Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Abdugʻani Sanginov joriy yilning mart oyida Denov tumani aholisi bilan uchrashuvida hududdagi bir qator taʼmirtalab ichki yoʻllar mavjudligi, bu esa aholi, ayniqsa, taʼlim muassasalariga qatnovchi oʻquvchi yoshlar uchun noqulayliklar tugʻdirayotgani bildirilgandi.
Senator tashabbusi bilan oʻtgan qisqa fursat ichida tuman markazi hamda qishloq joylaridagi 50 kilometrdan ziyod yoʻllarda bunyodkorlik ishlari olib borilib, zamonaviy holatga keltirildi.
— Oʻydim-chuqurlar texnika harakatlanishiga ham, piyodalar, ayniqsa, oʻquvchilar uchun juda koʻp noqulayliklar tugʻdirardi, — deydi “Ostona” MFY faoli Jumanazar Abduraimov. — Senator Abdugʻani Sanginovning yordami bilan yoʻllarimiz qayta taʼmirlandi. Endilikda koʻchalarimiz keng va tekis boʻldi. Yoʻlovchilar qiynalmaydi. Hammasi uchun katta rahmat!
Kuni kecha tumandagi “Chagʻoniyon” mahallasining Alpomish koʻchasi ham ana shunday koʻrkam qiyofa kasb etdi. Yaroqsiz holatga kelib qolgan yoʻlning 600 metrdan ziyod qismi tekislandi hamda 120 kubdan ortiq maydalangan tosh (shagʻal) yotqizildi. Koʻcha sathi maxsus texnikalar yordamida jipslashtirildi. Natijada Alpomish koʻchasi piyoda hamda texnikalarning harakatlanishi uchun qulay manzilga aylandi.
Shuningdek, “Qovunlisoy” hamda “Chorgul” MFYda ham bir kilometrdan ziyod yoʻlga, 200 kubdan ortiq shagʻal yotqizilib, taʼmirlandi.
Mazkur jarayon avgust oyi oxiriga qadar oʻn bittada mahallada amalga oshiriladi.