Birinchi ustuvor yo‘nalish mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat.

Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yo‘l, suv, elektr va transport ta’minoti, bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi”, – dedi Prezidentimiz.

Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada go‘zal va obod qilish ishlari davom ettiriladi.

Kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi.

Har bir viloyatda 2-3 tadan tumanni tanlab, hamma mahallasidagi barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qiladigan tizim yaratiladi. Ularda bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi.

Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

Deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m berilmoqda. Bu borada “yashil hudud”, “yashil bog‘” yaratish bo‘yicha har bir deputatning tashabbusiga qo‘shimcha 330 million so‘mdan yo‘naltirilishi belgilandi.

Bunday yondashuv orqali 2030-yilgacha sharoiti og‘ir barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kirilishi ta’kidlandi.

Bu ishlarni samarali tashkil qilish uchun tuman byudjeti daromadini kamida 2 karra koʻpaytirishga sharoit yaratib berish zarurligi qayd etildi.

Shu maqsadda 2026-yil 1-yanvardan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻidan tushumning Toshkent shahrida 5 foizi, qolgan hududlarda 20 foizi qoldirilib, bu mablagʻning yarmi tumanlar byudjetiga oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, daromadlarning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismining 50 foizi, ekin yerlarini ijaraga berish va bozorlardan tushumlar ham toʻliq tuman byudjetiga beriladi.

Viloyat, tuman hokimlariga samarasiz va bir-birini takrorlaydigan shtat birliklarni qisqartirib, tejalgan mablagʻni aholi oʻrtaga qoʻygan masalalarni hal qilish uchun ajratishga ruxsat etiladi.

Bu orqali tumanlar byudjetida 5 trillion soʻmlik qoʻshimcha manba shakllanadi va u mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga sarflanadi.