Qaror bilan Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan hamda texnik koʻrikdan oʻtkazish qoidalari tasdiqlandi.

Kichik hajmli kema – asosiy dvigatellari quvvati 55 kVt (75 ot kuchi) va yoʻlovchi sigʻimi 12 kishidan ortiq boʻlmagan oʻziyurar kemalar, osma motorli kemalar, suv mototsikllari (gidrotsikllar), yuk koʻtarish qobiliyati 80 registr tonnadan ortiq boʻlmagan oʻziyurmas kemalar (eshkakli qayiqlar va suv velosipedlari), yelkanli kemalar havo bosimi bilan toʻldiriladigan yoki shishiriladigan motorsiz eshkakli qayiqlar.

Jismoniy yoki yuridik shaxs kichik hajmli kema xarid qilganda texnik holatidan qatʼi nazar, roʻyxatdan oʻtkazish uchun tegishli hududiy boshqarmaga 30 ish kunida murojaat etadi.

Kemani roʻyxatdan oʻtkazishni Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Kichik xajmli kemalar” axborot tizimi orqali ham amalga oshirish mumkin.

Arizalar 1 ish kunida koʻrib chiqiladi.

Shunga koʻra, kichik hajmli kema dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkaziladi va kema bileti rasmiylashtiriladi.

Kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun quyidagicha toʻlovlar undiriladi:

motorli kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) – BHMning 20 foizi (49 ming soʻm);

motorsiz kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) – BHMning 10 foizi (24 500 soʻm);

kema bileti dublikatini berish – BHMning 10 foizi (24 500 soʻm).

Roʻyxatdan oʻtkazilmagan kemalardan foydalanish taqiqlanadi.