KIA Jizzaxda avtomobillar ishlab chiqarish loyihasining ikkinchi bosqichini boshlamoqchi

    Sanoat 6 Iyul 2022 2798

    Joriy yil 5-iyulda Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov “KIA Russia&CIS” (“KIA Rossiya va MDH”) Prezidenti Sang Gvon Djongni qabul qildi.

    Maʼlumot uchun: “KIA Motors” – qarorgohi Seul shahrida joylashgan eng yirik koreys avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri. Kompaniya 1944-yil dekabrda tashkil topgan. “Hyundai Motor Group” kompaniyalar guruhiga kiradi.

    Uchrashuv davomida Oʻzbekiston uchun avtomobilsozlik sanoatining jadal va barqaror oʻsishi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi taʼkidlandi. Bunda Oʻzbekiston bozorida mahsulotlari katta qiziqish bilan kutib olingan “KIA Motors” bilan muvaffaqiyatli hamkorlik alohida oʻrin tutadi. Shu nuqtayi nazardan, kompaniya rahbariyati yangi loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarish liniyasini kengaytirish orqali Oʻzbekiston bozorida oʻz mavqeini mustahkamlashni davom ettirish niyatida ekanligini maʼlum qildi.

    Jizzaxdagi zavodda yirik tugunli usulda avtomobil yigʻish boʻyicha KIA bilan qoʻshma loyihaning amalga oshirilishi 2021-yilda boshlangan. Birinchi bosqichning qiymati 12,6 million dollarni tashkil etdi. Korxonada 250 mutaxassis ish bilan taʼminlangan hamda “KIA”, “Renault” va “Lada” avtomobillari yigʻilyapti. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 25 ming mashinani tashkil etadi. Zavod ishga tushirilgandan buyon 6 mingdan ziyod avtomobil ishlab chiqarildi. “KIA”ga kelsak, ushbu brendning 8 ta modeli allaqachon Oʻzbekiston bozorida taqdim etilgan. Biroq, uchrashuvda taʼkidlanganidek, modellar doirasini kengaytirish uchun ham, ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun ham katta imkoniyatlar mavjud.

    Muzokaralar chogʻida loyiha ikkinchi bosqichining ishga tushirilishi yillik ishlab chiqarish quvvatini 100 mingta avtomobilgacha oshirishi va 3 mingta yangi ish oʻrni yaratishi taʼkidlandi. Ishlab chiqaruvchining rejalariga koʻra, mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetkaziladi, bu avtomobillarning narxiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda butlovchi qismlar ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.

    Loyihaning barcha jihatlarini muhokama qilgandan soʻng, tomonlar uni amalda tatbiq etish boʻyicha navbatdagi tadbirlar toʻgʻrisida kelishib oldilar hamda yuzaga kelayotgan barcha masalalarni muhokama qilish va hal etish uchun muntazam va konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.