Sharq gavhari deb nom olgan Samarqand shahri azaldan ilm-maʼrifat beshigi boʻlib kelgan. Bu zamindan jahon ilm-fani tamadduniga munosib hissa qoʻshgan buyuk allomalar, mutafakkirlar yetishib chiqqanini dunyo ilm ahli bir ovozdan eʼtirof etadi. Yurtimiz tarixida oʻtgan ikki Renessans paytida bu shaharga jahonning koʻplab davlatlaridan odamlar maʼrifat istab kelgani ham tarixiy haqiqat.
Azim shaharning oʻtmishi va buyuk allomalari, hududda rivojlanayotgan ilm-fan haqida fikr yuritar ekanmiz, bugun yurtimiz zaminida poydevori qoʻyilayotgan Uchinchi Renessansning yuzaga kelishida ham Samarqand muhim vazifani oʻtaydi, deyishga asosimiz bor. Soʻnggi besh-olti yilda eʼlon qilingan taʼlim tizimini isloh qilishga doir qator farmon va qarorlar aynan mana shu qadimiy shahardagi ilm-fan maktablarini tiklash va rivojlantirishga qaratilgani mana shunday xulosa chiqarishga izn beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini hayotga tatbiq etish borasidagi ishlar samarasi oʻlaroq, yurtimizda taʼlim tizimini izchil rivojlantirish, yoshlarni bilimli va malakali, jahon talabiga mos mutaxassislar etib tayyorlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Oliy taʼlimga qamrovni yanada kengaytirish maqsadida poytaxtimiz va barcha viloyatlarda qator oliy oʻquv yurtlari va ularning filiallari tashkil etilyapti. Shu oʻrinda xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallarining mamlakatimizda ochilayotganini ham alohida eʼtirof etish lozim.
Bugun taʼlimdagi mana shu islohot va yangilanishlardan Samarqand ahli ham bahramand boʻlyapti. Soʻnggi besh yilda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari 7 tadan 12 taga yetdi. Jumladan, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti Samarqand filiali, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali, “Ipak yoʻli” turizm xalqaro madaniy meros universiteti, Samarqand davlat universiteti Oʻzbekiston — Finlyandiya pedagogika instituti, Samarqand davlat universitetining Kattaqoʻrgʻon filiali hamda Samarqand davlat chet tillar institutining Narpay va Payariq tumanlari fakultetlari tashkil qilindi.
Samarqandda mavjud barcha oliygohlarning moddiy-texnik bazasini zamon talablari darajasiga yetkazish, sifatli kadrlar tayyorlash, faoliyat koʻrsatayotgan professor-oʻqituvchilarning yetuk ilmiy salohiyatga ega boʻlishi uchun barcha imkoniyat yaratib berilmoqda. Shu oʻrinda Samarqand davlat universitetining Alisher Navoiy ilmiy-amaliy muzeyi, geologiya va zoologiya, tarix muzeylari va botanika ilmiy issiqxonasi, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti zooinjeneriya fakultetining asalarichilik, baliqchilik va parrandachilik kafedrasi oʻquv laboratoriyasi, veterinariya profilaktikasi va davolash fakultetining anatomiya muzeyi hamda hayvonlar saqlanadigan vivariysi, Samarqand davlat chet tillar institutining zamonaviy oʻquv binolari, Samarqand davlat tibbiyot universitetining barcha shart-sharoit, eng zamonaviy laboratoriyalarga ega 800 oʻrinli yangi oʻquv binosi kabilarni alohida taʼkidlash mumkin.
Davlatimiz rahbarining bu yil 1-apreldagi “Samarqand davlat tibbiyot universitetini tashkil etish va sohada kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori nafaqat viloyat, balki yurtimiz miqyosida tibbiyot xodimlarini tayyorlashda muhim ahamiyatga ega tarixiy voqea boʻldi. Unga binoan, Samarqand davlat tibbiyot instituti mamlakatimizdagi tibbiyot sohasi boʻyicha birinchi tibbiyot universitetiga aylantirildi. 90 yillik sharafli tarixga ega boʻlgan oʻquv muassasamiz oʻtgan davr mobaynida 40 mingdan ortiq shifokor, ilmiy xodim, fan arboblari, akademiklar, jamoat va davlat arboblarini tayyorlagan.
Mazkur meʼyoriy hujjat yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, uning institutsional, oʻquv-pedagogik salohiyatini kuchaytirish, oʻquv jarayonini xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etish, aholi salomatligini muhofaza qilish, reabilitologiya va sport tibbiyoti sohasidagi dolzarb muammolar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni tizimli olib borish hamda aholiga tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu tarixiy qaror bilan Samarqand viloyatidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari universitetga biriktirildi. Tibbiy taʼlim sohasida universitet litseyi, tibbiyot kolleji va texnikumlarini oʻz ichiga olgan taʼlim klasterlarining paydo boʻlishi kelgusida sohaning oʻrta boʻgʻini uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bilan birga, oliy tibbiy maskan uchun iqtidorli yoshlarni tanlash imkonini ham yaratadi.
Universitetning oʻquv jarayoni kelgusida mazkur texnikum va kollejlardagi taʼlim va amaliyotga integratsiya qilinib, ulardagi oʻqitish, kadrlar tayyorlash sifatini yuqori bosqichga koʻtarishga yordam beradi. Oliygohimiz ushbu muassasalardagi taʼlim samaradorligi uchun bevosita masʼul boʻlib, ularning zarur moddiy-texnik, oʻquv-metodik bazasini shakllantiradi, oʻquv jarayoniga tajribali mutaxassislarni jalb etadi. Texnikum va kollejlarda faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarga ilmiy-metodik jihatdan koʻmaklashadi. Universitet klinikalari oʻrta maxsus taʼlim muassasalari uchun klinik baza boʻlib xizmat qiladi. Kafedralari oʻz yoʻnalishida texnikum va kollejlarga zamonaviy oʻqitish metodikasi va texnologiyalarini kiritadi, oʻqituvchilar va oʻquvchilarning bilimini baholab boradi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedralarini viloyatdagi tuman (shahar)larga biriktirish orqali hudud aholisi uchun tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yanada kengayadi. Talabalarning oʻqish jarayonini amaliyot bilan uygʻun olib borishi barobarida, tibbiyotning birlamchi tizimida davolash va diagnostika, kasalliklarning oldini olish, aholining tibbiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Oliygohimizning universitetga aylantirilishi shiddat bilan rivojlanayotgan jamiyatimizda kelgusida xalqaro mehnat bozori talablariga javob beradigan kuchli tibbiyot kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish, bitirib chiqayotgan yosh mutaxassislarni munosib ish bilan taʼminlash masalasida ham tibbiyot muassasalari bilan keng hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini yaratadi.
Bugun yurtimiz oliy taʼlim muassasalarida xorijiy mamlakatlarning nufuzli universitetlari hamkorligida yangi yoʻnalishlar, qoʻshma fakultetlar ochilmoqda. Jumladan, universitetimizda hozir Rossiya Federatsiyasining Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti, I.Ulyanov nomidagi Chuvash davlat universiteti, Saratov davlat tibbiyot instituti, Ukrainaning Gorbacheskiy nomidagi Ternopol milliy tibbiyot universiteti, Polshaning National Louis University oliy biznes maktabi bilan qoʻshma oʻqitish dasturlari asosida xalqaro taʼlim fakultetida 260 dan ziyod talaba tahsil olmoqda.
Mazkur bakalavriat taʼlim dasturlari bilan bir qatorda, universitetimizda Ya.Gorbacheskiy nomidagi Ternopol milliy tibbiyot universiteti bilan oliy hamshiralik ishi, Polshaning National Louis University oliy biznes maktabi bilan sogʻliqni saqlash menejmenti hamda Belarus davlat tibbiyot universiteti bilan qator klinik mutaxassisliklar boʻyicha qoʻshma magistratura va klinik ordinatura taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyildi. 2021-yildan boshlab Yevropa Ittifoqining “ERASMUS+” akademik dasturi doirasida umumiy qiymati 2 million yevroni tashkil etuvchi ikkita xalqaro akademik grant loyihasi, shuningdek, AQSHning “Smile Train” amaliy granti hisobidan stomatologiya va yuzjagʻ jarrohligi sohasida ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarning asosiy maqsadi universitetdagi taʼlim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish hamda bajarilayotgan ilmiy ishlarning xalqaro darajada eʼtirofiga erishishdan iborat.
Prezidentimiz qarori bilan institutning universitetga aylantirilgani bugun yosh avlod kamolotiga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning, mamlakatimiz tibbiy taʼlimiga yuksak ishonchning yorqin namunasi boʻldi. Bu eʼtibor tufayli oʻquv muassasasi nafaqat yurtimiz, balki dunyo ilm-fani rivojiga munosib hissa qoʻsha oladigan raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun katta sinov boʻsagʻasida turibdi. Oʻylaymizki, ushbu sharafli va oʻta masʼuliyatli sinovdan universitetimiz jamoasi oʻz mehnati va ilmiy-pedagogik salohiyatini qoʻllab, yorugʻ yuz bilan oʻta oladi.