Uchrashuv davomida mamlakatimiz diplomatiya missiyasi rahbari suhbatdoshga O‘zbekistonning o‘z-o‘zini anglashi uchun imkoniyatlar yaratish va kelajakda mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shishni o‘z ichiga olgan yoshlar siyosati haqida atroflicha so‘zlab berdi. Shu o‘rinda tomonlar kelgusi yilning bahorida Samarqand shahrida Musulmon yoshlari forumini o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekistonning intilishini muhokama qildilar.

Tarik Baxitning taʼkidlashicha, bugungi kunda O‘zbekiston jahon hamjamiyati tomonidan yirik siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy va boshqa tadbirlarni yuqori tashkiliy va asosli darajada o‘tkazish bo‘yicha xalqaro markaz sifatida eʼtirof qozondi. U joriy yil 26 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish" xalqaro konferensiyasidagi ishtirokini mamnuniyat bilan qayd etdi. Mazkur xalqaro forumning ahamiyatini qayd etar ekan, Tarik Baxit anjuman Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatning nizodan keyingi tiklanishi uchun mazmunli, majmuaviy va muvofiqlashtirilgan yondoshuvlarni ishlab chiqishga ulkan hissa qo‘shganini taʼkidladi.

Suhbatdoshning qayd etishicha, anjumanda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, Amerika, Yaqin Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqasining 20 dan ortiq davlatlaridan Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillar, shuningdek, BMT, YEI,FAO, EKO kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarining rahbar va mutaxassislari, IHT, SHHT, Afg‘onistonning qo‘shni davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, Rossiya, AQSH, Eron, Pokiston, Hindiston va Belgiyaning yetakchi tahlil markazlari rahbarlari hamda ekspertlari ishtirok etganini yodga oldi. U, shuningdek, joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan SHHT sammiti yakunlariga ham yuqori baho berdi. Bosh kotib o‘rinbosarining taʼkidlashicha, O‘zbekiston tajribasidan ko‘plab mamlakatlar foydalanishi mumkin.

Tarik Baxit IHTga aʼzo davlatlar ishtirokida O‘zbekistonda Musulmon yoshlar forumini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlar ekan, lozim bo‘lsa uni tashkil etishda ko‘maklashishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.