“Kazspas-2021” xalqaro qutqaruv koʻpkurash musobaqalari yakuniga yetdi

    Sport 28 Sentabr 2021 595

    Avval xabar berilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi FVV qutqaruvchilari joriy yilning 23-27-sentyabr kunlari Qozogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan “Jer-2021” qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashqlari va “Kazspas-2021” qutqaruv yigʻin-seminari doirasida xalqaro qutqaruv koʻpkurash musobaqalarida qatnashdi.

    27-sentyabrda “Skalmnыy gorod – Astana” oʻquv mashgʻuloti maydonida “Kazspas-2021” xalqaro qutqaruv koʻpkurash musobaqalari va harbiy uchkurash qutqaruv musobaqalari ishtirokchilarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Mazkur musobaqada Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qozogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Respublika tezkor qutqaruv otryadi va Gʻarbiy Qozogʻiston tezkor qutqaruv otryadi hamda harbiy qismlari harbiy xizmatchilari va qutqaruvchilar ishtirok etishdi.

    Musobaqa doirasida ishtirokchilar “Texnogen ofatlar sharoitida qidiruv-qutqaruv ishlari”, “suvda qidiruv-qutqaruv ishlari” va “tabiiy muhitda qidiruv-qutqaruv ishlari” yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro bellashdilar.

    Musobaqa natijalariga koʻra jamoaviy 3 oʻrinni Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari, 2 oʻrinni Gʻarbiy Qozogʻiston viloyati tezkor qutqaruv boʻlinmasi jamoasi, faxrli 1 oʻrinni Qozogʻiston Respublika tezkor qutqaruv otryadi jamoalari egalladi.

    Musobaqada qutqaruvchilar birdamlikni va favqulodda vaziyatlarda qutqaruv ishlarini oʻtkazishda yuqori professionallikni namoyish etdi, deb xabar beradi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.