Tadbir IT Park tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston kibersport assotsiatsiyasi koʻmagida va INHA universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
30-mayda SCO Students cup xalqaro turnirining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Marosimda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi va nutq soʻzladi.
AKT vaziri soʻnggi yillarda yurtimizda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotgani, shular qatorida Kibersport rivoji uchun ham yetarlicha sharoitlar yaratib berilayotganini taʼkidlab, ushbu xalqaro turnirda ishtirok etayotgan jamoalarga muvaffaqiyatlar tiladi.
CS: GO va DOTA 2 boʻyicha turnirlarda jami 50 ta jamoa ishtirok etadi. Ishtirokchilar geografiyasini Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Rossiya kabi mamlakatlar tashkil etadi. Umuman olganda, turnir 1 000 dan ortiq kibersportchilarni qamrab olgan.
Turnirning umumiy sovrin jamgʻarmasi 200 million soʻmni tashkil etadi. Ulardan har bir intizom boʻyicha gʻoliblarga 50 million soʻmdan, 2-oʻrinni egallagan jamoalarga 30 million soʻmdan, yakuniy jadvalning 3- va 4-qatorlarida joylashgan jamoalarga 10 million soʻmdan beriladi.
CS: GO va DOTA 2 gʻolib-jamoalarini taqdirlash marosimi 2-iyunda boʻlib oʻtadi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.