Joriy yilning 20 iyul` kuni soat 18:00 larda Qo'shtepa tumanidagi Soybo'yi mahalla fuqarolar yig'ini hududida xizmat olib boruvchi profilaktika inspektori, katta leytenant Akbarali Tursunov hamkasbi, leytenant Asilbek Obidov bilan birga xizmat burchini bajarib, avtoulovda tuman ichki ishlar bo'limi binosiga kelishayotgan edi.

Ular tumanning Langar mahallasi hududidan o'tishayotganda shu erdan oqib o'tgan Katta Farg'ona kanali yoqasida kutilmagan bir holatga duch kelishdi. Qirg'oqda bezovta holatda turgan bir ayol o'zini suvga tashlashga chog'lanar, kanalning narigi yuzida turgan bir-necha kishi esa qichqirib, uni to'xtatishga urinishardi.

Profilaktika inspektorlari avtomashina rulini darhol o'sha tomonga burishdi. Ammo, ular etib borib mashinadan tushgunicha ayol o'zini kanalga tashlab yubordi.

Katta leytenant Akbarali Tursunov ikkilanib o'tirmay darhol o'zini suvga otdi. Leytenant Asilbek Obidov va ular bilan xizmatga jalb etilgan Milliy gvardiya qo'riqlash xizmati safdor xodimi Hasanboy Jo'raboev ayolni shiddatli oqimdan chiqarib olishda unga yordam berishdi. Xullas, uni qutqarib suvdan chiqarib olishdi.

Ma'lum bo'lishicha, qutqarib olingan qiz shu tumanda yashovchi K.G. bo'lib, oilasidagi muammolar, stressli vaziyatlar tufayli ruhiy holati yomonlashib, o'z joniga qasd qilishga uringan ekan.

K.G. ayni paytda ruhiy holatini tiklash uchun Farg'ona viloyati ruhiy-asab kasalliklar shifoxonasiga davolash uchun yotqizildi.

Qizning yaqinlari va mahalla ahli bir inson hayotini saqlab qolgani uchun osoyishtalik posbonlaridan minnatdor bo'lib, rahmat aytishdi.

Farg'ona viloyati IIB Axborot xizmati