64 ta kichik sanoat zonasi ishga tushadi
Oʻtgan besh yilda mamlakatimizda 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Ularda 10 trillion soʻmlik mingdan ortiq loyiha ishga tushirilgan, 100 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilib, yiliga qoʻshimcha 45 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarila boshlangan. Sanoat zonalaridagi korxonalar yiliga 750 million dollarlik eksport va 1 trillion soʻmdan ziyod soliq tushumlarini taʼminlamoqda.
Haqiqatan, keyingi davrda har bir tumanga sanoat kirib bordi, olis va chekka hududlarda yangi ishlab chiqarishlar paydo boʻlmoqda. Samarqand viloyatining shu paytgacha umuman sanoat ishlab chiqarishi boʻlmagan tumanlarida ham yangi sanoat loyihalari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz raisligida sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari bilan bogʻliq masalalarga bagʻishlangan yigʻilishda ana shunday yutuqlar bilan bir qatorda yechimini kutayotgan masalalar ham tahlil etildi. Hozirgacha sanoat zonalarida loyihalarni boshlash uchun tadbirkorlar 5 ta bosqichli jarayondan oʻtib, 10 turdan ortiq hujjatlarni taqdim etishi lozim. Oqibatda hozirda Buxoroda 10 ta, Toshkent viloyatida 5 ta, Samarqand va Fargʻonada 1 tadan loyiha boshlanmaganligi tanqid qilindi.
Viloyatimizga doir qayd etilgan loyiha Narpay tumani
Tepa mahallasida tashkil qilingan kichik sanoat zonasidagi “Osiyo maroqand” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli boʻlib, uning amalga oshirilishi parrandachilik xoʻjaliklari uchun omuxta yem ishlab chiqarishni koʻpaytirishga xizmat qiladi. Lekin zamonaviy uskunalar jamlanmasini xorijdan olib kelish muddati biroz kechikib ketdi. Koʻrilgan choralar tufayli yangi texnologiyalar toʻliq olib kelinib, hozirda montaj qilinmoqda. Joriy yilning iyul oyida korxona toʻliq quvvatda ishga tushadi va bu yerda oyiga 125 tonna omuxta yem ishlab chiqarilishi barobarida 25 ta yangi ish oʻrni ham yaratiladi.
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil aprel oyida Samarqandga tashrifi chogʻida viloyat faollari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda bergan topshiriqqa koʻra, joriy yilda qoʻshimcha 64 ta yangi kichik sanoat zonasi tashkil etilishi belgilangan edi.
Hozirgacha 26 ta kichik sanoat zonasida 5228 ish oʻrniga moʻljallangan qiymati 100,8 million dollarlik 208 ta loyiha joylashtirildi. Ularga 330,7 gektar, shundan, 42,6 gektar yer maydonida kommunikatsiya tarmoqlari, 26,4 gektarda muhofaza zonasi, 81,1 gektarda investitsiya loyihalari tatbiq etilyapti hamda loyiha joylashtirish mumkin boʻlgan 200,5 gektari boʻsh yer maydoni tashkil etadi. Xususan, Jomboy tumanining Dehqonobod MFYda 5,5 gektar, Toyloq tumani Bogʻizogʻon MFYda 7,30 gektar, Urgut tumani Sariqtepa MFYda 21,50 gektar hamda Payariq tumani “Xalqobod” MTPda 15,50 gektar boʻsh yer maydonlari yangi sanoat zonalarining faoliyati yoʻlga qoʻyilyapti. Ularda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun qulay imkoniyatlar yaratilgan, uzluksiz elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va oqova tarmoqlari, yoʻl infratuzilmalari bilan taʼminlangan.
Bunday ishlab chiqarish maydonlarida oʻtgan bir yil davomida 51,8 million dollarlik 96 ta loyiha ishga tushirildi, 2040 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Yaqingacha xorijdan import qilinayotgan mahsulotlar bugun kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilib, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlariga eksport ham qilinmoqda. Misol uchun, 2021-yilda 100 ga yaqin turdagi yengil sanoat, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo, oziq-ovqat, charm-poyabzal, farmetsevtika, qurilish materiallari sanoatiga doir 84,7 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi hamda 8,2 million dollar eksport qilindi. Yana 49 million dollarlik 112 ta loyiha amalga oshirilishi hamda 3 188 nafar yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilda 64 ta yangi KSZda qiymati 111,3 million AQSH dollarlik boʻlgan 742 ta loyihani joylashtirish natijasida 978,1 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish va qariyb 9 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Viloyatda 5 ta ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Jumladan, Samarqand va Urgut tumanlarida charm-poyabzal, Paxtachi va Nurobodda qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda Past Dargʻom tumanida mebelsozlik sohasida kichik sanoat zonalari faoliyat yuritmoqda.
Maʼlumki, Prezidentimiz raisligidagi yigʻilishda Samarqand viloyatida 300 gektar maydonda yangi maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi belgilandi. Hozir ana shu maydonlarda tadbirkorlik subyektlari tomonidan taklif etilayotgan loyihalarni tatbiq etish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan. Bunda investitsiya majburiyatlari toʻliq bajarilganidan keyin kichik sanoat zonalaridagi obyektlarni xususiylashtirishga ruxsat berilganligi qoʻl kelyapti.
Bularning hisobiga sanoat zonalariga loyihalarni joylashtirish jarayonidagi bosqichlar amaldagi 5 tadan 2 taga kamayadi, sarf qilinadigan vaqt 3 oydan 1 oygacha qisqaradi.
Shuningdek, endilikda sanoat zonalaridagi yerlar auksionga direksiyalar tomonidan chiqarilishi belgilanyapti. Bu ham ishlarni jadallatirishga, yangi shaffof tizim yaratilishiga imkon yaratadi. Binobarin, erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiriladigan loyihalarni ekspertiza qilish, sanoat zonalari boʻyicha maʼmuriy kengashlar vakolatlari Tashqi savdo va nvestitsiyalar vazirligiga oʻtkaziladi. Ana shunday hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga imtiyozlarni qoʻllash uchun Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazining xulosasini olish tartibi bekor qilinishi ham belgilandi.
Anvar YUSUPOV,
Samarqand viloyati kichik sanoat zonalari direksiyasi direktori