Prezidentimiz raisligida yaqinda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida bu boradagi ishlar sarhisob qilinib, 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilab berildi. Aholini rozi qilish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning ushbu yoʻnalishida barcha zarur moliyaviy va tashkiliy masalalar hal etilgan. Ayniqsa, joriy yilda mamlakatimizda ilk bor 1435 ta mahalla “kambagʻallikdan xoli” hududga aylangani haqidagi maʼlumot barchani quvontirdi. Bu, avvalo, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligidan dalolat beradi. Mazkur mahallalarda aholi bandligini taʼminlash, kichik tadbirkorlikni rivojlantirish va daromad manbalarini koʻpaytirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar oʻz natijasini bergan.
Iqtisodiy koʻrsatkichlar ham ijobiy tendensiyani koʻrsatmoqda. Joriy yil boshidan buyon ishsizlik darajasi 4,9 foizga tushdi. Oʻtgan yilda bu koʻrsatkich 5,5 foizni tashkil etgan edi. Bu esa, yangi ish oʻrinlari yaratilayotgani, aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar samarali roʻyobga chiqarilayotganini bildiradi.
Videoselektor yigʻilishida 2026-yil uchun kambagʻallikni yanada qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi. Buning natijasida mahallalarda aholining real daromadlari sezilarli darajada oshiriladi. Ishsizlik darajasi yanada pasaytiriladi. Kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Aholining ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi.
Yana bir muhim masala. 2026-yildagi eng katta yangiliklardan biri — mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun viloyatlarga 20 trillion soʻm mablagʻning bevosita ajratilishi boʻladi. Bu, avvalo, mahalliy boshqaruv organlarining tashabbuskorligini ragʻbatlantirish, har bir hududning oʻziga xos ehtiyojlarini inobatga olgan holda infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan.
Ahamiyatli jihati shundaki, bu mablagʻlar barcha tumanlarga teng taqsimlanmaydi. Maqsad — samarali va natijaga yoʻnaltirilgan loyihalarni moliyalashtirishdir. Bundan tashqari, turizm salohiyati yuqori boʻlgan 150 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3-5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratiladi. Bu esa, ushbu hududlarda turizmni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va mahalliy aholining daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Yangi yildan boshlab Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan 40 ming fuqaroni ish bilan taʼminlashga qaratilgan “Teng imkon — inklyuziv bandlik” loyihasi ishga tushiriladi. Bu loyiha doirasida Bandlik jamgʻarmasi tomonidan ularga 30 million soʻmgacha foizsiz ssudalar ajratiladi. Bu esa nogironligi boʻlgan insonlarning jamiyatda faol ishtirok etishi va oʻzlarini daromadi bor shaxslar sifatida koʻrishi uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Taʼkidlash joiz, “soya”dagi ish oʻrinlarini legallashtirish — asosiy maqsadlardan biri. Mazkur masala yuzasidan mahallalarda hokim yordamchilari va soliq inspektorlari tushuntirish ishlarini olib boradi. Manzilli ishlarni tashkil etish orqali kelasi yilda kamida 250 mingta xodimni rasmiy ish oʻrinlariga jalb etish rejalashtirilgan.
Bu esa mamlakatning soliq bazasini kengaytirishga va iqtisodiy oʻsishga salmoqli hissa qoʻshadi. Ijtimoiy sugʻurta tizimidagi yangilik – xususiy sektor xodimlari uchun katta turtki. Yaqinda imzolangan farmonga muvofiq, xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan ishchilarga ham kasallik va dekret pullari davlat tomonidan toʻlab beriladi. Bu esa soyadan chiqib, rasmiy ish joylarida ishlashni ragʻbatlantiradigan muhim mexanizm boʻlib xizmat qiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi va viloyat hokimlariga ham bu borada topshirilgan vazifalarga ham toʻxtalish joiz. Kelgusi yilda 100 ming, 2027-yilda esa yana 200 ming ish oʻrnini soyadan chiqarish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi va viloyat hokimlariga jiddiy vazifalar yuklatildi. Bu maqsadlarga erishishda yangi tizimni samarali ishga solish muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, belgilangan vazifalarning ijrosini nazorat qilish uchun maxsus onlayn platforma ishga tushiriladi. Bu platforma mahallalardagi fuqarolarning pulning qayerdan kelishi, qanday oʻzgarishlar boʻlishi, nechta ish oʻrni yaratilib, qancha oilaning daromadi oshishi kabi savollariga javob beradi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, mahalla aholisining bunday maʼlumotlardan xabardor boʻlishi, oʻzgarishlarni sezishi va ishonch hosil qilishi lozim.
Umuman olganda, amalga oshiriladigan keng koʻlamli chora-tadbirlar Oʻzbekistonda bandlikni oshirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va iqtisodiyotning soyadan chiqishiga olib keladi. Bu esa fuqarolarning turmush farovonligini oshirish va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga turtki boʻladi.
Anvarjon NURMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi.