“Bavariya” bundesliganing 15-turi doirasida “Alyants-Arena” stadionida “Shtutgart” ustidan 3:0 hisobida g'alaba qozondi. G'oliblar safida Keyn dublga erishdi, Kim Min Chje yana bir golga mualliflik qildi.
Shu tariqa Keyn Germaniya chempionatidagi 19 va 20-gollarini urdi. U bu natijani atigi 14 ta o'yinda qayd etdi. Bundesliga tarixida hech bir futbolchi bunday kam o'yinda 20 ta gol urgan emas.
Shu tariqa, angliyalik futbolchi 21 o'yinda bu ko'rsatkichga erishgan Uve Zeelerni (“Gamburg”) ortda qoldirdi. Tarixdagi uchinchi natija Dortmundning “Borussiya” klubi sobiq hujumchisi Erling Xolandga tegishli – 22 uchrashuvda 20 ta gol.
Bundan tashqari, Keyn 2023-yilda klub va terma jamoa uchun gollar soni bo'yicha birinchi o'rinni egalladi – uning hisobida 51 ta gol bor. U Erling Xoland (“Manchester Siti”) va Krishtianu Ronaldu (“Al-Nasr”) dan o'zib ketdi – har ikkisi ham 50 tadan gol urgan. “PSJ” hujumchisi Kilian Mbappe hisobida 49 ta gol bor, deb xabar beradi vesti.kz.