Kelgusi yil 375 ta maktab va 97 ta bogʻcha rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo etilishi belgilandi

    Aholi oʻsishi tufayli yiliga maktablarda – 120 mingta, bogʻchalarda – 30 mingta qoʻshimcha oʻringa talab yuzaga kelmoqda.

    Kelgusi yili byudjetdan ajratiladigan 3 trillion 200 milliard soʻm hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bogʻcha rekonstruksiya qilinadi va yangilari barpo etiladi.

    Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki va OPEK jamgʻarmasining 50 million dollar mablagʻi doirasida kelgusi 4-yilda 200 ta xususiy bogʻcha qurilib, yangi 30 mingta oʻrin yaratiladi.

    Yangi yildan boshlab xususiy sektorda oʻquvchi oʻrinlarini koʻpaytirish uchun maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 milliard soʻmgacha kredit ajratiladi. Kredit foizining asosiy stavkadan 1,5 barobar oshgan qismi byudjetdan qoplanadi.

    Shuningdek, yangi quriladigan xususiy maktab binolari uchun kommunal xarajatlarning 50 foizi 5-yil muddatgacha byudjetdan toʻlab beriladi.

    Tadbirkorlar oʻz hisobidan maktab qursa, unga ketgan xarajatlar foyda soligʻidan ikki yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlanadi.