Xabaringiz bor, bir necha kundan buyon Poytaxtimizda “Toshkent yoshlar forumi — 2020” tadbiri bo'lib o'tmoqda.

Mazkur tadbirning ikkinchi kunida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Otabek Hasanov spiker sifatida ishtirok etdi.

200 dan ortiq yoshlar ishtirok etgan bu uchrashuvda O.Hasanov bilan "Kelajak liderlari" mavzusida so'z bordi. Unda lider aslida qanday bo'lishi, yoshlar liderga aylanishi uchun nima qilishi kerakligi kabi  muhim savollar yuzasidan suhbatlashildi.

Suhbat chog'ida O.Xasanov “YOshlar forumining maqsadi bitta — yoshlarning ishonchini qozonish. Bizga, Prezidentimizga yoshlarning ishonchi juda ham kerak. Oldin yoshlarni so'z bilan ishontirish mumkin edi. Lekin hozir zamonaviy bilimga ega, AKTni biladigan yoshlarni ishontirib, yolg'on va'dalar bilan aldab bo'lmaydi”, — deya alohida ta'kidladi.

“XXI asr yoshlarini 20 asr g'oyalari bilan boshqarib bo'lmaydi. Bunday usulda boshqarmoqchi bo'lganlar uzoqqa bormayapti. Hozirgi zamonga moslashishimiz kerak, moslashmasak bo'lmaydi”, — deya ta'kidlab o'tdi Otabek Xasanov.

SHuningdek, yoshlarga bugun davlat fuqarolik xizmatida bo'layotgan o'zgarishlar, davlat xizmatidagi vakant lavozimlarning bosqichma-bosqich ochiq mustaqil tanlovlar orqali, meritokratiya tamoyillari asosida eng munosib kadrlar bilan to'ldirib borilayotgani haqida ma'lumot berildi.

Tadbir amaliy jarayonlar bilan ham qizg'in kechdi. Xususan, ishtirokchi yoshlarning ikki nafari shu erning o'zida vacancy.argos.uz portalidan ro'yxatdan o'tkazilib, hujjatlari vakant lavozim uchun elektron tarzda yuborildi.

eng asosiysi, bugun yoshlarning davlat fuqarolik xizmatidagi o'zgarishlarga befarq emasligi ularning takliflarida ayon bo'ldi. Jumladan, ishtirokchilar tomonidan davlat xizmatida ishning samaradorligiga, natija va sifatiga alohida e'tibor qaratish, bu orqali munosib kadrlarni tizimda qoldirish yuzasidan taklifdar bildirildi.

Tadbir so'nggida interaktiv savol-javobda faol qatnashgan hamda tadbir davomida munosib takliflar bergan yoshlargan "Liderlar kitobi" sovg'a qilindi.

Ko'zida ertangi kunga umid porlagan bu yoshlar bu kabi uchrashuvlarni tez-tez tashkil etib turishni ham taklif etdilar.

 

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Axborot xizmati