Institut tomonidan vazirlikning “Zoʻr” (“Klass”) loyihasi doirasida 2021-2022 oʻquv yillarida hududlardagi maktab oʻquvchilariga rus tilini oʻrgatish uchun 150 nafar rossiyalik mutaxassisning tashrifi koʻzda tutilgan hamda ularning uy ijarasi uchun “Araks Trade Business” MCHJ bilan 8 mlrd 473,4 mln soʻmlik shartnoma imzolangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu shartnoma kompleks ekspertizadan oʻtkazilmagan va uni tuzishda manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan.

Maʼlumot uchun: “Araks Trade Business” MCHJning 2013-2021-yillardagi taʼsischisi K.F. boʻlib, u 2018-yil buyon Pedagoglarning kasbiy rivojlantirish  va yangi metodikalarga oʻrgatish boʻyicha milliy tadqiqot institutida oʻquv-metodik ishlar boʻyicha prorektor lavozimida ishlaydi.

Shartnomaga muvofiq, 149 ta uy-joy ijarasi va koʻrsatilgan xizmatlar uchun haqiqatda sarflangan mablagʻlardan kelib chiqib, Institut tomonidan harajat qilingan summa 4 mlrd 858  mln soʻmni tashkil etgan. Biroq 2021-yil sentyabr — 2022-yil iyun oylarida Rossiya Federatsiyasidan amalda kelmagan 31 nafar oʻqituvchiga 4 oydan 10 oygacha yashamagan ijara uy-joylari uchun 569.4 mln soʻm ortiqcha toʻlangan.

Shuningdek, uy-joy ijarasi va koʻrsatilgan xizmatlar uchun 4 mlrd 858 mln soʻm toʻlanishi lozim boʻlsada, Institut tomonidan 7 mlrd 052 mln soʻm mablagʻ oʻtkazib berilishi hisobiga  “Araks Trade Business” MCHJga 2 mlrd 194,2 mln soʻm mablagʻ ortiqcha toʻlab berilgan va bu mablagʻ keyinchalik oʻzlashtirilgan.

Qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan hujjatlar asosida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari boʻyicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Institut va “Araks Trade Business”MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borildi. 

Ayni paytda holat boʻyicha sud jarayonlari kechmoqda.