2025-yilning 1-iyuniga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “Ekofaol fuqaro” loyihasi ishga tushirilishi taklif etildi. Ushbu loyiha “Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida yoʻlga qoʻyilib, “Sogʻlom turmush tarzi” platformasini oʻz ichiga oladi. Bu haqda “Oʻzbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida qayd etilgan.
Kimlarga “ekofaol fuqaro” maqomi beriladi?
Ushbu maqom aholimizda ekologik turmush tarzini shakllantirish va ekologik madaniyatini yuksaltirish, insonning tabiat bilan uygʻunda yashashi va har kunlik hayotiy faoliyatining atrof-muhitga taʼsirini minimal darajaga tushirish uchun ragʻbatlantiruvchi tizimni joriy qilishni nazarda tutmoqda.
Taklifga koʻra, daraxt ekadigan, jamoat transportida harakatlanadigan, bir sutka davomida 10 ming va undan koʻp qadam yurgan, ortiqcha vaznni kamaytirgan, chiqindi tashlashni kamaytirgan, plastikdan foydalanishni kamaytirgan va shaxsiy avtomobilini elektromobilga oʻzgartirgan kishilar “Ekofaol fuqaro” hisoblanadi. Shu bilan birga, ular uyiga quyosh paneli oʻrnatishi, uy fasadini energotejovchi materiallar bilan qoplashi, elektr yoritishni harkatlanish datchigiga oʻtkazishi hamda elektr, gaz va suv taʼminotini tejashga erishgan boʻlishi kerak. Bundan tashqari, “ekofaol fuqaro” boʻlish uchun ekologiya sohasidagi jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etish ham talab etiladi.
“Ekofaol fuqarolar” qanday imtiyozlarga ega boʻladi?
“Ekofaol fuqaro” maqomini olgan kishilar davlat xizmatlaridan foydalanishda chegirmalarga ega boʻladi. Shuningdek, ularning isteʼmol kreditlari foiz stavkasiga ham chegirmalar qoʻllaniladi. “Ekofaol fuqarolar”ga velosiped, skuter kabi ekologik transport vositalari ham sovgʻa qilinishi taklif etilmoqda.
Agar oilaning barcha aʼzolari “ekofaol fuqaro” maqomini olsa, bu oilaga “Yashil oila” maqomi beriladi hamda har yili lotereya orqali aniqlangan oilalarga elektromobil sovgʻa qilinadi.
Bundan tashqari, 50 foizdan ortiq oilalari “Yashil oila” boʻlgan mahallalar “Yashil mahalla” maqomini oladi. Yashil mahallalarga chiqindi yigʻish maydonchalarini qurish, ijtmoiy obyektlarda chiqindi konteynerlarini oʻrnatish, daraxtlarni ekish va sugʻorish, “yashil jamoat parki”ni yaratish uchun zarur sharoit yaratiladi. Bundan tashqari, “Yashil mahalla”lar soni 50 foizdan koʻp boʻlgan shaharlarga “Yashil shahar”, “Yashil qishloq” va “Yashil ovul” maqomi beriladi.
Qanday natijaga erishiladi?
Taʼkidlash joizki, bir avtomobil yiliga oʻrtacha 4,6 tonna karbonat angidridi gazini atmosferaga chiqaradi. Kuniga piyoda yurish natijasida esa har bir odam 1,5 tonnagacha tashlama tashlashining oldini oladi. Qolaversa, bir oilada 100 m kub tabiiy gaz resurslari tejalsa, bu atmosferaga 2 tonna karbonat angidridi gazi chiqarilmaydi degani. “Yashil shahar”larda yashil va barqaror infratuzilmani tashkil etish orqali esa xavfsiz va masʼuliyatli turizm muhiti yaratiladi.