Koʻrgazma har yili Qozogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Olmaota shahar hokimligi, Olmaota shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi, Milliy tibbiyot birlashmasi va Yevroosiyo tibbiyot birlashmasi rasmiy koʻmagida tashkil etiladi.

Koʻrgazmada ishtirok etayotgan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi stendida “Optima gloves”,“Quality pharm”, “Rossa”, “XPmed medical”, “Dentafill Plyus”, Jurabek Laboratories” QK, “Nika Pharm”, “BP Pharma”, “Chori plast”, “Zamona Rano”, “Serene healthcare” QK korxonalari tomonidan zamon talablariga mos tarzda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlari oʻrin egallagan.

— Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 12-aprel sanasida  farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda yurtimizda ishlab chiqariladigan, import oʻrnini bosuvchi mahalliy dori vositalarini koʻpaytirish, qolaversa, yil yakunigacha bunday mahsulotlar eksportini 150 million dollarga yetkazish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan edi, — deydi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Egamov. — Ayni kunlarda Qozogʻistonda boʻlib oʻtayotgan “KIHE-2022” xalqaro tibbiyot koʻrgazmasi davlatimiz rahbari tomonidan eksport maslasida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizning “Made in Uzbekistan” brendi ostida oʻz mahsulotlarini yangi bozorlarga olib kirish va yangi hamkorlik aloqalarini oʻrnatish uchun keng imkoniyat maydoni boʻlib xizmat qiladi.

Taʼkidlash joiz, koʻrgazmada ishtirok etayotgan 10 mamlakat orasida Oʻzbekiston delegatsiyasi munosib eʼtirof etilib, tashkilotchilar tomonidan “Eng yaxshi debyut” nominatsiyasi boʻyicha maxsus diplom bilan taqdirlandi.