Dunyo aholisining o‘sishi, iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik jarayonlarining kuchayishi va suv iste’molining ortib borishi natijasida suv resurslarini boshqarish masalasi xalqaro siyosatning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri sifatida shakllanib ulgurdi. Ayniqsa, transchegaraviy suv resurslariga ega hududlarda ushbu masala davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda. Markaziy Osiyo ana shunday mintaqalardan biri bo‘lib, bu yerda suv masalasi ekologik muammo bo‘lish bilan birga diplomatik muloqot va siyosiy hamkorlikning muhim vositasi hisoblanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tarixan yagona suv tizimi orqali o‘zaro bog‘langan. Mintaqaning asosiy suv manbalari bo‘lgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari bir nechta davlat hududidan oqib o‘tadi va qishloq xo‘jaligi, energetika, sanoat hamda aholining kundalik ehtiyojlarini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu sababli suvdan foydalanish masalasi uzoq yillardan buyon davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik, manfaatlar muvozanati va kelishuvlarni talab qilib kelmoqda.
Mustaqillikdan so‘ng mintaqa davlatlari suv va energetika resurslarini boshqarishda yangi siyosiy va iqtisodiy sharoitlarga moslashishga majbur bo‘ldi. Yuqori oqimdagi davlatlar uchun gidroenergetika ustuvor yo‘nalish bo‘lsa, quyi oqimdagi davlatlar uchun qishloq xo‘jaligi va sug‘orish tizimlari ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib qoldi. 1991-1999–yillar oralig‘ida mintaqada suvdan foydalanishda turli maqsadlarni muvozanatlashtiruvchi asosiy davlatlararo kelishuvlar imzolandi. Ushbu manfaatlar tafovuti ayrim davrlarda ziddiyatli vaziyatlarni yuzaga keltirgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda mintaqada o‘zaro muloqot va konstruktiv diplomatik yondashuv kuchayib bormoqda.
Bugungi kunda suv diplomatiyasi Markaziy Osiyoda yangi mazmun kasb etmoqda. Endilikda davlatlar suvni raqobat manbai emas, balki mintaqaviy hamkorlik va barqaror taraqqiyot omili sifatida ko‘rishga intilmoqda. Konsultativ uchrashuvlar, ikki va ko‘p tomonlama muzokaralar, qo‘shma loyihalar hamda xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi tashabbuslar suv sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bunday yondashuv mintaqada ishonchni oshirish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va ekologik muammolarni birgalikda hal etish imkoniyatlarini yaratmoqda.
Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyoda suv masalasini yanada murakkablashtirmoqda. Muzliklarning qisqarishi, yog‘ingarchilik rejimining o‘zgarishi va suv tanqisligi xavfining ortishi kelgusida mintaqadagi suv resurslariga bo‘lgan bosimni kuchaytirishi mumkin. Xususan, Jahon Banki mutaxassislarining tahlillari shuni ko‘rsatmoqda-ki, 2050-yilga borib Markaziy Osiyo davlatlari aholisi ikki baravarga oshadi va 100 million kishiga yaqinlashadi. Qolaversa, ushbu davrda aholi soni oshib borishi bilan birgalikda, mintaqadagi suv resurslari kamayib boradi va BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin o‘n yilliklarda mintaqa o‘zining 30 foiz suv resurslarini yo‘qotishi mumkin. Bu esa suv tanqisligi masalalariga yechim izlashda an’anaviy yondashuvlardan voz kechib, innovatsion va diplomatik mexanizmlarni kengroq joriy etishni talab qiladi.
Orol dengizi inqirozi XX asrning eng yirik ekologik muammolaridan biri sifatida nafaqat Markaziy Osiyo, balki global ekologik xavfsizlik uchun ham jiddiy tahdidga aylandi. Amudaryo va Sirdaryo suvlaridan uzoq yillar davomida intensiv va nomutanosib foydalanish natijasida Orol dengizi maydoni keskin qisqardi, ekologik muvozanat buzildi, aholi salomatligi va mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Mazkur muammoni mintaqaviy darajada hal etish zarurati Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) tashkil etilishiga asos bo‘ldi.
Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi 1993-yilda Markaziy Osiyo davlatlari – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan. Jamgʻarmaning asosiy maqsadi Orolboʻyi hududidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurslarini oqilona boshqarish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Jamgʻarma faoliyati davlatlararo muvofiqlashtirish mexanizmi sifatida shakllantirildi.
Jamgʻarma faoliyati davomida bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, Orol muammosini xalqaro kun tartibiga olib chiqish, donor tashkilotlar va xalqaro moliya institutlarini jalb etish, suvdan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga xizmat qilindi. Orolboʻyi hududida ekologik va ijtimoiy loyihalar amalga oshirildi, ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi, ayrim hududlarda yashil zonalar tashkil etildi hamda aholi turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Shu bilan birga, jamgʻarma faoliyati samaradorligiga ta’sir qiluvchi qator muammolar ham mavjud. Avvalo, moliyalashtirish manbalarining cheklanganligi va davlatlar manfaatlaridagi farqlar ayrim loyihalarning to‘liq amalga oshirilishini qiyinlashtirmoqda. Shuningdek, qarorlarni bajarish mexanizmlarining yetarli darajada institutsionallashmaganligi hamkorlik samaradorligini pasaytiruvchi omillardan biri hisoblanadi. Ayrim ekspertlar tomonidan jamgʻarma faoliyatida monitoring va natijadorlikni baholash tizimini kuchaytirish zarurligi ta’kidlanadi.
Kelgusida OQXJ samaradorligini oshirish uchun suv diplomatiyasini rivojlantirish, raqamli monitoring tizimlarini joriy etish, ekologik innovatsiyalarni qo‘llash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman olganda, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Markaziy Osiyoda ekologik muammolarni birgalikda hal etishning muhim institutsional mexanizmi sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda hamda mintaqaviy barqaror rivojlanishga xizmat qilmoqda.
2026-yil 22-aprel kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida yuqorida qayd etilgan suv xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish maqsadida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari hamda Jamg‘arma Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi. Mazkur uchrashuv mintaqada suv xavfsizligi, ekologik barqarorlik va transchegaraviy hamkorlik masalalarini muhokama qilish nuqtayi nazaridan muhim siyosiy voqea sifatida namoyon bo‘ldi.
Yig‘ilishning asosiy kun tartibi Qozog‘istonning 2023–2026-yillardagi OQXJga raisligi yakunlarini sarhisob qilish, Orol dengizi havzasidagi ekologik vaziyatni baholash hamda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilashdan iborat bo‘ldi. Muhokamalarda iqlim o‘zgarishi, suv iste’molining ortishi va ekologik muammolarning chuqurlashuvi mintaqa mamlakatlari oldidagi eng dolzarb chaqiriqlar sifatida qayd etildi.
Yig‘ilishning muhim natijalaridan biri Orol muammosiga nisbatan mintaqaviy yondashuvning mustahkamlanganini namoyish etgani bo‘ldi. Davlat rahbarlari OQXJ faoliyatini Markaziy Osiyoda suv bilan bog‘liq, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni muvofiqlashtirishning noyob institutsional mexanizmi sifatida baholadi. Ta’kidlanishicha, Jamg‘arma faoliyati mintaqada yangi sifatdagi davlatlararo munosabatlarni shakllantirish va suv resurslarini kelishilgan holda boshqarishga xizmat qilmoqda.
Yig‘ilish davomida iqlim o‘zgarishining uzoq muddatli oqibatlariga alohida e’tibor qaratildi. Ekspertlar baholariga ko‘ra, 2040-yilga borib Orol dengizi havzasida suv tanqisligi yiliga qariyb 20 milliard kub metrgacha ortishi mumkinligi qayd etildi. Ushbu tendensiya ichimlik suvi ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, energetika, ekologik barqarorlik va ijtimoiy rivojlanish uchun qo‘shimcha xavflarni yuzaga keltiradi.
Sammit yakunida qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Xususan, Ostona bayonoti imzolandi, Qozog‘iston raisligining yakunlari ma’qullandi hamda 26-mart sanasini Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo va Sirdaryo kuni sifatida e’tirof etish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2027–2029-yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi prezidenti etib saylandi va shu davrdan boshlab Jamg‘armaga raislik O‘zbekistonga o‘tishi belgilandi.
Tahliliy jihatdan qaralganda, mazkur yig‘ilish Orol muammosini ekologik masala doirasidan chiqarib, uni mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va diplomatik hamkorlik masalasi sifatida ko‘rib chiqish tendensiyasini mustahkamladi. Bu esa Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasining yangi bosqichga o‘tayotganidan dalolat beradi.
Kelgusida OQXJ samaradorligini oshirish uchun suv resurslarini boshqarishda raqamli monitoring tizimlarini joriy etish, ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish, transchegaraviy loyihalarni kengaytirish va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. 2026-yil 22-aprel yig‘ilishi ushbu yo‘nalishdagi strategik kelishuvlarni shakllantirgan muhim mintaqaviy platforma sifatida baholanishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishi Markaziy Osiyoda ekologik xavfsizlik, suv resurslarini boshqarish va mintaqaviy hamkorlik masalalarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim siyosiy platforma sifatida namoyon bo‘ldi. Mazkur yig‘ilish natijalari Orol muammosining endilikda faqat ekologik inqiroz sifatida emas, balki mintaqaning uzoq muddatli iqtisodiy barqarorligi, ijtimoiy taraqqiyoti va xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatuvchi strategik masala sifatida ko‘rilayotganini ko‘rsatdi.
Yig‘ilish davomida qabul qilingan tashabbuslar va belgilangan ustuvor yo‘nalishlar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va konstruktiv muloqotni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, suv resurslarini adolatli va samarali boshqarish, ekologik muammolarning salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha umumiy yondashuvning shakllanishi mintaqaviy integratsiya jarayonlari uchun muhim omil hisoblanadi.
Shuningdek, yig‘ilish natijalari Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasining institutsional salohiyatini yanada oshirish zarurligini ham ko‘rsatdi. Xususan, qarorlarni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish, monitoring tizimini kuchaytirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish kelgusidagi asosiy vazifalar sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Umuman olganda, ushbu yig‘ilish Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasini rivojlantirish, ekologik boshqaruvning zamonaviy modelini shakllantirish va Orolbo‘yi hududining barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘lidagi muhim siyosiy qadam bo‘ldi. Kelgusida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi mintaqaning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Kenjayev Amirbek,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Davlat boshqaruvi sho‘basi dotsenti v.b.,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)