Xalqimizning fidokorona mehnati bilan barpo etilayotgan Yangi O‘zbekistonning madaniy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatimizning bu boradagi xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirishda qadimiy tarixiy merosimiz namunalari, madaniy boyliklar, ilmiy yutuq va innovatsion g‘oyalarni turli shakllarda, jumladan, ilmiy, adabiy-badiiy, tasviriy yo‘llar bilan faol targ‘ib etish, ularning nafaqat bugungi, balki kelgusi taraqqiyotimizga xizmat qiladigan ta’sirchan vositaga aylantirishga qaratilgan intilish va amaliy harakatlar bugungi kunda tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.
Ana shunday g‘oyat keng qamrovli jarayonlarni Yer yuzidagi barcha xalqlar, jumladan, O‘zbekiston xalqining ezgu orzulari bilan bog‘lab, adabiyot, madaniyat, san’at, ilm-fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohalarida yuksak natijalarga erishayotgan hamda milliy va umumbashariy qadriyatlar rivojiga, global madaniy taraqqiyotga munosib hissa qo‘shib kelayotgan mahalliy hamda xorijiy ijodkor va ziyolilarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:
1. “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti (keyingi o‘rinlarda – Xalqaro mukofot) ta’sis etilsin.
2. Xalqaro mukofot uchun tanlovlar 2025 yildan boshlab har yili quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkazib borilsin:
a) adabiyot;
b) madaniy meros;
v) teatr va kino;
g) musiqa va raqs;
d) tasviriy va amaliy san’at;
j) moda va dizayn;
z) ilm-fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar.
3. Belgilansinki:
a) Xalqaro mukofotning har bir yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblar statuetka, diplom va 10 ming AQSH dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
b) g‘oliblarga Xalqaro mukofot tantanali ravishda topshiriladi.
4. “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti kengashi tuzilsin, uning tarkibi hamda asosiy vazifalari 1- va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. Madaniyat vazirligi Kengashning ishchi organi etib belgilansin.
5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti to‘g‘risidagi ниzомни tasdiqlasin.
6. Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro mukofotni xorijiy mamlakatlarda keng ommalashtirishga va g‘olib deb topilgan chet ellik ishtirokchilarning mamlakatimizga taklif etilishiga ko‘maklashsin, shuningdek, ularga kirish vizalarini, zarur hollarda “Toshkent” va “Samarqand” xalqaro aeroportlarida rasmiylashtirishni ta’minlasin.
7. Madaniyat vazirligi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda Xalqaro mukofot, uning ahamiyati hamda ushbu qaror doirasida amalga oshirilayotgan ishlar keng yoritib borilishini tashkil etsin.
8. Belgilab qo‘yilsinki, Xalqaro mukofot tanlovini tashkil etish va uni o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar 2025 yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi, 2026 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2025-yil 3-noyabr








