Kimlar umumiy belgilangan yoshdan 10-yil va 5-yil oldin yoshga doir pensiyaga chiqishi mumkin?

    Pensiya jamgʻarmasi kimlar umumiy belgilangan yoshdan 10-yil va 5-yil oldin yoshga doir pensiyaga chiqishlari mumkinligi maʼlum qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 6-apreldagi “Chernobil halokatidan ziyon koʻrgan Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarni ijtimoiy himoyalash haqida”gi 170-son Qaroriga asosan:

    Chernobil AES halokatini bartaraf etish qatnashchilari umumiy belgilangan yoshdan 10-yil va 5-yil oldin yoshga doir pensiyaga chiqishlari mumkin.

    1. Umumiy belgilangan yoshdan 10-yil oldin yoshga doir pensiya olish huquqi:

    - erkaklar — 50 yoshga toʻlib, zararlangan hudud (1986-1987-yillar)da qancha vaqt ishlaganidan qatʼi nazar, kamida 20-yillik ish stajiga ega boʻlsa;

    - ayollar — 45 yoshga toʻlib, zararlangan hudud (1986-1987-yillar)da qancha vaqt ishlaganidan qatʼi nazar, kamida 15-yillik ish stajiga ega boʻlsa belgilanadi.

    Shuningdek, yoshga doir pensiyaga qoʻshimcha ravishda yoshga doir eng kam pensiya miqdorining 30 foizi miqdorida ustama belgilanadi.

    2. Umumiy belgilangan yoshdan 5-yil oldin yoshga doir pensiya olish huquqi:

    - erkaklar — 55 yoshga toʻlib, zararlangan hudud (1988-yil)da qancha vaqt ishlaganidan qatʼi nazar, kamida 25-yillik ish stajiga ega boʻlsa;

    - ayollar — 50 yoshga toʻlib, zararlangan hudud (1988-yil)da qancha vaqt ishlaganidan qatʼi nazar, kamida 20-yillik ish stajiga ega boʻlsa belgilanadi.

    Shuningdek, bunda yoshga doir pensiyaga qoʻshimcha ravishda yoshga doir eng kam pensiya miqdorining 25 foizi miqdorida ustama belgilanadi.