Kimki “Saylov o‘tdi – safarbarlik tugadi”, deb  o‘ylasa,  xato  qiladi. Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi. Chunki xalqimiz bizga ishonib topshirgan katta-katta reja va dasturlarni o‘zimiz bajarmasak, ayting, chetdan kim kelib bajarib beradi?

Kelgusi yetti yilga mo‘ljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishish uchun bizda barcha kuch va imkoniyatlar bor.

Qudratli xalqimizga tayanib, aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni ishga solib, islohotlarimiz sur’ati va samarasini yanada oshiramiz, hech qachon susaytirmaymiz. Qanchalik qiyin va mashaqqatli bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan ortga qaytmaymiz.

“Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart", – dedi davlat rahbari.

"Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilganidek, jonajon O‘zbekistonimizni, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir fuqaromiz tinch va erkin, baxtli va farovon yashaydigan ijtimoiy davlatga aylantiramiz.

Jumladan, ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish, yangi uy-joylar qurish, aholini ichimlik suvi, energiya bilan ishonchli ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmalar ishini yaxshilash bo‘yicha belgilab olgan vazifalarni albatta bajaramiz.

Biz uchun Vatan ramzi bo‘lgan mahalla tizimini barcha islohotlarimizda markaziy va hal qiluvchi bo‘g‘inga aylantiramiz.

Tadbirkorlik uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratib, yangi-yangi ish o‘rinlari ochish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularning bandligini oshirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Aholining ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqamiz" - dedi Prezident so‘zining davomida