Ba'zan shundoq tashlab yuboradigan, ba'zida esa kerakb o'lib qolar deya saqlab yuradiganimiz — kassa cheklari ham sog'ligimiz uchun xavfli ekanini hech o'ylab ko'rmaganmiz, desak xato bo'lmas. Bu xayolga ham kemaydi-da aslida.
Ilmiy yangiliklar kanalining xabar qilishicha, yaqinda Ispaniya, Fransiya hamda Braziliya olimlari o'zaro hamkorlikda do'konlar, savdo markazlarida sotuvchilar tarafidan xaridorga beriladigan kassa cheklari xususida tadqiqot o'tkazishdi.
Aniqlanishicha, cheklar yasalgan termaqog'ozlar tarkibida «A» bisfenol kimyoviy moddasi mavjud ekan. Aynan shu modda bizning chek olgan qo'limiz terisiga singishi, agar oziq-ovqatlar bilan yonma-yon qo'ysak, ular orqali organizmga kirib borish natijasida keyinchalik ko'krak, bachadon, jinsiy a'zolar va boshqa turdagi saraton to'qimalarini paydo qilar ekan. Bundan tashqari, o'sha modda organizmdagi gormonlar me'yorini buzgan holda semirishga olib kelishi ham o'rganildi. Yana cheklar tarkibidagi moddalar pushtsizlikka ham mubtalo etishi ehtimolga yaqin ekan. Shundan kelib chiqib, olimlar termoqog'ozlarni oziq-ovqatdan uzoqroqda saqlashni va bolalar qo'liga berib qo'ymaslikni maslahat berishmoqda.