishib ishlash, ish beruvchilar tomonidan qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etish orqali yuqori ish unumdorligiga erishishlari tayin. Ularning mazkur dastur asosida o‘zlashtirgan malakalari ularda shaxsiy kompetensiya shakllanishi hamda tinimsiz taraqqiy etayotgan dunyoda raqobatbardoshligining kuchayishida muhim omil bo‘ladi.

O‘quv yurtini tamomlagan mutaxassis mehnat bozoriga kirib borar ekan, uning munosib ishga ega bo‘lishi, ko‘zlagan karerasiga erishishi uchun ta’lim muassasasida olgan bilimlari kifoya qiladimi? Albattaki, yo‘q!

Buning boisi shundaki, ta’lim muassasasida o‘tilayotgan fanlardagi bilimlar muayyan faktlar, ma’lumotlar bazasini o‘zlashtirish va ularni tahlil etish natijasida olinadi. Biroq ularda shaxslararo munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish masalalari to‘liq qamrab olinmaydi. Holbuki, bugungi globallashgan va bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyatda ish beruvchilar ishga olayotgan insonlarning ular qay darajada shaxslararo munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olishlariga e’tibor qaratmoqdalar. Ular aynan shu xususiyat orqali kompaniyasi rivojlanishi, mijozlar ishonchini oqlash va ular sonining ko‘payishiga erishish mumkinligini yaxshi biladilar.

Shaxslararo munosabatlarda muvaffaqiyat qozonish ko‘p omillarga bog‘liq. Ulardan birortasiga rioya etmaslik ushbu munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, bugungi insoniyat axborotlashgan jamiyatda yashamoqda. Bu esa bajariladigan ko‘plab ishlarni axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirish imkonini beryapti. Shunday bo‘lishiga qaramay, tashkilot xodimlari kundalik stressga duch kelmoqdalar. Bu hol ishning odatdagi hajmdan ortib ketishi natijasida yuzaga keladi. Ish hajmining ortishi xodimlarning kayfiyatiga va ularning o‘zaro munosabatlariga salbiy ta’sir etadi.

Shuningdek, bugungi kunda ko‘plab insonlar vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga qiynalishadi. Vazifalarni belgilangan vaqt oralig‘ida bajarishga ulgurish mushkul bo‘lgan holatga tushish natijasida tashkilot xodimlari va rahbarlari o‘rtasida ziddiyatli vaziyatlar vujudga kelishi ham kundalik hol. Shunday holga tushmaslik uchun esa xodimlar vaqtni va stressni boshqarish ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari muhimdir. Zero, bu ko‘nikmalar ham shaxslararo munosabatlarni to‘g‘ri tashkil etishga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.

Shuni ta’kidlash joizki, bugungi O‘zbekistonning iqtisodiyoti bozor munosabatlariga asoslangan bo‘lishi faqatgina iqtisodiy-huquqiy islohotlargagina bog‘liq emas. Bunda, eng avvalo, inson faktori muhim rol o‘ynaydi. Boshqacha aytganda, odamlarning dunyoqarashi hamda jamiyatga, boshqa shaxslarga munosabati ham bozor iqtisodiyotiga mos bo‘lishi darkor. Aslida ayni shu jihatlar jamiyatga tom ma’nodagi bozor iqtisodiyoti ruhining kirib kelishiga sababchi bo‘ladi.

Bozor iqtisodiyoti jamiyatni raqobat muhitida hayot kechirishga chorlaydi, hatto, majburlaydi. Raqobat bo‘lsa faqatgina moddiy ishlab chiqarishda emas, balki shaxslararo munosabatlarda zaruriy ko‘nikmalarni shakllantirganlik va rivojlantirganlik darajasida ham aks etadi. Ya’ni, odamlar shaxslararo munosabatlarda qanchalik muvaffaqiyatli harakat qilsalar, o‘zi ishlayotgan tashkilotlarning rivojlanishiga shunchalik hissa qo‘sha oladilar. Shu sababdan ham rivojlangan mamlakatlarda ish beruvchilar aynan mana shu xususiyaga ega kadrlarni izlaydilar.

Bugungi sharoitda xususiy ish beruvchilar maqsadni aniq qo‘ya biladigan, vazifalarni belgilangan muddatda bajara oladigan, stressga bardoshli, jamoada samarali ishlay olish va liderlik qobiliyatiga ega bo‘lgan, hamkasblari va mijozlarni, fuqarolarni faol tinglab tushuna oladigan hamda ular bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘la oladigan shaxslarni ishga olishni istamoqdalar. Shu bois, ish beruvchilar ishga olishda o‘tkaziladigan intervyu-suhbatda bo‘lajak xodimlar aynan shunday ko‘nikmalarga ega ekanliklarini sinash maqsadida maxsus savollar bermoqdalar.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, shaxslararo munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish nafaqat bo‘lajak xodim, balki jamiyatning barcha a’zolari uchun manfaatlidir. Buning boisi shundaki, ish beruvchi ham qaysi bir sharoitda mijozga aylanadi. Ya’ni, u ham tovar sotib olish, xizmatni iste’mol qilish uchun boshqa ish beruvchilarning xodimlari bilan munosabatlarga kirishadi. Va aksincha, bugungi oddiy xodim orttirgan tajribasi tufayli muayyan mansabni egallashi yoxud o‘z kompaniyasiga asos solishi natijasida ish beruvchiga aylanishi mumkin.

Demak, shaxslararo munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va malakalar tizimi “yumshoq” ko‘nikmalar, ya’ni ingliz tilida “soft skills” deb nomlanadi. Shaxsiyatida ayni ko‘nikmalar ertaroq rivojlangan kishilarning kar’erada muvaffaqiyat qozonish ehtimoli juda yuqoridir. Bunday malaka va ko‘nikmalar “hayotiy ko‘nikmalar” deb ham ataladi. Shaxs ushbu malaka va ko‘nikmalarni o‘zida rivojlantirgani sayin uning shaxsiy rivojlanishi ham yuqorilab boradi.

“Soft skills” kishining mutaxassis sifatida shakllanishda katta ahamiyatga ega. Shaxs mehnat bozorida nafaqat professional malaka va ko‘nikmalar orqali, balki yuqori saviyadagi va samarali shaxslararo munosabatlarda zaruriy malaka va ko‘nikmalarni namoyish etish orqali kasbiy o‘sishga erishishi, tajriba orttirib karera qila olishi mumkin.

Prezidentimiz murojaatnomada ta’kidlaganlaridek: “Mening niyatim – yoshlarimiz talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha dunyoda raqobatdosh boʻlsin, kerak boʻlsa, boshqalardan bir pogʻona ustun tursin” 

G.Nosirxodjaeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti
professori