Xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan yangi Oʻzbekiston davlati, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etar ekanmiz, avvalo, mazkur maqsad yoʻlida davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy poydevorini yanada mustahkamlash, mamlakatni modernizatsiya qilish, bu jarayonda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli demokratik islohotlarni jadal amalga oshirish talab etilyapti. Shu bois,  dyemokratiyaning asosiy talabi boʻlgan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash bilan bir qatorda insoniyatning bebaho boyligi boʻlgan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga eng muhim vazifa sifatida ahamiyat qaratmoq lozim.

Jamiyatda ijtimoiy ong oʻzgarishi bilan ijtimoiy munosabatlar ham rivojlanib boradi. Jamiyat va uning holati aslida inson ongining inʼikosidir. Fuqarolar qanday ezgu amallar bilan qurollangan boʻlsa, ana shu ruhiy qudrat istaklarining hosilasini oladi. Bu jarayon ulkan toʻlqin sifatida millatning mushtarak maqsadlarida namoyon boʻlayotir. Oldinda turgan davr Oʻzbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan oʻzgarishlar davri boʻladi. Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi.

Kishilik jamiyatining rivojlanishi, tabiat va atrof-muhitni oʻrganish, u bilan muloqotga kirishish hamda inson manfaatiga muvofiqlashtirish barcha davrlarda muhim omillardan biri boʻlgan. Bu jarayon individuallik kasb etib, oddiy odamdan tortib olimlarning yondashuvlarigacha nostandartlik, qarama-qarshilik va ziddiyatli fikr-mulohazalar yuzaga kelishiga asos boʻlgan holda taraqqiyot tomon insoniyatni yoʻnaltirgan.

Nostandart tafakkur tarzi inson tabiatiga xos boʻlib, odam hayotida ijodkorlik bilan toʻqnash keladi. Uning qaysidir jihatini oʻzgartirishda, yangi davrning boshlanishida har bir shaxsning oʻziga xos xislati va fazilatlari asosiy oʻrin egallaydi. Chunki bugungi keskin raqobat olamida kechagi mezon va yondashuvlar bilan rivojlanib boʻlmaydi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi. Oʻtmishdan, kechagi tarixdan, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklardan zarur xulosa chiqarib, Oʻzbekistonning dunyodagi oʻrni va nufuzini yanada yuksaltirish, Vatan shuhrati va shon-sharafini hamma jabhalarda munosib va mardona himoya qilish lozim.

Mamlakatimizda ijtimoiy davlat qurilishi eʼlon qilindi. Xoʻsh u qanday davlat boʻladi? Ijtimoiy davlat oʻz siyosatida ijtimoiy adolat tamoyillaridan kelib chiqib, faoliyat yuritadi. Asosiy maqsad – jamiyatda yaratilayotgan moddiy va maʼnaviy boyliklarni ijtimoiy adolat tamoyili asosida qayta taqsimlashdan iborat boʻladi. Bunda har bir fuqaroning maishiy turmush tarzi holatini sifat jihatdan yuqori darajaga olib chiqish, aholining turmush sharoiti va sifati jihatdan tabaqalanishiga, yaʼni ular oʻrtasidagi yashash uchun ketadigan sarf-xarajatlar boʻyicha farqlarning kattalashib ketishiga yoʻl qoʻymaslikka va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismiga davlat tomonidan kafolatlar tizim orqali yordam koʻrsatilib, yaratilgan neʼmatlardan ijtimoiy kafolatlar orqali hamma bahramand boʻlishiga olib keladi.

Insoniyat tomonidan yaratilgan davlatchilik tarixida islohotlarning garovi va kafolati hokimiyatning samarali faoliyati bilan bogʻliq holda kechgan. Ular boshqaruv mahorati bilan uzoqqa moʻljallangan maqsadlarni rejalashtiradi, siyosiy va ijtimoiy jarayonlarni idora qiladi, aholini safarbar etadi, mavjud resurslardan oqilona foydalanish va uni odilona taqsimot qilish vazifalarini amalga oshiradi. Shunday ekan, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimlarini takomillashtirmasdan turib, mamlakat hayotini modernizatsiya qilib boʻlmaydi. Modernizatsiya oʻz umrini poyoniga yetkazgan boshqaruv usullarini faqatgina yangi sifat va talablar darajasiga koʻtarish bilan mamlakatni rivojlantirishga olib keladi. Shu maʼnoda, bugun mamlakatimiz chinakam yangilanish jarayonini boshdan oʻtkazmoqda.

Prezidentimizning Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida kechagi natija, kechagi qarash va mezonlarni har bir rahbar bugun haqiqatan ham tarixga aylantirmogʻi va oʻz ish uslubida, xatti-harakatida bugungi kun talablarini singdirmogʻi lozimligi taʼkidlandi. Ertaga qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qoʻpol munosabatda boʻladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan — u vazir yoki hokim boʻladimi, boshqa masʼul vazifadagi amaldor boʻladimi — salbiy harakatlari bilan davlat obroʻsiga putur yetkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashilishi qatʼiy aytildi. Ularning oʻrniga bilimli, Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh-yosh yigit-qizlar qoʻyilishiga urgʻu berilgani ham bejiz emas. Chunki yangi davrni yangicha fikrlaydigan odamlar boshlab beradi. Eskicha tafakkur va dunyoqarashdagi odamlar bilan yangilanishga erishib boʻlmaydi.

Yangicha saviya va tushuncha bilan yashashni mahallalardan boshlash ehtiyoji bugun oʻta zarur. Chunki hozirgi global oʻzgarishlar, mafkuraviy tahdidlar sharoitida mahalla xalqimizni turli mafkuraviy xurujlardan asrash, fuqarolar ongida mafkuraviy immunitetni hosil qilish, ularni avvalo, sogʻlom, barkamol insonlar qilib tarbiyalash vazifasini oʻtamoqda. Fuqarolar, avvalo, yoshlar mustaqil dunyoqarashga ega boʻlib, ular ongida vatanparvarlik, milliy gʻurur va iftixor tuygʻusi shakllansa, begona gʻoyalar ularga taʼsirini oʻtkaza olmaydi. Taʼbir joiz boʻlsa, aholi ongida yuksak maʼnaviyat va sifatlarni shakllantirish umumxalq ishidir. Uni faol targʻib qilish oila, bogʻcha, maktab, oliy taʼlim tizimi, mahallaning asosiy burchidir, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Jamiyatda maʼnaviy-axloqiy tarbiyaning susayishi qadriyatlardan yiroqlashish, maʼnaviy-axloqiy begonalashuvning yuzaga kelishiga sabab boʻladi. Zamonaviy jamiyat rivojining muhim ehtiyojlaridan biri insoniyat va har bir shaxsning taqdiri bilan bevosita aloqador madaniyat hodisasining mazmuni va funksiyalarini zamonaviy tarzda tushunish bilan bogʻliq. Aynan ijtimoiylashuv jarayonida umuminsoniy qadriyatlar, xulq-atvor meʼyor va qoidalari, boy madaniy merosni oʻzlashtirish orqali ularning oʻzligini anglashiga erishiladi.

Xalqimiz ijtimoiy taraqqiyotga intilishi va chuqur maʼnaviy salohiyati bilan yangi Oʻzbekistonni barpo etmoqda. Zamonaviy sharoitda mamlakatimizda jamiyat va inson farovonligi, ijtimoiy-maʼnaviy takomilini taʼminlash borasida muhim, oʻz navbatida, yuksak marra qoʻyilib, yorugʻ istiqbolni koʻzlagan chora-tadbirlar olib borilmoqda. Oʻzini oʻzi rivojlantirishga qodir shaxsni shakllantirish, bugun olayotgan har nafasini shu el, shu xalq tinchligi, davlat taraqqiyoti uchun safarbar qilish, umuman, kyechagi natija, kechagi qarash va mezonlar bugun tarixga aylandi, deb hisoblashimiz darkor. Shu vaqtga qadar erishgan har qanday marralarimiz bizni qoniqtirmasligi hamda mana shu oʻy-fikrlarimizni milliy fenomenga aylantirmogʻimiz davr talabidir.

Shavkat SHARIPOV,

pedagogika fanlari doktori, professor