Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tadqiqotchilari elektr energetikasi tizimini isloh qilish borasida Keniyada amalga oshirilgan ishlarni oʻrgandi.

2002-2008-yillarda Keniya iqtisodiyotida rivojlanish bilan bir qatorda, energiyaga boʻlgan talab oʻrtacha 7 foizga oshgan. Mamlakatning energetika tizimi esa bu talabni qondira olmasdi. Bu holat energetika tizimida islohotlar zarurligidan dalolat berardi.

Energetika tizimini transformatsiya qilish jarayoni:
Oʻtgan asrning 90-yillari oʻrtalarida elektr energiyasini ishlab chiqarish, yetkazib berish va sotish sohasida dastlabki xususiylashtirish jarayoni boshlandi. Bu jarayon quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshirildi:
- 2003-yilda qishloq aholisini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun “Qishloqlarni elektrlashtirish dasturi” joriy qilindi;
- 2004-yilda energetika siyosati isloh qilindi;
- 2005-yilda tariflar oʻzgartirildi;
- Energetika sohasidagi nizolarni hal etish uchun Hakamlik sudining tashkil etilishi energetika tizimida teng raqobatli bozorni yaratishda muhim rol oʻynadi.
- 2006-yilda Energetikaga oid qonun qabul qilindi.
- 2008-2009-yillarda mamlakatda qurgʻoqchilik boʻlganligi sababli elektr energiyasi uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) stavkasini 16 dan 12 foizga tushirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Energetika sohasida olib borilgan tarif siyosati Keniyada uy xoʻjaliklari uchun narxlar oʻsib boruvchi tariflar tizimi quyidagicha yoʻlga qoʻyildi:
1. Oyiga 50 kVt/soatgacha isteʼmol qiluvchilar uchun narx 2 Keniya shillingida (0,016 AQSH dollari) hisoblandi;
2. Oyiga 51 kVt/soatdan 1500 kVt/soatgacha isteʼmol qiluvchilar uchun narx 8,1 Keniya shillingida (0,066 AQSH dollari) hisoblandi;
3. Oyiga 1500 kVt dan ortiq energiya isteʼmol qiladigan uy xoʻjaliklari uchun 18,57 Keniya shillingi (0,15 AQSH dollari) miqdorida tarif stavkasi qoʻllanildi.

Yutuqlar:
- Islohotlar tariflarni 0,07 dollardan 2006-yilda 0,15 dollargacha, 2009-yilda 0,19 dollargacha oshirish imkonini berdi. Bu esa energiya ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlarini qoplash imkonini berdi.
- 2002-yilda elektr energetikasi tizimi uchun ajratilgan mablagʻlar YAIMga nisbatan 0,6 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2008-yilga kelib, bu koʻrsatkich deyarli nolga tushdi.
- 2000-yillarda elektr energetikasi sektorining qoʻshimcha xarajatlari uchun byudjetdan mablagʻ ajratish sezilarli darajada kamaydi.
- Investitsiyalarning jalb qilinishi xususiy sektorning ishtirokini oshirib, islohotlar muvaffaqiyatini taʼminladi.
- Elektr energiyasi taʼminoti tizimiga yangi ulanganlar 2003-2004-yillardagi 43 000 tadan 2008-2009-yillarda 200 000 tagacha oshdi.
- Energetika tizimida yetkazib berishdagi yoʻqotishlar ham asta-sekin 2000-yildagi 21 foizdan 2009-yilda 15,5 foizgacha qisqardi.
- 2003-yildagi “Qishloqlarni elektrlashtirish dasturi” natijasida tizimga ulanganlar soni 650 mingdan 2 milliongacha yetdi.

Xulosa oʻrnida taʼkid oʻrinliki, Keniya tajribasi tarif stavkalarining oshirilishi xarajatlarni qoplash, aholining kam taʼminlangan qatlamlariga elektr energiyasini arzonroq narxda yetkazib berish imkoniyatini yuzaga keltirishini koʻrsatadi. Islohotlarni amalga oshirish uchun 10 yildan ortiq vaqt kerak boʻldi. Tariflarni oshirish eng yaxshi chora boʻldi. Chunki bu sifatli xizmat koʻrsatish va elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berishning omili edi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti