Kaspiy dengizi orqali yangi yoʻnalishlardan foydalanish masalalari muhokama qilindi

    Moskva shahrida “Transport haftaligi – 2024” tadbiri oʻz faoliyatini boshladi. Rossiya Federatsiyasi Transport vazirligi tomonidan 17-marotaba tashkil etilgan tadbir doirasida “Transport-2024” forumi va koʻrgazmasi ham oʻtkazilmoqda.

    “Transport haftaligi – 2024” doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Rossiya Federatsiyasi transport vaziri Roman Starovoyt oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar oʻzaro hamkorlikda temir yoʻl infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, Kaspiy dengizi orqali yangi yoʻnalishlardan foydalanish masalalarini muhokama qilishdi, deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi maʼlumotida.

    Uchrashuv yakunida vazirliklar oʻrtasida temir yoʻl infratuzilmasini qurish boʻyicha hamkorlikni tashkil etish yuzasidan oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.