Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2016-yildan buyon 5,5 barobar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi, 3,3 barobar, qurilish ishlari 3,7, xizmat koʻrsatish sohasi esa 3,6 barobar oshdi. 2026-yilgacha toʻrt mingdan ziyod oʻrta va kichik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 120 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilingan.
Buning uchun mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, qurilish materiallari, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal kabi sohalardagi sanoat loyihalarini ishga tushirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Viloyat sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha salohiyatli hudud. Shuning uchun soʻnggi yillarda yangi sanoat tarmoqlari vujudga keldi. Sement va bazaltdan qurilish materiallarini eng zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarish ilk bor shu hududda boshlandi. Keyingi besh yillikda viloyatda 310 ta yangi loyiha amalga oshiriladi.
Forish, Baxmal, Zafarobod va Yangiobod tumanlarida 56 ta kon oʻzlashtirilib, ixtisoslashtirilgan klasterlar tashkil etish belgilangan. Birgina Forish tumanida bazalt tosh chuqur qayta ishlanib, kompozit quvur, mineral plita, armatura, sunʼiy tola, gazetka kabi mahsulotlar ishlab chiqaradigan texnopark tashkil etilganini hisobga oladigan boʻlsak, bu yerdagi loyihalar soni 13 taga yetadi.
Jizzaxda toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Paxtani qayta ishlash yoʻnalishida oʻtgan yili sakkizta istiqbolli loyiha ishga tushishi natijasida 1174 ta yangi ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, oziq-ovqat sanoati tizimida uchta yangi loyiha ishga tushirildi va 350 kishi doimiy ish bilan taʼminlandi.
— Bugungi kunda viloyatda jami 4 533 ta sanoat korxonasi mavjud boʻlib, yiriklari 30 ta, kichik sanoat korxonalari 2 721 tani tashkil etadi. Ular tomonidan shu yilning yarim yili yakuni boʻyicha 8,8 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi, — deydi viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi Sarvar Abdullayev. — Bundan tashqari, viloyatda 2023-2024-yillar uchun yangi shakllantirilgan mahalliylashtirish dasturiga asosan, 52 ta korxonada 86 turdagi import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Umuman, sanoatni rivojlantirish boʻyicha yaratilgan imkoniyatlar natijasida joriy yilga kelib mahalliylashtirish dasturi korxonalari soni 2017-yildagiga nisbatan sakkiz karra, loyihalar soni 4 ta, ishlab chiqarish hajmi esa 412 karra oshdi.
Viloyatda mahalliylashtirish dasturi doirasida soʻnggi olti yilda 539 turdagi yangi mahsulot, xususan, elektr oʻtkazgichlar, turli maishiy texnika buyumlari, 300 turdan ziyod ventil, aksessuar, quyosh suv isitkichlari, eksportbop qandolat mahsulotlari, sendvich panel kabilarni ishlab chiqarish oʻzlashtirildi.
2019-yilda Jizzax viloyatida avtomobil sanoati yirik klasteri tashkil etilishi aytilgan edi. Ushbu niyatlar bugun ijobat boʻlmoqda. Ayni paytda avtomobilsozlik sanoatida tayyor avtomobil va butlovchi qismlar ishlab chiqarishdan tortib sohaga kerakli kadrlar tayyorlashni ham oʻz ichiga oladigan tayyorlov sohalarini qamrab oluvchi yirik klaster tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Oʻtgan yil oxirida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida ishga tushgan “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi konveyeridan yaqinda oʻn mingginchi KIA avtomashinasi chiqdi. 2021-yilda ish boshlagan zavod yiliga 25 ming dona avtomobil yigʻish quvvatiga ega boʻlib, loyihaning birinchi bosqich qiymati 12 million AQSH dollaridan oshgan. Bugungi kunda ushbu zavod multibrend hisoblanib, unda 13 turdagi KIA, Renault, Chery va Lada avtomobillari yigʻiladi. Hozir korxonada 150 nafarga yaqin malakali mutaxassis ishlamoqda.
Ikkinchi bosqichda “Jizzax avtomobil zavodi” tomonidan Volkswagen tijoriy avtomobillari, uchinchi bosqichda esa “Auto Motors Asia” tijoriy va yuk avtolarini ishlab chiqarish moʻljallanmoqda.
Joriy yilning 19-may kuni muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida avtomobillar ishlab chiqaradigan “BYD Uzbekistan Factory” zavodi qurilishiga start berildi. Ishlab chiqarish maydoni 10,6 gektar boʻlgan mazkur zavod “Jizzax Auto” negizida tashkil etilib, xalqaro sifat va xavfsizlik standartlariga muvofiq faoliyat koʻrsatadi. U NEV avtomobillarini ishlab chiqarish boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.
— Viloyatda sanoat tarmoqlari rivojlanishi barobarida eksport hajmi ham ortib bormoqda. Oʻtgan yili 211 million dollarlik eksport amalga oshirilib, 2016-yildagidan 2,5 barobar koʻpaygan, — deydi viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boʻlimi boshligʻi Maʼruf Malikov. — Shu davrda 35 turdagi mahsulot eksporti amalga oshirildi va 12 turdagi yangi mahsulot eksportga chiqarildi. 2016-yilda 59 ta eksportchi korxona mavjud boʻlgan boʻlsa, 2022-yilda 173 ta korxona mahsulotlarini Rossiya, Xitoy, Turkiya, Qozogʻiston, Tojikistonga sotdi. Eksport geografiyasi 24 davlatdan 42 davlatga, jumladan, Chili, Peru, Shimoliy Makedoniya, Senegal, Moldova kabi davlatlarga kengaydi.
Ayni paytda viloyat iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi sohasining ulushi katta. 2016-2022-yillar davomida qishloq xoʻjaligida 1 216 ta loyiha foydalanishga topshirilishi natijasida 14,8 ming odam ishli boʻldi. Ayniqsa, foydalanishdan chiqqan boʻz yaylov yerlar oʻzlashtirilishi orqali qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari kengayib, mahsulot ishlab chiqarish hajmini yanada koʻpaytirish imkoniyati yaratildi. Soʻnggi uch yilda 8283 gektar suvli yer, 49 506 gektar lalmi maydon dehqonchilik uchun oʻzlashtirildi va aholi farovonligiga xizmat qilmoqda.
Fermer, klaster va olimlar hamkorligi, sohaga ilmiy-innovatsion yondashish natijasida rentabelligi past yerlardan yuqori hosil olish mumkinligi amalda oʻz isbotini topmoqda. Paxta hosildorligi yuqoriladi. Tatbiq etilayotgan ilgʻor zamonaviy texnologiyalar samarasida gʻallachilikda ham yuqori marralar zabt etilmoqda. Bundan yetti yil oldin suvli yerlarda gʻalla hosildorligi oʻrtacha 32,4 sentner edi. Bugunga kelib bu koʻrsatkich 73,7 sentnerga yetdi. Hatto joriy yilda gektaridan 100 sentnerdan ziyod hosil olgan fermer xoʻjaliklari bor.
Viloyatdagi yer maydonlari paxta va gʻalladan qisqartirilib, dehqon xoʻjaliklari tashkil qilindi. Buning natijasida 47920 ta ish oʻrni yaratildi. Joriy yilda 4460 gektar yer auksion orqali sotildi, yetti mingga yaqin dehqon xoʻjaligi tashkil qilindi va uch mingga yaqin ish oʻrni paydo boʻldi.
Dala chetlariga tut koʻchatlari, mevali daraxtlar, sabzavot, poliz va boshqa ekinlar ekildi. Fermer xoʻjaliklarida dala shiyponlari tashkil etilib, parranda va asalari boqish yoʻlga qoʻyildi.
Jahon banki xulosasiga koʻra, 2050-yilga borib Sirdaryoning suv resurslari 5 foiz, Amudaryoniki 15 foizgacha kamayishi bashorat qilinmoqda. Bu, oʻz navbatida, qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish va koʻlamini kengaytirishni taqozo etadi. Viloyat fermer xoʻjaliklari tomonidan 2016-2022-yillar mobaynida 75,3 ming gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilib, 2019-yilda 11,2 million kub metr suv tejalgan boʻlsa, 2023-yilga kelib 28,9 million kub metr suv tejalishiga erishildi.
Iqtisodiy yuksalishlar, oʻz navbatida, shahar va qishloqlarning obod qiyofasida, aholining farovon turmushida yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Mavjud 308 ta qishloq mahalla fuqarolar yigʻini infratuzilmasini yaxshilash maqsadida tasdiqlangan dasturlar doirasida soʻnggi olti yilda jami 6,0 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilgan. Natijada nafaqat Jizzax shahri, balki tumanlar markazi va mahallalar ham zamonaviy, obod, koʻrkam manzillarga aylanmoqda.
Viloyat aholisi salomatligini saqlash, ularga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, yangi turdagi va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish borasida ham ibratli ishlar qilinmoqda. Tibbiyot muassasalari koʻpayib, oʻrinlar soni oshdi. Viloyatning 97 ta mahallasida yangi poliklinikalar ochildi. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlaridan 8 tasining viloyat filiallari tashkil etildi. Xususan, 2 ta shunday markaz uchun yangi binolar qurilib, dunyo standartlariga javob beradigan soʻnggi rusumdagi zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlandi.
Mazkur filiallarda eng murakkab turdagi jarrohlik amaliyotlari ham oʻtkazilmoqda. Oʻtgan yili viloyat markazida ikki marta buyrak koʻchirish jarrohlik amaliyoti bajarilgan boʻlsa, joriy yil Zomin tumanida ham shunday operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi. Holbuki, oldinlari bunday murakkab jarrohik amaliyotlarini hatto Toshkentda ham oʻtkazish imkonsiz edi.
Xullas, viloyatda qaysi sohani qaramang, islohotlarning ijobiy taʼsiri, natijadorligini, aholining hayotdan roziligini, ertangi kunga katta ishonch bilan yashayotganini sezasiz. Bu esa Jizzax viloyati yaqin yillarda yanada rivojlangan hududga aylanishidan darak beradi.
Farhod NEʼMATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri