Kattalar va bolalar kuniga qancha meva-sabzavot isteʼmol qilishi kerak?

    Semizlik — koʻplab xavfli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omil. Mutaxassislar ortiqcha vazn yuzaga kelishiga asosan nosogʻlom turmush tarzi, jumladan, notoʻgʻri ovqatlanish sabab boʻlishini taʼkidlaydi.

    Bu borada Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining alohida tavsiyalari ham bor. Unga koʻra, kundalik yogʻ isteʼmoli kattalar ratsionidan joy olgan mahsulotlar umumiy quvvatining 30 foizidan oshmasligi zarur. Xususan:

    10 foizgacha — toʻyingan yogʻli kislotalar (yogʻli goʻsht, sut mahsulotlari, qatiq, sariyogʻ va boshqa turdagi yogʻlar);

    1 foizgacha — sanoat yoʻli bilan ishlab chiqarilgan transyogʻlar va hayvon yogʻlari.

    Qolaversa, shakar isteʼmolini cheklash ham sogʻlik uchun juda foydali. Bu mahsulotning kunlik meʼyorini 25-30 grammdan oshirmaslik (shirinlik va boshqa ozuqa mahsulotlari tarkibidagi ham hisobga olingan) tavsiya etiladi.

    Uning oʻrniga sifatli uglevodlarni isteʼmol qilish foydali ekanligi qayd etilgan.

    Har bir inson oʻz organizmi uchun zarur uglevodlarni, birinchi navbatda, don, sabzavot, meva va dukkakli mahsulotlardan olishi kerak.

    Xususan, kattalar kuniga kamida 400 gramm meva-sabzavot tanovul qilishi maqsadga muvofiq.

    Bolalar va oʻsmirlarning kunlik meva-sabzavotlar isteʼmoli esa quyidagi miqdorda boʻlishi tavsiya etiladi:

    — 2-5 yosh — kamida 250 gramm;

    — 6-9 yosh — kamida 350 gramm;

    — 10 yosh va undan kattalar — kamida 400 gramm.

    Eslatib oʻtamiz, JSST 2030-yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semizlikdan aziyat chekishini prognoz qilgan. Olimlar fikricha, bu global muammoga sogʻlom turmush tarzi orqali samarali yechim topish mumkin!