Kattaqurgʻon shahar madaniyat va istirohat bogʻida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning kattaqoʻrgʻonlik yoshlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Mehriddin Abdullayev mamlakatimizda yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning tashabbuslari va loyihalarini qoʻllab-quvvatlash orqali hayotda oʻz oʻrinlarini topishlarida koʻmaklashish asosiy vazifalardan ekanligi haqida soʻz yuritdi.

Shuningdek, sohada bugun juda koʻplab yoshlar faoliyat olib borayotganligi, keyingi yillarda sohaga qiziqadigan yoshlar sonining oshganligi va doim mana shunday tashabbuskor, izlanuvchan yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini taʼkidladi.

Kattaqoʻrgʻon shahar hokimi Gavhar Alimova islohotlar, amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida gapirar ekan, kattaqoʻrgʻonlik yoshlar oʻz bilimi va tashabbuslari bilan koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritayotganligiga ahamiyat qaratdi.

Muloqot davomida yoshlar tomonidan takliflar, murojaatlar kelib tushdi. Yoshlarni turli sayyohatlar, uchrashuvlarga borishlari uchun avtobusga ehtiyoj borligi yuzasidan qilingan murojaati ijobiy hal etildi. Yaʼni, masʼullar tomonidan kattaqoʻrgʻonlik yoshlarga avtobus olib berilishi vaʼda qilindi.

Tadbir davomida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasiga boʻlgan qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan ilm-fan, sanʼat, sport, madaniyat sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan, shuningdek “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oila farzandlariga tikuv mashinalari, pishiriq pechlari va boshqa turdagi sovgʻalar topshirildi.

Uchrashuvda yosh musavvirlar, yosh oshpazlar tanlovlari gʻoliblari aniqlandi va ular qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi, deya xabar beradi Hilola Ergasheva.

— “Yoshlar oyligi” munosabati bilan juda koʻplab tadbirlar, tanlovlar, uchrashuvlarda ishtirok etdik. Uchrashuv juda samimiy tarzda boʻldi. Bugun bizni fikrlarimiz, takliflarimiz inobatga olindi. Kelgusida oʻz bilimimiz, tashabbuslarimiz bilan shahrimiz, Vatanimiz rivojiga hissa qoʻshamiz, — deydi tadbir ishtirokchilaridan Durdona Roʻzimurodova.