U Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, OʻzRFA Botanika instituti, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasi tomonidan Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hamkorligida tashkil etildi.
Seminarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan kelgan kavrak oʻsimligi yetishtiruvchilari hamda tashabbuskorlar, shuningdek, uzoq yillar davomida ushbu dorivor oʻsimlikni eksport qilib kelayotgan 100 ga yaqin tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimizning 2022-yil 28-apreldagi “Respublikada kavrak yetishtirishni rivojlantirish va sanoatlashtirishni ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.
Seminar davomida 367 gektar maydonda pista va kavrak plantatsiyasi tashkil etgan “Eko komfort” xususiy korxonasi rahbari madaniy holda kavrak oʻsimligini suv tanqis hududlarda yetishtirish agrotexnologiyasi, hosil yigʻishtirish va eksport qilish boʻyicha oʻz tajribalari bilan boʻlishdi.
Taʼkidlanganidek, respublikada soʻnggi yillarda dorivor va ziravor oʻsimliklarni rivojlantirishga, xususan tabiiy boyliklardan samarali va unumli foydalanishga katta ahamiyat berilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2020-yil 10-apreldagi “Yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklarni muxofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohani tubdan rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratib berdi. Ushbu qarordagi vazifalarni amalga oshirish natijasida dorivor oʻsimliklarni nafaqat tabiatda yovvoyi holda terib olish, balki madaniy holda plantatsiya usulida koʻpaytirish va qayta ishlashni tashkil etish bilan shugʻullanuvchi fermerlar va tadbirkorlar soni ham sezilarli darajada ortib bormoqda.
Mutaxassislar aytishicha, respublikaning ogʻir suv-tuproq-iqlim sharoitli hududlarida oʻstirish imkoni boʻlgan dorivor va ziravor oʻsimliklar turlarini yetishtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, bugungi kunda respublikada jami 12 ming gektardan ortiq maydonda kavrak oʻsimligi parvarishlanmoqda. Ushbu maydonlardan 2021-yilda qiymati 7,65 mln dollarlik 170 tonna kavrak shirasi eksporti amalga oshirildi.
Seminarda aholi oʻrtasida kavrak oʻsimligining keng isteʼmolini yoʻlga qoʻyish, yetishtirish va eksport qilish bilan shugʻullanadigan subektlar faoliyatini muvofiqlashtirish takliflari koʻrib chiqildi.









