Kelajak avlod salomatligiga yoʻllangan tibbiyot

    Salomatlik 23 Sentabr 2023 2291

    Joriy yil 22-23-sentyabr kunlari Samarqand shahrida “Oʻzbekistonning Reproduktiv salomatligi: yutuqlar va kelajakka reja” mavzusidagi xalqaro miqyosdagi Ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi

    Unda Oʻzbekistonning barcha hududlaridan mutaxassislar, shuningdek, akusherlik sohasidagi yetakchi xorijiy olimlar, ginekologlar, perinatologlar, reproduktologlar, 10dan ziyod mamlakatlardan molekulyar-genetik tashxischilar ishtirok etdi. Ular orasida Rossiya, Belarus, Ukraina, Gruziya, Isroil, Italiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Koreya, Qozogʻiston va Tojikiston vakillari ham bor.

    Forum Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi” Davlat muassasasi, Samarqand viloyati perinatal markazi tomonidan tashkil etildi.

    Tadbirning ochilish marosimida ishtirokchilarni qutlab Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Ikrom Amonov soʻzga chiqdi.

    U oʻz soʻzida sogʻlom ona va sogʻlom bolani millatning gullab-yashnashi omili sifatida tan olishini taʼkidladi.

    Shuningdek, tashxislashning yangi texnologiyalari va uslublarini oʻzlashtirib va uni tibbiyotga joriy eta turib, uni yanada kuchaytirish va rivojlantirish, davolash muassasalarini zamon talabiga mos eng yangi tashxislash uskunalari bilan jihozlash, akusherlik va ginekologiya, perinatologiya sohasida koʻrsatiladigan tashxislash xizmati sifatini oshirish zarurligiga ishtirokchilar eʼtiborini qaratdi.

    Konferensiyada turli mamlakatlardan tashrif buyurgan soha mutaxassislari mamlakatimiz va xalqaro reproduktiv tibbiyotini, akusherlikni, ginekologiyani, perinatalogiyani muhokama qildilar.

    Dasturga jami 100ta maʼruza kiritilgan. Muhokama etilgan va bugungi kunda onalik va bolalikni samarali muhofaza etish uchun dolzarb sanalgan mavzular qatoridan jismoniy xastalik paytida homilador ayolni parvarish qilishga zamonaviy yondashuv, akusherlikda ogʻir holat va ularni hal etishda fanlarararo kommunikatsiyalar, onkologik kasalliklar, reproduktiv tizimdagi kasalliklarni jarrohlik yoʻli bilan davolashda innovatsiyalar ham oʻrin oldi.

    Konferensiya doirasida 4ta master-klass, suhbat, 2ta yalpi va 12ta seksiyali majlislar oʻtkazildi.

    Shuningdek, konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Respublika akusherlik va ginekologiya markazining V.A. Almazov nomli NMIS (Milliy tibbiy tadqiqot instituti) (Rossiya, Sankt-Peterburg) va “Tojikiston Respublikasi sogʻliqni saqlash sohasida diplomdan keyingi taʼlim instituti” Davlat taʼlim muassasasi (Tojikiston, Dushanbe) bilan ikkita bitim imzolanishi amalga oshirildi.

    Akusherlik va ginekologiya markazi direktori, konferensiya tashkiliy qoʻmitasi rahbari Natalya Nadыrxanova taʼkidlaganidek, bunday tezkor ilmiy koʻlam, isbotlangan tibbiyotga, dunyoning turli mamlakatlarining yetuk mutaxassislari tajribasiga tayangan amaliy tavsiyalar reproduktiv salomatlik sohasidagi mavjud muammolarning yechimiga yanada batafsil yondashish imkonini beradi. Bunday saʼy-harakatlarning natijasi ayollarning va oʻzbekistonlik yosh avlodning salomatligidir, hamda umuman mamlakat aholisiga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatning yaxshilanishidir.

    Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.