Kelasi haftadan Respublika boʻylab yana nam havo oqimlari kirib keladi

    “Oʻzgidromet“ agentligi noyabr oyi uchun ob-havo maʼlumotlarini maʼlum qildi.

    Unda qayd etilishicha, 4-noyabrdan shimoliy hududlarga nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, bu hodisa keyingi kunlarda respublikaning barcha hududlariga taʼsir etadi. 4-noyabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida, 5-noyabrdan 7-noyabrgacha Oʻzbekistonning katta qismida yomgʻir yogʻadi, togʻli hududlarda qorga aylanadi. 7-noyabr kuniga kelib, harorat kechalari 6-9 daraja iliqqacha, kunduzgi harorat 12-17 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

    Keyinchalik oy davomida shimoliy hududlar boʻyicha harorat kechalari 0-5 iliqdan 5-10 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 12-17 daraja iliqdan 0-5 daraja iliqqacha oʻzgarib turishi kutilmoqda.

    Janubiy hududlar boʻyicha havo harorati kechalari 5-10 daraja iliqdan 3 daraja sovuq-2 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 18-23 daraja iliqdan 7-12 daraja iliqqacha oʻzgarib turadi.

    Markaziy va sharqiy viloyatlar boʻyicha harorat kechalari 2-7 daraja iliqdan 3-8 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 15-20 daraja iliqdan 3-8 daraja iliqqacha oʻzgarib turishi kutilmoqda.

    Toshkent shahrida 31-oktyabrdan 3-noyabrgacha yogʻingarchilik boʻlishi ehtimoli kam, harorat asta-sekin koʻtariladi va 3-noyabrga kelib harorat kechasi 9-11 darajani, kunduzi 23-25 darajani tashkil etadi.